Lavrov Putinning 9 may sulhi bo‘yicha taklifini «bevosita muzokaralar boshlanishi» deb atadi
Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Vladimir Putinning 8-10 may kunlarida o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifi «to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarning boshlanishi» ekanini aytdi. Kiyevdagilar agar Moskva haqiqatan ham tinchlikni istasa, darhol o‘t ochishni to‘xtatishi kerak deb hisoblamoqda. Oq uydagilar uch kunlik sulh g‘oyasini «absurd» deb atashdi.

Foto: Getty Images
«Prezident Putin e’lon qilgan taklifimiz oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni boshlashdir», – dedi Sergey Lavrov BRIKS mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha chiqishida.
Ikki kun oldin Rossiya prezidenti Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba bayramini nishonlash vaqtida Ukrainadagi harbiy harakatlarni uch kun muddatga to‘xtatib turish taklifini bildirgandi. Shundan keyin Ukraina TIV rahbari Andrey Sibiga agar Moskva chindan ham tinchlikni istasa, o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishi zarurligini aytgandi. «8 maygacha kutish nega kerak? Agar o‘t ochishni hozir va istalgan sanadan boshlab 30 kun muddatga to‘xtatish mumkin bo‘lsa – bu shunchaki parad uchun emas, real sulh bo‘ladi», – deya yozgan u X ijtimoiy tarmog‘ida.
Lavrov uning bu so‘zlariga munosabat bildirdi. U Rossiya uzoqroq muddatli sulh e’lon qilish g‘oyasiga shubha bilan qarashi, chunki sulhga rioya etilishini «shaffof monitoring» qilish imkoniyatini ko‘rmayotganini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Kiyev uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatishni to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar uchun «dastlabki shart sifatida» ko‘rib chiqayotganiga e’tibor qaratdi, ammo bunday vaqtinchalik sulh, Moskvadagilar fikricha, «Kiyev rejimini yanada qo‘llab-quvvatlash, uning harbiy qobiliyatini mustahkamlash uchun ishlatiladi».
«Parad uchun sulh — tinchlik haqida emas»
Rossiya TIV rahbarining chiqishidan biroz oldin AQSh prezidentining maxsus vakili Kit Kellog Fox News telekanali efirida Putin taklif qilgan uch kunlik sulhni «absurd» deb atadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati kamida 30 kun davomida dengiz, quruqlik va havoda o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish tarafdori, «keyin uni yana uzaytirish mumkin».
«Agar ukrainlar barcha masalalarda hamkorlikka tayyorligini hisobga olsak, hammasi rossiyaliklarga, Putinga bog‘liq. Ya’ni bizda bir tomon rozi bo‘ldi, endi ikkinchi tomon bilan gaplashish kerak», – dedi Kellog.
Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Kellogga minnatdorchilik bildirib, uning Vladimir Putinning «parad uchun uch kunlik sulhi» «tinchlik haqida emasligi» haqidagi so‘zlarini takrorladi, Lavrovning so‘zlariga esa munosabat bildirmadi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham davomli sulh talab qilmoqda. «Zudlik bilan, to‘liq va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatish — kamida 30 kunga», — degan Zelenskiy.
So‘nggi bir necha hafta davomida Tramp va uning ma’muriyati xodimlari yaqin orada sezilarli yutuqlarga erishilmasa, muzokaralar jarayonidan chiqib ketish bilan bir necha bor tahdid qilishgan.
O‘tgan yakshanba kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubio aynan shu hafta «juda muhim» bo‘lishi va uning davomida Tramp ma’muriyati «bu tashabbusda ishtirok etishni davom ettirishni xohlaydimi yoki boshqa ba’zi masalalarga e’tibor qaratish vaqti keldimi» degan qarorga kelishi haqida gapirdi.
Rossiyaning shartlari bilan nima gap?
Bloomberg agentligi Moskvadagi vaziyatdan xabardor uch manbasiga tayanib xabar berishicha, Vladimir Putin Rossiya Ukrainaning hozircha faqat qisman bosib olgan to‘rt hududi (Luhansk, Donetsk, Zaporijjya va Xerson oblastlari) ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritishi kerakligini ta’kidlashda davom etmoqda.
O‘tgan juma kuni Putin bilan uchrashgan AQSh prezidenti maxsus vakili Stiv Uitkoff Rossiya prezidentini hozirgi front chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishga ko‘ndirmoqchi bo‘ldi, biroq u o‘zining maksimalistik pozitsiyasida qoldi, deya ta’kidlaydi agentlikning ikki manbasi. Ulardan birining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan hamda faqat Putin va Trampning to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘ng‘iroqlashishi orqali siljishga erishish mumkin.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Bloomberg so‘roviga javob bermagan. AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jyeyms Hyuitt ham izoh berishdan bosh tortgan.
Shu bilan birga, o‘tgan hafta Financial Times gazetasi xabardor manbalarga tayanib, Putin Sankt-Peterburgda Uitkoff bilan avvalgi uchrashuvida Moskva Rossiya qo‘shinlari tomonidan qisman bosib olingan to‘rtta oblastning Kiyev nazorati ostida qolayotgan hududlariga da’volaridan voz kechishi mumkinligini aytgani haqida yozgandi. Biroq, Yevropa rasmiylari Putin bu yon berishdan Donald Trampni Rossiyaning boshqa talablarini qabul qilishga ishontirish uchun xo‘rak sifatida foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi, deyiladi nashrda.
Mavzuga oid

14:17 / 29.05.2025
Rossiya Kiyev bilan muzokaralar yangi raundining joyi va vaqtini taklif qildi

00:17 / 29.05.2025
Tramp Zelenskiy va Putin bilan uchrashishga tayyorligini ma’lum qildi

21:14 / 28.05.2025
“Men bo‘lmaganimda Rossiyaning ahvoli yomon bo‘lardi” - Tramp o‘zgardimi?

09:03 / 28.05.2025