Jahon | 18:29 / 30.04.2025
3375
2 daqiqa o‘qiladi

Italiyada milliarder Maykl Linchning cho‘kib ketgan superyaxtasi suv tubidan olib chiqiladi

Qiymati 35 million yevro bo‘lgan 56 metrli Bayesian yaxtasini olib chiqish ishlari 30 mln dollarga baholanmoqda.

Foto: TMC Marine/PA

Italiyalik qutqaruvchilar 30 aprel kuni cho‘kib ketgan Bayesian superyaxtasini chiqarib olish bo‘yicha operatsiya o‘tkazadi, deb xabar berdi The Guardian. Qutqaruv ishlari 30 million dollarga baholanmoqda.

Britaniyalik milliarder Maykl Linchga tegishli bo‘lgan yaxta 2024 yil 19 avgust kuni halokatga uchragan edi. O‘sha vaqtda uning bortida 22 kishi bo‘lgan. Halok bo‘lganlar orasida Maykl Linch, uning 18 yoshli qizi Xanna va Morgan Stanley International raisi Jonatan Blumer ham bor. Yaxta qirg‘oqdan taxminan 800 metr uzoqlikda bo‘lgan.

O‘tgan yilning avgust oyida Sitsiliya prokuraturasi kemaning halokatga uchragani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Tergovchilar yaxtani 50 metrli suv tubidan chiqarib olish ish bo‘yicha ko‘plab savollarga javob topishga yordam berishiga umid qilmoqda: halokat inson omili sabab yuz berganmi yoki bunga boshqa omillar sabab bo‘lganmi.

Yaxta qirg‘oqqa olib chiqilganidan keyin sud-tibbiyot ekspertizasi lyuklardan biri ochiq bo‘lgan yoki bo‘lmaganini aniqlaydi.

Qiymati 35 million yevro turadigan 56 metrli Bayesian yaxtasi 19 avgust kechasi Portichello shahri sohillari yaqinida tornado oqibatida cho‘kib ketgandi. Kema ichida Buyuk Britaniyada texnologiya sohasidagi eng muvaffaqiyatli tadbirkorlardan biri Maykl Linch ham bo‘lgan.

Linchni «britaniyalik Bill Geyts» deb atashardi. U Buyuk Britaniyadagi eng yirik dasturiy ta’minotlardan biri Autonomy’ni yaratib, 2011 yilda 11 milliard dollarga HP kompaniyasiga sotishga uringan. Ammo Amerika texnologik giganti uni firibgarlikda ayblaganidan keyin bitim barbod bo‘lgan. Iyun oyida u San-Fransisko sudi tomonidan barcha ayblovlardan oqlangan edi.

Mavzuga oid