Jahon | 10:13 / 29.04.2025
1855
2 daqiqa o‘qiladi

Kanadadagi parlament saylovlarida liberallar g‘alaba qozondi

Kanada Liberal partiyasi saylovda g‘alaba qozongan taqdirda ham parlamentda ko‘pchilikni tashkil qilish uchun yetarli o‘ringa ega bo‘lmasligi mumkin.

Foto: Getty images

Kanadaning hukmron Liberal partiyasi mamlakat parlament saylovlarida o‘z pozitsiyasini saqlab qoldi, biroq parlamentda ko‘pchilikni tashkil qila olishi haqida gapirishga hali erta. 28 aprel, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan saylovning dastlabki natijalari Kanadada ovoz berishga bag‘ishlangan rasmiy saytda ma’lum qilingan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bosh vazir Mark Karni boshchiligidagi liberallar 164 ta saylov okrugida yetakchilik qilmoqda yoki g‘alaba qozongan, ularning har biri ovoz berish natijalariga ko‘ra mamlakat parlamenti quyi palatasi – Jamoatlar palatasidan joy oladi. Kanadalik saylovchilar orasida eng ommabop ikkinchi partiya 2015 yildan beri muxolifatda bo‘lgan o‘ng-markaziy Konservativ partiya bo‘ldi. Ushbu xabar e’lon qilingan vaqtda konservatorlar 146 o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.

Jadvalda uchinchi o‘rinda Kvebek mustaqilligini himoya qiluvchi "Kvebek bloki" joylashgan - partiya parlamentdagi 23 o‘rinni qo‘lga kirita oldi.

Jamoatlar palatasida 343 ta o‘rin bor, ya’ni unda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritish uchun kamida 172 mandat olish kerak. Shu bilan birga, The Canadian Press axborot agentligi avvalroq "Kvebek bloki" liberallardan ko‘ra konservatorlar bilan koalitsiyani afzal ko‘rishini taxmin qilgan edi.

Kanadadagi saylovlardagi intriga, saylov uchastkalari oxirgi bo‘lib yopilgan mamlakatning eng g‘arbiy provinsiyasi - Britaniya Kolumbiyasida natijalar e’lon qilinmaguncha davom etishi mumkin.

Mavzuga oid