Jahon | 17:09 / 28.04.2025
7391
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda Rossiya armiyasiga yollash bilan shug‘ullangan «Russkiy dom» xodimi hibsxonadan qo‘yib yuborildi

Bu Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari va Rossiyaning respublikadagi elchisi o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng yuz berdi.

Foto: RIA Novosti

Qirg‘izistonning O‘sh shahrida joylashgan «Russkiy dom» xodimi Natalya Sekerina tergov hisbxonasidan qo‘yib yuborildi. U Rossiya armiyasiga noqonuniy yollash bilan shug‘ullanganlikda ayblanib, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan ushlangan edi.

TASS agentligining 28 aprel kuni xabar berishicha, noqonuniy yollash ishi bo‘yicha barcha ayblanuvchilarga nisbatan ehtiyot chorasi dastlabki qamoqqa olishdan uy qamog‘iga o‘zgartirilgan.

Ayblanuvchilarni uy qamog‘iga ozod qilish to‘g‘risidagi qaror Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev va Rossiyaning respublikadagi elchisi Sergey Vakunov o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng qabul qilingan.

Natalya Sekerina

Sekerinadan tashqari, noqonuniy yollash ishi bo‘yicha O‘sh meriyasi matbuot xizmati xodimi Sergey Lapushkin, «Regnum» agentligi kuzatuvchisi Viktor Vasilev va ismi oshkor etilmagan yana bir shaxs ham ayblanmoqda.

Ish Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 416-moddasi (askarlarni boshqa davlatlarning qurolli mojarolarida yoki davlat hokimiyatini ag‘darish yoki hududiy yaxlitligini buzishga qaratilgan zo‘ravonlik harakatlarida qo‘llash maqsadida yollash, ularni moliyalashtirish, moddiy ta’minlash, tayyorlash, shuningdek, yollanma jangchilarni harbiy mojarolarda yoki harakatlarda qo‘llash) bilan ochilgan. Ushbu moddada 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Taxminlarga ko‘ra, ayblovlar Rossiya armiyasiga yollash bilan bog‘liq. Ish tafsilotlari hozircha oshkor etilmagan.

Mavzuga oid