Rossiyada ota-onasi YTHda vafot etgan 11 yoshli bola O‘zbekistonga olib kelindi
Bolaning qarindoshlari vaqtinchalik vasiylikni rasmiylashtirishda qiyinchilikka duch kelgan. Biroq bolalar ombudsmani tomonidan zarur yordam ko‘rsatilib, hujjatlar qisqa fursatda rasmiylashtirilgan.

Foto: kp.ru
Rossiyaning Actraxan oblastida ota-onasidan ayrilgan voyaga yetmagan bolaning O‘zbekistonga qaytarilishi ta’minlandi, deb xabar beradi bolalar ombudsmani.
Qayd etilishicha, 14 aprel kuni Astraxan oblastida ikki yengil avtomobil to‘qnashuvi oqibatida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan (2013 yilda tug‘ilgan o‘g‘il bola) B.R. shifoxonaga yotqizilgan. YTHda bolaning avtomashinada bo‘lgan ota-onasi vafot etgan.
Bola yengil jarohat olgan bo‘lib, ko‘rsatilgan tibbiy yordam tufayli sog‘lig‘i tiklangan. Shundan so‘ng uni O‘zbekistonga qaytarish va yaqin qarindoshlari qaramog‘iga topshirish masalasi o‘rganilgan.
Xususan, fojiadan xabar topgan bolaning yaqin qarindoshlari yetib kelib, vaqtincha vasiylikni rasmiylashtirish jarayonini boshlagan, ammo B.R.ni Rossiyadan olib chiqish uchun hujjatlar yetarli bo‘lmagan.
Mazkur masala yuzasidan Rossiya bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belova o‘zbekistonlik hamkasbiga murojaat qilgan.
Bolalar ombudsmani va Ichki ishlar vazirligining tezkor hamkorlik choralari natijasida O‘zbekistonning Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Astraxan oblasti Ijtimoiy rivojlanish va mehnat vazirligi tomonidan zaruriy amaliy yordam ko‘rsatilib, bola hamda uning qarindoshiga qisqa fursatda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Hozirda bola O‘zbekistonga olib kelinib, qarindoshlari (onasining singlisi) qaramog‘iga topshirilgan.
Avvalroq Rossiyada qarovsiz qolib ketgan 16 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Undan oldin esa Qozog‘istondan ota-ona qaramog‘isiz qolgan 10 nafar bola Toshkentga olib kelingan edi.
Mavzuga oid

21:53 / 30.04.2025
Rossiyaning sabzavotchilikka ixtisoslashgan hududi mehnat migrantlari taqchilligiga duch keldi

16:51 / 03.02.2025
Azerbaijan Airlines «xavfsizlikni ta’minlash maqsadida» Astraxanga parvozlarini to‘xtatdi

11:45 / 03.02.2025
Astraxan va Volgograd oblastlariga dronlar hujum qildi

22:18 / 28.05.2024