Klasiko intrigalari. «Barsa»da ham bo‘sh nuqtalar bor, «Real» esa hakamlarga jiddiy bosim uyushtirdi
Navbatdagi klasiko arafasidagi mojaro ro‘y berdi: hakam jurnalistlar qarshisida yig‘ladi, «Real» o‘yinni boykot qilmoqchi bo‘ldi. Tebas esa Peresning manziliga qattiq fikrlar bildirdi.

Foto: Juan Manuel Serrano Arce, Dean Mouhtaropoulos/Getty Images
Har ikki jamoa ham la liganing so‘nggi uch turida g‘alabali seriya qayd etgan bo‘lsa-da, «Real» va «Barselona» klasikoga turli holatda yetib keldi. Kataloniyaliklar bu safar ham oson g‘alabaga erishadimi? Madridliklarning imkoniyati nimada? «Chempionat» kolumnisti Georgiy Ilyushchenko Ispaniya Kubogi finali arafasida shu savollarga javob berishga harakat qildi.
«Barselona» nima uchun favorit?
Hansi Flik boshqaruvi davrida «Barselona» faol pressing qiladigan va raqiblar maydonning o‘z darvozasi tomonidagi qismida bemalol uzatma oshirishiga yo‘l qo‘ymaydigan jamoaga aylandi. Bunga ko‘p jihatdan mudofaa chizig‘ini ancha yuqori joylashtirish orqali erishiladi. Ba’zida esa oshirib ham yuborishadi. Kataloniyaliklar tashabbusni o‘z qo‘liga olib, o‘zlari uchun odatiy bo‘lgan pas o‘ynash bilan shug‘ullanishadi. To‘p yo‘qotilishi bilanoq, orqaga yugurish o‘rniga, darhol to‘pni olib qo‘yish uchun tashlanishadi, raqib futbolchilari bo‘sh zonalardan mahrum qilib, ularga erkin harakatlanishga imkon bermaydi.
Gollar bo‘yicha yaqqol ustunlik sababi ham shunda. La Ligada ham («Real»ning 66 goliga qarshi 89), Chempionlar Ligasida ham: umumiy guruh bosqichida 28 ta gol (eng yaqin ko‘rsatkich «Borussiya» tomonidan qayd etilgandi - 22 ta gol), pley-offdagi to‘rt o‘yinda yana to‘qqiz gol urildi. Bunday holdan toydiradigan uslubga qarshi chora topish qiyin. «Real»ning kuchli davridagi pleymeykerlar - Kroos va yoshroq Modrich bilan buni amalga oshirish hozirgi «Real»dan ko‘ra ancha osonroq bo‘lardi. Nima bo‘lganda ham, Luka yoshi o‘tgani sayin yuqori tempni ushlab turishga qiynalmoqda.
Madridliklar futboli esa xaotik ko‘rinishda. Jamoaga uyg‘unlik va moslashuvchanlik yetishmayapti. «Real» fevral oxiridan buyon hech bir raqibni ikkita yoki undan ko‘p to‘p farqi bilan yenga olmagan. Olti o‘yinda bittadan ortiq gol urilmagan. Aralash tarkibdagi «Atletik» bilan o‘yinda katta qiyinchilik bilan so‘nggi daqiqalarda g‘alabaga erishildi, «Xetafe» esa Kurtuaga juda ko‘p muammo tug‘dirdi. Balki «Alaves» bilan o‘yin osonroq kechgan bo‘lardi, ammo Mbappe birinchi bo‘limdayoq qizil kartochka olishi bunga yo‘l qo‘ymadi. Yakunda jamoa yarim soatdan ortiq vaqt mobaynida ozchilikda o‘ynab, to‘pga egalik qilish va zarbalar berish bo‘yicha raqibdan ortda qoldi.
«Arsenal» bilan javob o‘yinida uchta gol urilishi kerak bo‘lganida, futbolchilar faqat jarima maydoniga manzilsiz to‘p oshirishdan boshqa yo‘l topa olmadi. «Barsa» bilan final o‘yiniga xarakterning o‘ziga tayanib o‘ynash yanada qiyinroq. «Leganes» va «Vilyarreal» bilan o‘yinlarda minimal hisoblarda g‘alaba qozonilgandi, ammo o‘yin borasida yaqqol ustunlik kuzatilmagandi.
Demak, «Real» umidsiz holatdami?
Bunday «Barsa»ga qarshi chora topish osondek ko‘rinadi — to‘pni himoyachilar ortiga oshirish, yuqori pressingni kesib qo‘yish va darvozaga yugurish. Ba’zida bu ish beradi. Masalan, «Selta» yaqinda kataloniyaliklarga shunday hujumlarda uchta gol urgandi. Ammo bu gollar individual xatoliklar sabab ro‘y bergandi: avvaliga Shchensni «qovun tushirdi», keyin de Yong muvaffaqiyatsiz harakat qildi, uchinchi golda esa «Barselona» butkul mudofaani unutib qo‘ygandi. Raqiblar uchun muammo shundaki, ularning o‘zini ham qarshi hujumlarda jazolash mumkin. Bu o‘rinda «siz bizga qo‘lingizdan kelganicha uring, biz esa istaganimizcha uramiz» naqli to‘g‘ri keladi.
Flik «Barselona»sining raqiblaridagi ofsayd holatlari soni (240 marta) haddan ortiq darajaga yetgan. Oktyabr oyidagi klasikoda madridliklar ham naq 12 marta «o‘yindan tashqari holat»ga tushib qolgandi. Shuningdek, «Osasuna» (10), «Alaves» (ikki o‘yinda ham 11 martadan) va «Malyorka» (11) klublarida ofsayd holatlari ikki raqamda ifodalanadi. Shuningdek, «Benfika», «Valensiya» va «Tsrvena Zvezda»da to‘qqiztadan ofsayd holati yuzaga kelgan.
Bunga qarshi ehtimoliy retsept — pressingni cho‘zish va shundoq ham charchagan Yamalni sheriklari bilan holdan toydirish uchun ikki hujumchilik sxemaga o‘tish, to‘ldirilgan yarim himoya chizig‘i va tezkor o‘yin. Ba’zida, Kurtua yordamida va tayanch hudud vakilini markaziy himoyachilarga yordamga qaytarish orqali — son jihatdan ustunlikni yaratish. Ya’ni riskka risk bilan javob berish, chunki har qanday yo‘qotish muammolarga olib keladi. Asosiysi, ulkan bosimdan qutulish.
Yoki hech narsani murakkablashtirmaslik ham mumkin: kataloniyaliklarning xatolariga umid qilish va faollik bilan oldinga tashlanish. Ayniqsa, Arauxo ofsayd tuzoqlarini yaratishda mukammal emasligi hisobga olinsa. Ammo «Real»dek klub uchun bunday strategiya yengiltaklikdek tuyuladi. Qolaversa, oldingi chiziqda havodagi to‘plarni yutib oladigan odam yo‘q. Madridning shusiz ham eng kuchli chizig‘i hisoblanmagan himoya chizig‘ida esa yo‘qotishlar ko‘payib ketgan. Bu o‘rinda «avtobus» qo‘yishning o‘rni emas. Xo‘sh, Anchelotti nima o‘ylab topadi?
«Barselona» Levandovski va Baldesiz ham uddalay oladimi?
Ajablanish mumkin, lekin Robertning safda yo‘qligi kataloniyaliklar uchun eng jiddiy yo‘qotish emas. Ferran bir necha marta polyakning o‘rnini bosa olishini namoyish etgan. U to‘p uchun kurashdagi harakatlari bilan maqtana olmasligi mumkin, ammo mobilligi bilan jamoaga foyda keltira oladi. Qolaversa, Olmo ham «aldamchi to‘qqizlik» rolini bajara oladi.
Baldening dublyori esa ishonchli emas. Martinga texnika ham, tezlik ham yetishmaydi. U jamoa hujumlariga yordam bera olmaydi: eng ko‘p harakati — ortga pas berishi. To‘pni bo‘ysundirishda ham ishonchli emas. Shunday ekan, chap qanotdan tezkor yorib o‘tish va markazga kirib kelishni unutsa ham bo‘ladi. Mbappe/Vinisius/Rodrigodan biri katta tezlik olganida ham Xerardda imkoniyat katta bo‘lmaydi.
«Malyorka» bilan o‘yinda chap qanot himoyasida Fort o‘ynagan va o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatgandi. Ammo raqib darajasida farq bor, qolaversa, u o‘ng qanotda o‘ynashga ixtisoslashgan. Chap qanot pozitsiyasi har qanday holatda muammoli bo‘lib qolaveradi.
«Real»da ham chap qanot himoyasida ahvol og‘ir
«Kamavinga va Alabada mushaklar jarohati bor. Ular Kubok finaliga qadar tiklanishi imkoniyati kam. Fran Garsiya — chap qanot himoyasi uchun yagona variant», — deya holatni ifodalagandi Karlo Anchelotti.
Fran muhim o‘yinlarda boshlang‘ich tarkibda deyarli tushmaydi. Masalan, murabbiylar shtabi Chempionlar ligasida faqat bir marta unga ilk daqiqalardan ishonch bildirgan. U Yamalga qarshi tura oladimi? Bunga katta shubha bor. O‘ng qanot himoyasi ham anchadan buyon barqaror emas. Finalda bu qanotda katta ehtimol bilan Valverde tushadi, ammo Fede maydon markazida foydaliroq bo‘lgan bo‘lardi. Lekin bu mavsumda «Real»ning faqat to‘rt futbolchisi - asosiy tarkib futbolchilari bo‘lmagan Asensio, Guler, Modrich va Endrik jarohatlardan qutulib qolgan.
Klasikoda qatorasiga uchinchi yirik hisob bo‘lishi mumkinmi?
Bu mavsumda «Barselona»da kvadrupl uchun imkoniyat mavjud. Ispaniya Superkubogi qishdayoq qo‘lga kiritilgan. La Ligada asosiy ta’qibchidan to‘rt ochkolik farq bilan peshqadamlik qilinmoqda. YeChLda — «Inter»ga qarshi yarim final o‘yinlariga yetib kelingan. Bu oqshom Qirol Kubogi zabt etiladimi?
Superkubok bahsida «Barsa» aynan «Real»ni yirik hisobda tor-mor etgandi (5:2). La Liganing birinchi davrasida ham yirik hisobda g‘alaba qozonilgan (4:0). Klasikodagi qatorasiga uch g‘alaba — yangilik emas. Madridliklar 2023 yil aprelidan 2024 yil apreligacha to‘rt bor zafar quchgan (4:0, 2:1, 4:1, 3:2). Undan oldin esa «Barselona» qatorasiga uch o‘yinda muvaffaqiyat qozongandi (3:1, 1:0, 2:1).
Lekin jamoalardan biri qatorasiga uch o‘yinda yirik hisobda g‘alaba qozonishi kuzatilmaganiga ancha vaqt bo‘lgan. 1951 yilda «Real» 1:7 hisobiga ishonchli tarzda ikki o‘yinda 4:1 va 5:1 hisoblari bilan javob qaytargandi. 1930-yillar o‘rtalarida qatorasiga besh uchrashuv yirik hisobda yakunlangandi, ammo o‘shanda o‘yinlardan birida kataloniyaliklar g‘alaba qozongan — 0:4, 2:8, 5:0, 0:3, 0:3.
Shunday ekan, bir klubning o‘zi qatorasiga uch o‘yinda g‘alaba qozonishi hali ro‘y bermagan voqea. Agar «Real» bunga yo‘l qo‘yadigan bo‘lsa, bu tarixda qoladigan sharmandali natija bo‘ladi.
Flik hech qachon finallarda yutqazmagan
Kataloniyaliklar ustozi bungacha olti bor final bosqichida o‘ynagan. Va har safar g‘alabaga erishgan. Hans-Diter 2020 yilda «Bavariya» bilan Germaniya kubogini («Bayyer» 4:2 hisobida mag‘lub etilgan), YeChLni («PSJ» bilan 1:0), UYeFA Superkubogini («Sevilya» bilan 2:1) va Germaniya Superkubogini («Borussiya» Dortmund bilan 3:2) qo‘lga kiritgan. 2021 yilda — klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham g‘alaba qozongan («Tigres» bilan 1:0). Oltinchisi esa yuqorida eslangan Ispaniya Superkubogi uchun o‘yin. An’ana davom etadimi?
Hakamlik mojarosi
Ispan futboli muxlislari «Real» bu mavsumda mahalliy hakamlar korpusi bilan qanday shiddatli jang olib borayotganidan xabardor. Ispaniya kubogi finalida «Barselona»ga qarshi kechadigan o‘yin arafasida esa, madridliklar klubi televideniyesi shu o‘yinga tayinlangan arbitr Rikardo De Burgos Bengoecheaning xatolari tahlil qilingan videoni e’lon qilgach, keskinlik maksimal darajaga yetdi. Ammo bu hali hammasi emasdi: referi matbuot anjumanida yig‘lab yubordi, OAV esa «Qirollik klubi» o‘yinni boykot qilmoqchi ekani haqida xabar tarqatdi. Quyida voqealar rivoji keltirib o‘tiladi.
Xatolar jamlangan video
Barchasi 24 aprel kuni «Real» klubi televideniyesi efirida o‘yinga Bengoechea tayinlangani tanqid qilinishidan boshlandi. Boshlovchilar u tayinlangan o‘yinlarda madridliklar «Barselona»nikidan yomonroq natijalar qayd etganini esladi, shuningdek, uning layoqatiga shubha bildirishdi:
«Real» bask boshqargan o‘yinlarning faqat 64 foizida g‘alabaga erishgan, «Barselona»da esa bu ko‘rsatkich 81 foizni tashkil etadi — bu aql bovar qilmas farq, Anchelotti u ishlagan so‘nggi besh o‘yindan faqat ikkitasida g‘alaba qozongan.
Xalqaro o‘yinlarda ishlashga ruxsatnomasi borligiga qaramay, UYeFA uni hech qachon Chempionlar ligasi o‘yinlariga, FIFA esa — o‘zining birorta turniriga taklif etmagan. Bu 2017 va 2023 yillardagi Superkubok o‘yinlaridan keyin «Real» va «Barselona» o‘rtasida ushbu referi ishtirokidagi uchinchi final o‘yini bo‘ladi. Uni Ispaniyada e’tirof etishadi, ammo xorijda emas».
Keyingi kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Bengoechea hakamlarga bosim haqida gapira turib, hissiyotlarini tiyib turolmadi va yig‘lab yubordi. U Madrid TV tomonidan tanqid qilinishi shaxsiy hayotiga ta’sir qilganini aytib o‘tdi: «O‘g‘limga maktabda otang o‘g‘ri, deyishdi. U uyga yig‘lab qaytdi. Bu juda og‘ir. Bunday vaziyatda men faqat o‘g‘limni otasi har qanday sportchi kabi xato qiladigan halol inson ekanligini biladigan qilib tarbiyalashga harakat qilishim mumkin».
Final o‘yinida VAR-markazda ishlovchi arbitr Pablo Gonsales Fuertes ham vaziyatga aralashib shunday dedi:
«Men bu videolarning oqibatlari haqida gapirmoqchiman, chunki bir necha haftadan beri ijtimoiy tarmoqlarda hakamlar haqorat qilinayotgani va bizga hujum qilinayotganini ko‘ryapmiz. Bu gaplarni ko‘rib turibmiz.
Bularning barchasida muammo — aynan oqibatlarda. Ba’zi jurnalistlar «talonchilik» haqida gapirganda, bu shunga olib keladiki, hafsalasi pir bo‘lgan muxlis, hushtagini olib, bolalar o‘rtasidagi o‘yinni boshqarishga borgan yigit yoki qizlarga tashlanadi. Bu hamkasblarimizdan birining peshonasida nishon paydo bo‘lishi bilan tugaydi. Futbolga sog‘liq va tozalikni qaytarishimiz kerak».
«Reala» o‘yinni boykot qilishi haqidagi xabar
Avvaliga COPE shunday xabar tarqatdi: «Real» Ispaniya qirolik futbol federatsiyasiga (RFEF) Bengoecheani «Barsa» bilan o‘yin hakamligidan chetlatishidan umid qilmoqda. Klubdagilar arbitrning o‘yinoldi matbuot anjumanidagi harakatlaridan ajablandi va u finalni boshqarishga tayyor emasligiga amin».
Shu bilan birga, Marca ma’lumotiga ko‘ra, RFEF va Texnik hakamlar qo‘mitasi (CTA) darhol shunday bayonot bergan: ular Bengoechea va Gonsales Fuertesga nisbatan hech qanday chora ko‘rmoqchi emas.
«Real» bunga javoban jahl otiga mindi. Klub finaldan oldingi matbuot anjumanini bekor qildi, shuningdek, o‘yindan oldingi fotosessiya va mashg‘ulot o‘tkazishdan bosh tortdi. Keyin esa El Mundo «Real» finalni boykot qilish variantini ko‘rib chiqayotgani to‘g‘risida bomba xabar tarqatdi.
Shundan keyin futbol olami madridliklar klubi rasmiy bayonotini kuta boshladi. Dastlabki press-reliz juda tez paydo bo‘ldi va quyidagi ko‘rinishda edi:
«Real» futbol klubi ertaga, 2025 yil 26 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan Ispaniya Kubogi finali uchun tayinlangan hakamlar tomonidan bugun berilgan ommaviy bayonotlarni qabul qilib bo‘lmas holat deb hisoblaydi.
Ertangi final hakamlaridan biriga qarshi 24 soat oldin tayyorlangan, so‘z erkinligi bilan himoya qilinadigan Real Madrid TV kabi ommaviy axborot vositasining videolariga to‘satdan e’tibor qaratilgan bu noroziliklar, hakamlarning klubimizga nisbatan ochiq va yaqqol dushmanligi hamda qarshi munosabatini yana bir bor namoyon etdi.
Yanada hayratlanarlisi, tahdidli ohangda qilingan va hakamlar o‘rtasida go‘yo birlik borligini anglatuvchi bayonotlar orqali qandaydir chora-tadbirlar yoki harakatlar e’lon qilindi — bular esa butun dunyo bo‘ylab yuz millionlab muxlislar e’tiborini tortuvchi futbol voqeasi oldidan ustuvor bo‘lishi shart bo‘lgan adolat, xolislik va betaraflik tamoyillariga mutlaqo ziddir.
Yuz bergan holatning jiddiyligini hisobga olgan holda, «Real» klubi Ispaniya futbol federatsiyasi (RFEF) va hakamlar hay’ati mas’ullari o‘zlari vakillik qilayotgan tashkilotlari nufuzini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishlariga umid qiladi».
IUSport nashri darhol shunday xabar tarqatdi: agar «Real» maydonga chiqishdan bosh torsa, unda «Barsa» avtomatik tarzda g‘olib deb topilmaydi. Reglamentda bu ko‘zda tutilmagan. Bunday holatda Madrid klubi o‘rniga finalda «Real Sosedad» o‘ynaydi.
Ammo ko‘p o‘tmay qaymoqranglilar yana bir bayonot berdi, unda hech qanaqa boykot yo‘qligi va bo‘lmasligi ma’lum qilingandi.
«So‘nggi soatlarda paydo bo‘lgan mish-mishlar fonida «Real» shuni e’lon qiladi: jamoamiz hech qachon ertangi finalda ishtirok etishdan bosh tortish imkoniyatini ko‘rib chiqmagan.
Klubimiz ushbu o‘yinga tayinlangan hakamlarning finaldan 24 soat oldin aytgan achinarli va noo‘rin bayonotlari yuz millionlab odamlar tomosha qiladigan jahon miqyosidagi sport tadbiriga soya sola olmasligini yaxshi tushunadi. Shuningdek, Sevilyaga borishni rejalashtirayotgan va Andalusiya poytaxtida bo‘lib turgan barcha muxlislarga hurmat bilan qaraymiz.
«Real» bugun finalga tayinlangan hakamlar klubimizga nisbatan yana bir bor ko‘rsatgan dushmanlik va yovuzlikka qaramay, futbol qadriyatlari g‘alaba qozonishi kerak deb hisoblaydi».
«Real» hakamlar bilan kurashmoqda, Peres va Tebas esa ochiqchasiga nizolashmoqda
«Real» klubi televideniyesi butun mavsum davomida Ispaniya hakamlar korpusi bilan kurashib keldi. Masalan, la liganing 22-turida «Espanyol»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin (0:1), efirda arbitrlar yakson qilingandi.
Madridliklar nega referilarga hujum qilmoqda? Qisqacha aytganda shunday: «Qirollik klubi» keng ko‘lamli o‘zgarishlar bo‘lishi va butun sudyalar korpusida tozalash o‘tkazilishini istaydi. Qolaversa, «Real» prezidenti Florentino Peres azaldan la liga rahbari Xaviyer Tebas bilan nizolashib keladi. Tebas oxirgi voqealardan keyin poytaxt klubi xo‘jayinini qattiq tanqid qildi.
«Endi «Real» TV tomonidan doimiy ta’qiblardan charchagan hakamlarning bayonotlaridan so‘ng, u qo‘lidan kelgancha javob bermoqda: matbuot anjumanini, mashg‘ulotlarni bekor qilish, rasmiy tadbirlardan nafratlanish, finalga kelmasligini aytib gap sotish. U norozilik bildirmaydi, balki bosim o‘tkazadi. U shikoyat qilmaydi, balki tahdid qiladi. U rozi bo‘lmaydi, balki jazolaydi. U futbolni yaxshilamoqchi emas, balki uni boshqarmoqchi. Eng xavflisi, u harakat qilayotgani yo‘q. Eng xavflisi, ko‘pchilik bunga yo‘l qo‘yadi, rozi bo‘ladi va unga yordam beradi», — deya yozdi Tebas ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida «Real» o‘yinni boykot qilishi haqidagi xabarlarga javoban.
Mavzuga oid

16:39 / 27.04.2025
«Real»dan nihoyat munosib qarshilik. Anchelotti o‘yinni qanday o‘zgartirdi?

12:45 / 27.04.2025
Mojaroli klasiko. «Real» bu safar jang taklif qildi, ammo ozroq yetmadi

10:54 / 24.04.2025
Guler «Real»ni poygada qoldirdi, «Inter» derbida yirik hisobda yutqazdi. Kun o‘yinlari

07:53 / 23.04.2025