Jahon | 12:04 / 25.04.2025
3354
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada migrantlar orasida jinoyatchilik darajasi yuqori emasligi ma’lum bo‘ldi

Chet elliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning ulushi 2 foizni tashkil etadi.

Foto: RIA Novosti

Rossiyada jinoyatlar umumiy sonining qariyb 2 foizini migrantlar sodir etadi, dedi Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu.

«O‘tgan yil oxiri holatiga ko‘ra, Rossiyada 6,3 million chet el fuqarolari bo‘lgan, 2023 yilda esa 5,9 million kishi. Shu bilan birga, ular tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni deyarli o‘zgarmagan va 38,6 mingtani tashkil etgan. Bu mamlakatda qayd etilgan jinoyatlar umumiy sonining qariyb 2 foizini tashkil etadi», dedi Shoygu TASS agentligiga bergan intervyusida.

Bundan tashqari, uning aniqlik kiritishicha, Rossiyada bo‘lishning qonuniy muddati o‘tib ketgan migrantlar ulushi 10 foizdan oshadi. Yil davomida chet el fuqarolariga nisbatan 3,4 million dona ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilgan.

Og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun 1,5 mingga yaqin kishi Rossiya fuqaroligidan mahrum etilgan.

Sergey Shoygu Rossiyadagi jinoyatchilikning umumiy ahvoli haqida ham gapirdi. U so‘nggi yillarda jinoyatchilik darajasining barqaror pasayish tendensiyasini qayd etdi.

Shunday qilib, 2024 yilda mamlakatda 1,9 million jinoyat qayd etilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,8 foizga kam. Shu bilan birga, uyushgan guruhlar tomonidan sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar (17,1 foizga), shuningdek, firibgarlik (2,8 foizga) va korrupsiyaga oid jinoyatlar (5,8 foizga) o‘sishi kuzatilmoqda.

Avvalroq Rossiya Ichki ishlar vazirligi yanvar oyida migrantlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni ortgani qayd etilgani haqida xabar bergan edi. Chet elliklar va noqonuniy migrantlar tomonidan 4,4 ming jinoyat sodir etilgan, bu 2024 yilning yanvariga nisbatan 17,3 foizga ko‘p.

Mavzuga oid