Bayram tugadi, endi jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish kerak – Ermatov o‘smirlarni akalarining xatolarini takrorlamaslikka chaqirdi
Ermatov jamoada kim kuchli bo‘lsa, o‘sha o‘ynashini, bo‘shashmaslik kerakligini ta’kidladi.

Foto: Kun.uz
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida U-17 Osiyo kubogi g‘olibligini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi futbolchilari va ularning ota-onalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov jamoa a’zolari va ularning ota-onalarini tabriklab, bu g‘alaba butun futbol jamoatchiligini xursand qilganini ta’kidladi.
Shuningdek, tarixiy va yuksak g‘alabaga qaramasdan butun diqqat-eʼtiborni 2025 yilning noyabr oyida Qatarda o‘tkaziladigan FIFA Jahon chempionatiga qaratish kerakligi, g‘alaba hissi sabab xotirjamlikka berilmaslik, g‘olibona ruhni yo‘qotib qo‘ymaslik kerakligi aytib o‘tildi.
«O‘zbekiston farzandlari qanchalik sabrliligi, mardonavorligi, har qanday qiyin vaziyatda ham, o‘zini to‘g‘ri tutib, qo‘ygan maqsadi uchun oxirigacha kurashib, sinmasdan, o‘z irodasini ko‘rsatadigan bolalar ekanini butun dunyo ko‘rdi. Bundan faxrlashimiz kerak.
Futbol shunaqa narsaki, agar biz bir yaxshi natijaga erishsak, bu natijani ko‘p vaqt o‘ylab yuraversak, undanam yuqoriroq keyingi natijalarga erishishimiz qiyin bo‘lib qoladi.
Kecha bayram qildik, bugundan jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rishni boshlashimiz kerak. Agar biz bayram qilib yuraveradigan bo‘lsak, jahon chempionatiga tayyorgarlikni sustlashtiramiz va jahon chempionatida munosib ishtirok eta olmay qolishimiz mumkin.
Bayram kayfiyati yaxshi, ota-onalarimiz bayram qilaversin.
Bir iltimosim bor sizlardan. Tarix bor, avvalgi [o‘ynagan] futbolchilar bor, avvallari ham mana shunday musobaqalarda ishtirok etganimiz tajribasi ham bor. Eslaringda bo‘lsa, jahon chempionatiga chiqib, jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, mashinalar berilgan o‘sha vaqtda ham.
Mashinalarni haydab, mashg‘ulotlar ham qolib ketib... har xil o‘rtoqlar paydo bo‘lib qolgan yonida. O‘ziga o‘rtoq emas, mashhurligiga o‘rtoq... O‘rtoq unaqa bo‘lmaydi. Mashhurlikka o‘rtoq bo‘lmaydi.
Shuning uchun bunday o‘rtoqlar yoninglarda yurgan bo‘lsa, haydanglar ularni. Bunaqa o‘rtoq kerak emas. Bizning vaqtimiz yo‘q qayerlagadir borishga, ziyofatlarga borishga. Sportchi bunaqa bo‘lmaydi. Bir narsaga erishish uchun bir narsani qurbon qilish kerak.
Vaqt tez o‘tadi, vaqtning qadrini bilishimiz kerak. Vaqtning bir daqiqasini ham bekor o‘tkazmasligimiz kerak. Tayyorgarlik, tayyorgarlik va tayyorgarlik. Shunda keyingi natijalar ham yaxshi bo‘ladi», – degan O‘FA birinchi vitse-prezidenti.
Ermatov O‘FA rahbariyati doimo adolat tomonida turishi, jamoada kim kuchli bo‘lsa, o‘sha o‘ynashini, oldingi zamonlarda bo‘lganidek, tarkibga futbolchilar telefon orqali kiritilishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi.
O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi ustozi Islombek Ismoilov ham so‘z olib, jamoa qurishda ayrim muammolar bo‘lganini tan olgan, lekin rahbariyat qo‘llovi tufayli «atrofdan bo‘lgan tayziqlar»ga qarshi tura olganini aytib o‘tgan.
«Bu kimningdir emas, millat jamoasi, 37 millionlik xalqning jamoasi. Hech kim o‘zini bu jamoadan, millat manfaatidan o‘zini ustun qo‘yishga haqli emas. Xoh u murabbiy bo‘lsin, xoh federatsiya vakili bo‘lsin, xoh yordamchi murabbiy bo‘lsin... Shunaqa vaziyatlar ham bo‘ldi, yonimizda yurganlarning ayrimlari o‘z manfaatini ustun qo‘yganida, bir chetga o‘tkazildi. Buni o‘zlaring ham ko‘rdinglar, eshitdinglar.
Eng kuchlilar, eng munosiblar o‘ynashi kerak. Boshqa omil bo‘lishi mumkin emas. Bo‘shashishga haqqimiz yo‘q. Munosib bo‘lishni har kuni isbotlash kerak. Bugun munosib bo‘lgan, ertaga munosib bo‘lmay qolishi mumkin – agar o‘ziga bo‘lgan talabchanlikni pasaytirib yuborsa», – degan Ermatov.
U yana bir bor futbolchilarni yulduzlik kasaliga chalinmaslikdan ogohlantirdi.
«Katta-katta futbolchilar bo‘lib, samolyotinglar bo‘lsin, lekin samolyot olganda ham oyoqlaring yerdan uzilishi kerakmas. Hech qachon manmanlikka berilish kerakmas. Har doim kamtar bo‘lish kerak, oddiy bo‘lib, oyoq yerdan uzilmas, Xudo ham yo‘linglarni ochib beradi. Og‘ir-bosiqlik bilan, murabbiyinglar bergan taktika bilan, bergan ko‘rsatmalar bilan ish qilsak, hech qachon adashmaymiz. Bu juda muhim.
Sizlar ruhan kuchli bolalarsizlar. Buni maydonda ko‘rsatdinglar, shu ruh bilan keyingi musobaqaga ham tayyorgarlik ko‘rsanglar, hech qanaqa raqib, hech qanaqa hakam maqsadga erishishga xalaqit qilolmaydi.
Ertaga kim agar shunga amal qilsa, oldingi xatolarni, akalarimiz qilgan xatolarni qaytarmasak, oxirgi manzilga yetib boramiz», – deya qo‘shimcha qilgan Ermatov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi 4-20 aprel kunlari Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan Osiyo kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Jamoa turnir davomida raqiblarga hech qanday imkoniyat qoldirmadi, finalda esa mezbonlarga qarshi o‘yinda birinchi bo‘limning o‘zida 9 kishi bo‘lib qolganiga qaramay, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi va qit’ada tengsiz ekanini isbotladi.
Endi Islombek Ismoilov shogirdlari 3–27 noyabr kunlari Qatarda bo‘lib o‘tadigan U-17 jahon chempionatida ishtirok etadi.
Mavzuga oid

15:51 / 21.04.2025
Prezident o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi g‘oliblarini unvon va medallar bilan taqdirladi

15:21 / 26.02.2025
Ravshan Ermatov: «Osiyo kubogi mezbonligi bizga topshirilsa, Markaziy Osiyo tarixdagi eng yorqin forumlardan birini o‘tkaza oladi»

21:35 / 06.05.2022
O‘zbek sportining 30 yillik tarixidagi eng yaxshilar taqdirlandi

18:48 / 04.01.2022