Bojxonadagi cheklovlar: fuqaro bojni to‘lay olmasa, nima bo‘ladi?
O‘zbekistonga samolyotda, poyezdda, avtomobilda yoki piyoda kirib keluvchilar o‘zlari bilan olib kelayotgan tovarlarning narxlari qanday hisoblanadi? Limitdan ortiqcha tovar uchun boj miqdori qancha? Fuqaro bojni to‘lay olmasa, nima bo‘ladi? Bojxona qo‘mitasi ushbu savollarga javob berdi.

Xorijdan O‘zbekistonga kirib kelayotgan fuqarolar uchun notijorat maqsadlarda tovar olib kirish limitlari pasaytirilyapti. Hukumat qaroriga ko‘ra, 1 maydan boshlab samolyotda kelayotganlar hozirgidek 2000 dollar emas, 1000 dollargacha bo‘lgan tovarlarni bojsiz olib kirishi mumkin.
Poyezdda keluvchilar uchun esa bojsiz limit 1000 dollardan 500 dollarga tushirilyapti. O‘zbekistonga avtomobilda yoki piyoda kirib kelayotganlar uchun 300 dollarlik cheklov o‘zgarishsiz qoladi.
Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati kiritilgan o‘zgarishlar yuzasidan muhokamalarga sabab bo‘layotgan ayrim jihatlarga aniqlik kiritdi.
Fuqarolarning necha kun chet davlatda bo‘lgani qay tartibda aniqlanadi?
Bojxona qo‘mitasiga ko‘ra, bugungi kunda fuqarolarning 76 foizi avtomobil chegara bojxona postlari orqali, 20 foizi aeroportlardagi bojxona punktlari orqali, 4 foizi esa temiryo‘l chegara bojxona postlari orqali harakatlanadi.
“Bojxona organlarining axborot tizimlari boshqa vakolatli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan o‘zaro integratsiya qilingan. Buning natijasida chegara orqali harakatlanayotgan fuqaroning chet davlatda bo‘lgan muddatini real vaqt rejimida aniqlash imkoniyati mavjud. Ushbu tartib yo‘lovchilarning ortiqcha vaqtlarini olishga umuman sabab bo‘lmaydi”, deyiladi qo‘mita xabarida.
Bojsiz tovar olib kirish uchun O‘zbekistondan tashqari kamida 2-3 kun bo‘lish to‘g‘risidagi qoida 2025 yil 20 iyuldan kuchga kiradi.
Shaxsiy ehtiyoj uchun olib kirilayotgan tovarlarning qiymati bojsiz olib kirish normasidan ortiq bo‘lsa, qanday yo‘l tutiladi?
Qonunchilik talablariga asosan, tovarlarning bojsiz olib kirish normasidan ortiq bo‘lgan qismiga soddalashtirilgan tartibda import boji, qo‘shilgan qiymat va aksiz soliqlari o‘rniga bojxona qiymatidan 30 foiz, lekin har bir kg uchun 3 dollardan kam bo‘lmagan miqdorida yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
Masalan, xorijdan uchib kelgan fuqaro tomonidan kiymati 1300 dollar bo‘lgan 12 kg shaxsiy ehtiyoj uchun tovarlar olib kelingan. Bu holatda yo‘lovchining 1000 dollar bojsiz olib kirish normasi chegirib tashlanadi va qolgan 300 dollar qismiga 30 foiz yoki kilosiga 3 dollardan kam bo‘lmagan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
Agar yo‘lovchi bojsiz normalaridan ortiqcha olib kelingan tovarlar uchun to‘lovlarni to‘lay olmasa, ushbu tovarlar chegara postlaridagi vaqtincha saqlash joylarida olib qolinadi. Keyinchalik mahsulot yo‘lovchi tomonidan 30 kun ichida to‘lovlarni to‘lagan holda olib kirilishi yoki qaytarib olib chiqib ketishlari mumkin.
Bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlarning bojxona qiymati cheklar, kvitansiyalar va (yoki) boshqa tijorat hujjatlari bilan tasdiqlangan holda aniqlanadi. Bu narxni tasdiqlovchi hujjatlar va ma’lumotlar bo‘lmagan taqdirda, bojxona organi tovarlarning qiymatini mustaqil ravishda belgilashi mumkin.
Havo transporti va kurerlik jo‘natmalari orqali O‘zbekistonga asosan qanday mahsulotlar olib kelinyapti?
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan havo transporti va kurerlik jo‘natmalari orqali Turkiya, BAA, Koreya, Xitoy, AQSh va Hindiston davlatlaridan asosan quyidagi tovarlar olib kelinyapti:
- uyali aloqa (smartfon) vositalari (import boji 5 foiz);
- planshetlar (0 foiz);
- noutbuklar (0 foiz);
- elektron qo‘l soatlari (5 foiz);
- o‘yin konsullari (playstation) (15 foiz);
- havo tozalagichlar (10 foiz);
- ayollar kiyim kechaklari (20 foiz yoki donasiga 2 dollardan 4 dollargacha );
- bolalar kiyim-kechaklari (10 foiz);
- dori vositalari (2 foiz);
- zargarlik buyumlari (20 foiz);
- parfyumeriya (30 foiz yoki 2,5 dollar/kgga);
- biologik faol qo‘shimchalar (30 foiz).
Mavzuga oid

17:32 / 29.04.2025
Sariosiyo aeroporti birinchi texnik reysni qabul qildi

18:16 / 25.04.2025
3,6 mlrd dollarlik oltin sotuvi va 9 barobardan ko‘proqqa qisqargan gaz importi – O‘zbekiston tashqi savdosi sharhi

19:56 / 22.04.2025
“Narxlar ancha arzonroq” - Qozog‘istondan qaytayotgan o‘zbeklar o‘zi bilan nimalar olib kiryapti?

17:10 / 21.04.2025