Kreml AQShni «katta bitim»ga jalb qilib, Trampni qiziqtiradigan takliflarni qidirmoqda - OAV
AQSh prezidentini qiziqtiradigan takliflar bilan nafaqat amaldor va ekspertlar, balki Rossiyaning yirik korporatsiyalari ham shug‘ullanyapti. Xususan, Trampga Moskva-Sitida Trump Tower binosini qurish taklifi ham berilishi mumkin.

Foto: AP
Rossiya AQSh bilan Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar doirasida global ta’sir doiralarini qayta taqsimlashni ko‘zda tutuvchi «katta bitim»ga erishishga intilmoqda. Bu haqda rossiyalik amaldor va diplomatlar orasidagi manbalariga tayanib, The Moscow Times xabar berdi.
Kreml rejalariga ko‘ra, bunday kelishuv Vashington tomonidan Rossiyaning sobiq sovet hududlari, jumladan, Ukraina ustidan ta’sir doirasi, shu bilan birga, Moskvaning Yevropadagi ta’siri ham tan olinishini anglatadi.
Ushbu maqsadga erishish uchun Kreml AQSh prezidenti Donald Trampning e’tiborini jalb qilish va ushlab qolish yo‘llarini izlamoqda. The Moscow Times ma’lumotlariga ko‘ra, Trampga mo‘ljallangan bir qancha takliflar tayyorlanyapti — nodir metallar bo‘yicha bitimlardan tortib, Shimoliy Koreya va Eron ustidan bosim vositalari hamda Moskva-Siti hududida Trump Tower qurilishigacha. Takliflar Tramp uchun shaxsiy jihatdan qiziqarli, bir prezidentlik muddatida amalga oshiriladigan va media uchun jozibador bo‘lishi lozim.
«Asosiysi — ular [amerikaliklar] ishimizga aralashmasin, bizga qanday yashashni o‘rgatmasin. Ular biz qilayotgan ishga xalaqit bermasliklari kerak», — deydi Kreml muzokaralari mantig‘idan xabardor yuqori lavozimli rossiyalik amaldor.
Manbalarga ko‘ra, Kreml amaldorlar va ekspertlarga Trampni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy hamkorlik takliflarini ishlab chiqishni topshirgan. Xususan, Vashington bilan iqtisodiy hamkorlik tayyorlash taklifi Rossiyaning yirik korporatsiyalariga ham buyurilgan. Ushbu kompaniyalar orasida «Rosatom», «Rosneft», «Polyus», «Rusal» va boshqalar bor. Ularning faoliyatini prezident ma’muriyatining rahbari o‘rinbosari Maksim Oreshkin hamda Putinning maxsus vakili Kirill Dmitriyev muvofiqlashtirgan.
Moskva Ukrainadagi urushni eng katta «kuziri» deb biladi va Trampning o‘t ochishni to‘xtatish istagidan foydalanmoqchi. «Biz Trampdan maksimal darajada foyda olishimiz kerak», — deydi nashr suhbatdoshi.
Biroq ayrim diplomat va amaldorlar bu imkoniyatning nozikligini ta’kidlayapti, chunki Tramp muzokaralarga qiziqishini yo‘qotishi yoki Rossiyadan xafa bo‘lib qolishi mumkin.
Boshqalar esa nisbatan optimistik fikrda. «Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz. AQSh bilan munosabatlarni qayta qurish ustuvor vazifa — bu oson emas, ayni vaqtda Ukrainaga oid muloqotni saqlab qolish muhim. Keyingi qadamlar joylardagi vaziyatga qarab belgilanadi. Asosiysi — vaqt, sabr va tanlangan yo‘ldan chekinmaslik», — deydi rossiyalik diplomatlardan biri.
Mavzuga oid

17:12
Reuters: Rossiya tomonida turib jang qilishga yuborilgan qariyb 600 nafar KXDR harbiysi halok bo‘ldi

15:03
AQSh Yevropaga Putin bilan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolganini ma’lum qildi

14:41
G‘azoda otishmalar ostida tarqatilayotgan taom, AQSh harbiy uchog‘ini qulatgan husiychilar va «kelajak shahri»ni tortolmayotgan Saudiya - kun dayjesti

12:40