O‘zbekiston | 21:58 / 21.04.2025
3538
5 daqiqa o‘qiladi

Italiya bosh vaziri Markaziy Osiyo liderlari bilan ko‘rishadi

Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni shu hafta, 25-26 aprel kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi, 26-27 aprel kunlari esa u Qozog‘istonga boradi. Ostona shahrida Markaziy Osiyo–Italiya sammiti ham o‘tkazilishi kutilmoqda. Meloni 27 aprel kuni Markaziy Osiyo liderlari bilan Ostonada ko‘rishib, muloqot qiladi. Italiya hukumatining xabar berishicha, Jorjiya Meloni 25 aprel kuni Rim shahrida Ozodlikning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda qatnashganidan so‘ng O‘zbekistonga uchib ketadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Hukumat e’lon qilgan grafikka ko‘ra, bosh vazir 25-26 aprel kunlari O‘zbekistonda bo‘ladi.

Qozog‘iston prezidenti ofisining ma’lum qilishicha, Jorjiya Meloni prezident To‘qayev taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan bu davlatga keladi. Oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida strategik sheriklikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi, deb yozadi Oq o‘rda.

Shuni ta’kidlash joizki, tashrifning asosiy tadbiri – Markaziy Osiyo–Italiya sammiti shu oyning boshida Samarqandda o‘tgan Yevropa Ittifoqi–Markaziy Osiyo sammitidan 23 kun o‘tib, o‘tkazilmoqda. O‘tgan yili may oyida tashqi ishlar vazirlari darajasida Italiya–Markaziy Osiyo sammiti Rimda o‘tkazilgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yilning iyun oyida Italiyaga safari doirasida prezident Serjio Mattarella, bosh vazir Jorjiya Meloni bilan uchrashib, muzokara o‘tkazgandi. O‘sha tashrif doirasida O‘zbekiston va Italiya rasman strategik sheriklarga aylangan. Bu to‘g‘risidagi deklaratsiyani Mirziyoyev va Meloni imzolagandi.

O‘zbekiston prezidenti Italiya rasmiy Toshkentning Yevropadagi muhim va ishonchli sherigi ekani, siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, energetika, madaniy-gumanitar sohalarida hamkorlik faollashib borishini gapirgandi.

Bosh vazir Jorjiya Meloni esa O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda sheriklik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonch muhitini mustahkamlash borasidagi rolini ijobiy baholagan. U Mirziyoyevning safari chog‘ida “Italiya—Markaziy Osiyo” hamkorlik formatini yanada rivojlantirishga chaqirgan.

2023 yilning noyabr oyida esa Italiya prezidenti javob tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. Toshkent bilan hamkorlik O‘zbekistonning Yevropa va Uzoq Sharq, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi mavqeyi sabab Rim uchun alohida ahamiyatlidir, deya yozgandi Italiyaning Agenzia Nova agentligi Serjio Mattarellaning safari haqidagi maqolasida. Rim O‘zbekistonga G‘arb bilan aloqalarni yanada mustahkamlash uchun yordam beradi, deya qo‘shimcha qilingandi ushbu xabarda.

Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqini tark etganidan so‘ng Italiya hozirgi Yevroittifoqning uch yirik iqtisodiyotga ega davlatlaridan biri. Siyosiy nuqtayi nazardan ham Fransiya, Germaniya va Italiyaning pozitsiyalari umumittifoq kayfiyati va qadamlariga jiddiy ta’sir qiladi. Bugungi Italiya qariyb 2.5 trillion dollar YaIM bilan Yevropadagi ikkinchi yirik ishlab chiqaruvchi rivojlangan iqtisodiyotga ega davlat. Italiya dunyoning gigant 20 talik va 7 talik davlatlari yig‘ilgan – G20 va G7 a’zosi sanaladi. Italiya bugungi Yevroittifoq tuzilishida muhim rol o‘ynagan asosiy 3 davlatdan biri, xalqaro tashkilotlarda ham rasmiy Rim strategik mavqega ega.

Oxirgi 3 yilda Markaziy Osiyoda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston prezidentlari Italiyaga tashrif bilan borib, aloqalarni muhokamadan o‘tkazdi. Ayniqsa, energetika sohasida Rim Markaziy Osiyo bilan hamkorlik istamoqda. Xususan, italyan kompaniyalari Qozog‘istonda shamol va quyosh stansiyalarini qurishni rejalagan. Yana bir italyan kompaniyasi esa Tojikistonning Rog‘un GESi qurilishida faollik ko‘rsatmoqda. 2024 yil may oyida Rimdagi tashqi ishlari vazirlari sammitida “O‘rta koridor”, ya’ni Trans-Kaspiy xalqaro transport yo‘nalishi bo‘yicha fikr almashilgan va Italiya moliyaviy qo‘llab-quvvatlovga tayyorligini bildirgan. Jahon banki prognozlariga ko‘ra, 2030 yilga borib O‘rta yo‘lak orqali olib o‘tiladigan yuklar hajmi uch barobar ortadi.

Mavzuga oid