NYT: Tramp Davlat departamentini «tubdan qayta tashkil etish»ga tayyorgarlik ko‘rmoqda
AQShning Afrikadagi deyarli barcha «ikkilamchi» elchixona va konsulliklari yopilishi mumkin. Shuningdek, demokratiya va inson huquqlari bilan bog‘liq masalalarga mas’ul ofislar ham qisqartiriladi.

Foto: REUTERS
Donald Tramp «shu hafta» AQSh Davlat departamentini «tubdan qayta tashkil etish»ni nazarda tutadigan farmonni imzolashga tayyorlanmoqda. The New York Times’ning hujjat nusxasiga tayanib xabar berishicha, ushbu qayta tashkil etish Afrikadagi deyarli barcha «ikkilamchi» elchixona va konsulliklarni yopishni ham o‘z ichiga oladi.
NYT’ning yozishicha, Davlat departamentining qayta tashkil etilishi natijasida jahon bo‘yicha siyosat yuritishda yordam beradigan hozirgi mintaqaviy byurolar tugatiladi va ularning o‘rnini to‘rtta yirik bo‘lim — Yevrosiyo, Yaqin Sharq, Lotin Amerikasi va Hind-Tinch okeani korpuslari egallaydi.
Eng keskin o‘zgarishlardan biri — Afrika ishlari bo‘yicha byuroning tugatilishidir. U mazkur qit’aning Sahroi Kabirdan janubdagi mamlakatlar siyosatini nazorat qilar edi. Uning o‘rnida Oq uy Milliy xavfsizlik kengashiga bo‘ysunadigan maxsus vakilning ofisi tashkil etiladi.
Shuningdek, farmon loyihasida qayd etilishicha, Afrikadagi barcha «ikkilamchi» deb topilgan elchixona va konsulliklar yopiladi. Diplomatlar esa Afrikaga «maqsadli missionerlik xizmat safarlari» doirasida vaqtincha yuboriladi.
Farmon loyihasida demokratiya va inson huquqlari, iqlim o‘zgarishi hamda qochqinlar bilan bog‘liq masalalarga mas’ul ofislarni qisqartirish ham nazarda tutilgan. Bundan tashqari, davlat xarajatlari, firibgarlik va suiiste’mol holatlarini kamaytirish maqsad qilingan.
Tramp ma’muriyatining rejasidan xabardor amaldagi va sobiq rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, farmonning imzolanishi diplomatik xizmatlar xodimlari va Davlat departamentining Vashingtondagi shtab-kvartirasi faoliyat yuritadigan davlat xizmatchilarining ham ishdan bo‘shatilishiga olib keladi.
Hujjatga ko‘ra, islohotlar 1 oktyabrdan kuchga kirishi lozim. Ammo hujjat hali imzolanmagani bois, undagi ayrim punktlar o‘zgarishi mumkin. Davlat departamenti, Milliy xavfsizlik kengashi va Oq uy jurnalistlar so‘roviga izoh bermagan.
Mavzuga oid

23:59 / 03.05.2025
AQSh Xalqaro kosmik stansiyani moliyalashtirishni qisqartiradi

22:42 / 03.05.2025
AQShda jismoniy shaxslar buyurtma qilgan xorijiy tovarlar uchun bojsiz rejim bekor qilindi

21:31 / 03.05.2025
2026 yilgi Green Card natijalari e’lon qilindi

21:09 / 03.05.2025