Jahon | 11:39 / 18.04.2025
1028
2 daqiqa o‘qiladi

Gurjiston chet elliklarni chiqarib yuborish tartibini soddalashtiradi

Chiqarib yuborishni soddalashtirish maqsadida Gurjiston jinoyat va ma’muriy kodekslariga o‘zgartirishlar kiritiladi. Boshqa narsalar qatorida, kirishni taqiqlash va jarimalarni oshirish bo‘yicha moddalarni qo‘shish rejalashtirilgan.

Foto: pixabay.com

Gurjiston chet elliklarni chiqarib yuborishni soddalashtirmoqchi. 17 aprel, payshanba kuni idora saytida e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, mamlakat Ichki ishlar vazirligi qonunchilikka xorijliklarning Gurjiston hududida bo‘lish qoidalarini qat’iylashtiruvchi tuzatishlar tayyorladi.

Hujjatda aytilishicha, Gurjiston jinoyat va ma’muriy kodekslariga o‘zgartirishlar kiritish noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish va xalqaro himoyani ta’minlash qoidalarini takomillashtirish uchun zarur. Boshqa narsalar qatorida, yangi jazo turi — Gurjistondan deportatsiya qilish va ma’lum muddatga kirishni taqiqlash rejalashtirilgan.

Gurjistonda bo‘lish qoidalarini buzgan xorijliklar uchun jarima miqdorini oshirish ko‘zda tutilmoqda. Noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish tartibi «sezilarli darajada soddalashtiriladi».

«Boshpana berish tartibini suiiste’mol qilishning oldini olish» maqsadida Ichki ishlar vazirligi chet el fuqarosining boshpana so‘rash haqidagi arizasi, agar bunday chet el fuqarosining kirishi davlat xavfsizligiga tahdid soladigan bo‘lsa, Gurjistonga kiritilmasdan davlat chegarasida ko‘rib chiqiladigan mexanizmni joriy etishni taklif qilmoqda.

Mavzuga oid