Jahon | 12:53 / 17.04.2025
6282
4 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Rossiyaning yana bir loyihasini rad etdi

Kreml Xitoyga «Sibir qudrati–2» gaz quvuri loyihasi o‘rniga taklif etgan yana bir yo‘nalish - yangi gaz quvuri loyihasi ham Pekin tomonidan ma’qullanmadi.

Foto: Sputnik / RIA Novosti

Moskva o‘tgan yilning kuzida e’lon qilgan, Qozog‘iston orqali yiliga 45 mlrd metr kub gaz yetkazib berish quvvatiga ega bo‘lgan loyihani amalga oshirib bo‘lmaydi, deb bayonot berdi Xitoyning Rossiyadagi elchisi Jang Hanhui. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kreml rejalashtirgan Qozog‘istonning shimoliy-sharqiy hududlariga gaz yetkazishga xizmat qilishi kerak bo‘lgan mazkur quvur «juda qimmat» ekani ma’lum bo‘ldi.

«Qozog‘iston orqali Rossiyadan gaz yetkazib berishning iloji yo‘q, chunki u yerda faqat bittagina gaz haydash quvuri bor va u to‘la. Agar ushbu yo‘nalish orqali Rossiya gazini olib o‘tmoqchi bo‘lsak, yangi gaz quvuri qurishimizga to‘g‘ri keladi. Bu esa juda qimmat. Rossiya tomoni bu variantni o‘rganmoqda, ammo u amaliy emas», — deya Jang Hanxuining so‘zlarini keltirmoqda «Interfaks».

Qozog‘iston orqali Xitoyga gaz yetkazish taklifi bilan Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak 2024 yil noyabrida — «Sibir qudrati–2» loyihasi bo‘yicha muzokaralar to‘liq to‘xtab qolganidan so‘ng chiqish qilgan edi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2022 yildayoq Xitoy rahbari Si Jinpinga Rossiya gazi import hajmini yiliga 100 mlrd metr kubgacha oshirishni taklif etgan edi. Bu bilan u «Gazprom»ning Yevropa bozorida yo‘qotgan ulushini to‘ldirmoqchi bo‘lgan. Ammo «chegara bilmas strategik hamkorlik» to‘g‘risidagi bayonotlar va Putinning Pekinga safariga qaramasdan, Xitoy rahbari gaz quvuri qurilishiga rozilik bermadi.

Financial Times nashriga ko‘ra, asosiy to‘siq gaz narxi bo‘lgan: Xitoy narxni Rossiya ichki bozori darajasigacha tushirishni talab qilgan, ya’ni ming metr kub uchun taxminan 60 dollarga. Bu hozirgi narxdan to‘rt barobar arzon: «Sibir qudrati–1» orqali yetkazilayotgan Rossiya gazi uchun Xitoy ming metr kubiga 260 dollardan to‘lamoqda.

Rossiya rasmiylari 2023 yil oxirida «Sibir qudrati–2» quvurining yiliga 50 mlrd kubometr quvvatga ega loyihasi juda yuqori tayyorgarlik bosqichida ekanini, 2024 yil birinchi choragida loyiha hujjatlari tasdiqlanishini iddao qilgan edilar. Biroq ortidan bir yarim yil o‘tsa-da, loyiha ham, qurilish ham hali-hanuz boshlangani yo‘q.

Quvur o‘tishi kerak bo‘lgan 2500 kilometrlik yo‘lda joylashgan mamlakat — Mo‘g‘uliston — «Gazprom» gaz quvurini 2028 yilgacha mo‘ljallangan milliy rivojlanish rejasiga kiritmadi, deb yozgan edi The South China Morning Post. Nashrga intervyu bergan Mo‘g‘uliston Xavfsizlik kengashi sobiq a’zosi Munxnara Bayarlxavganing ta’kidlashicha, Moskva Pekin bilan kelishuvga erisha olmagan.

O‘tgan yili «Gazprom» Xitoyga 31 mlrd metr kub gaz yetkazgan, bu yil esa «Sibir qudrati» quvurining maksimal quvvatini 38 mlrd metr kubgacha yetkazishni rejalashtirgan. Ammo bu ham «Gazprom»ning sobiq Yevropa eksport hajmining faqat 15 foizinigina qoplaydi. Chunki Yevropaga eksport bir paytlar yiliga 200 mlrd metr kubgacha yetgan, 2022 yilda Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan keyin esa shuncha keskin tushdiki, 2023 yilda faqat 28 mlrd metr kub, 2024 yilda esa 32 mlrd metr kubni tashkil qildi.

Mavzuga oid