“Sinovlar sabab hayot qadriga yetdim” – jigar sirrozidan tuzalgan so‘xlik hikoyasi
Nurali Abdulqosimov So‘x tumanidan. Uning boshidan sinovli kunlar o‘tdi. Ro‘zg‘or tebratish uchun cho‘ponlik ham qilib ko‘rdi. Chorvachilikning foydasidan zarari ko‘proq bo‘ldi. Qarzimdan qutulishda asqatar deb parvarishlayotgan yuzlab tovuqlari esa qirilib bitdi.
Qo‘sha-qo‘sha kelgan omadsizliklar ortidan jigar sirrozi kasaliga uchradi. Og‘ir darddan xalos bo‘lish uchun minib yurgan mashinasi-yu tomorqasigacha sotib, qarz havola bilan Hindistonga jo‘nadi. Jigarini almashtirgan Nuralining bo‘ynida endi kattagina qarz bor edi.

Qarzdan qutulish uchun o‘ylay-o‘ylay qishloqlardan qatiq yig‘ishtirib kelib, uyida qurut tayyorlab sotishni yo‘lga qo‘ydi. Buning ortidan qarzlaridan uzildi. Sog‘ligi ham birmuncha tiklandi. Yana mashinali bo‘ldi. Eng asosiysi, 3 farzandi bag‘rida...

“So‘x tumanining Oftobru qishlog‘ida yashayman. Yoshim 31 da. Ro‘zg‘or tebratish uchun hayotning achchiq-chuchuklarini tatidik. Ba’zida ishim baroridan keldi, ba’zida qoqildim.
Tanishlarimning maslahati bilan qo‘y sotib olib parvarishlay boshladim. Qarshimizda turgan ulkan tog‘larda chorva boqish uchun sharoit bor, lekin qirg‘izlar qo‘ymaydi. Chegaradan olib o‘tilgan pichanlar esa So‘xda ancha qimmat. Xullas chorvachilikda ham ishim o‘xshamadi. Yana boshqa tadbirkorlik qilamiz deb tovuq boqib ko‘rdim. 200 tadan oshiq tovuq oldik. Tuxumini, go‘shtini sotamiz, o‘shani ko‘paytiramiz deb harakat qildim, bo‘lmadi. Qirilib bitdi.
Undan keyin gilam ishlab chiqaraman deb astoydil harakat qildim. Qishloq sharoitida qo‘ylarni to‘plab, junini o‘zimizda qayta ishlab gilam tayyorlashga jiddiy kirishdim ham. Bir yildan oshiq vaqt sarfladim. Bu ham o‘xshamadi.
Odamning boshida har xil ishlar, sinovlar bo‘lar ekan. Jigar sirrozi kasaliga yo‘liqdim. Kasallikka chalinganimni bilganimdan keyin butun oila a’zolarim tushkun holatda qoldi.
Endi nima qilishni bilmay boshim qotdi. Farzandlar bor, ular ko‘z oldimdan ketmayapti. Minib yurgan mashinam, tomorqamni sotdim. Shunda ham kerakli mablag‘ to‘play olmadik. Qarz olishga majbur bo‘ldik. Mablag‘ni to‘plab, Hindistonga bordik. Endi operatsiyadan tuzalib chiqamanmi, yo‘qmi, u ham bir muammo. Jigarini olib o‘zimga o‘tkazish uchun kichkina qizimni olib borganman. Qizimdan tashqari yana uchta donor bilan ketdik.
Birinchisi to‘g‘ri kelmasa, ikkinchisi, ikkinchisi to‘g‘ri kelmasa, uchinchisi. Ya’ni olti yashar qizimni ham olib borganman u yerga. Agar opam to‘g‘ri kelmasa, ayolim, ayolim to‘g‘ri kelmasa, qizimning jigarini olib qo‘yish kerak edi.
Shukrlar bo‘lsinki, jarrohlik amaliyotidan muvaffaqiyatli o‘tdim. Alloh meni yana hayotga qaytardi. Hindistondan kelganimizda bo‘ynimizda ancha qarz bor edi. Qarzlarni to‘lash kerak. Butun mahalladagi suzma qatiqlarni to‘plab-to‘plab, er-xotin birgalikda Qirg‘izistonga olib borib sotishni yo‘lga qo‘ydik. Bir kunda 200 ming so‘mdan 500 ming so‘mgacha foyda qola boshladi.
Keyin esa o‘sha suzmalarni o‘zimizda qayta ishlab ko‘raylik-chi, deb kichik bir qurut chiqaradigan apparatlarni olib keldik. Hozirgi kunda endi butun So‘x tumanidagi deyarli barcha do‘konlarning hammasini qurutlar bilan ta’minlayapmiz. Foyda yaxshi. Qarzlardan qutuldim. Qurut orqasidan oilani boqyapmiz, mashina oldim. Maktabda ishlayapman, bir stavka maktabda darsim bor. Maktabdan keyingi vaqtlarda tushdan keyin uydagilar bilan qurut ishlab chiqaramiz.
Operatsiyadan keyin yana hayotga qaytdim, Xudoga shukur. Alloh yana bizga farzand berdi. Hozirgi kunda uchta farzandim bor. Ularni halol ichirib, yedirish uchun harakat qilyapmiz. Boshimga tushgan sinovlar orqali sog‘ligimning, oilamning, hayotning qadriga yetdim”, – deydi Nurali Abdulqosimov.
Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.
So‘nggi yangiliklar
-
Toshkentda bir qator ko‘chalar vaqtincha yopiladi
O‘zbekiston | 23:55 / 17.05.2025
-
«Kristal Pelas» «Man Siti»ni mag‘lub etib, Angliya Kubogini qo‘lga kiritdi
Sport | 23:01 / 17.05.2025
-
Isroil G‘azoda yangi, keng ko‘lamli harbiy operatsiyani boshladi
Jahon | 22:36 / 17.05.2025
-
Shifokor changli havoda amal qilish kerak bo‘lgan tavsiyalarni berdi
Jamiyat | 22:23 / 17.05.2025
Mavzuga oid

21:41 / 25.04.2025
O‘zbekiston va Qirg‘iziston «Chashma» bulog‘idan birgalikda foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishdi

18:41 / 25.04.2025
“Chelaklab suv tashib amallab ko‘kartirib olganman” – tog‘ bag‘rida bog‘ yaratgan so‘xlik 93 yoshli Nuriddin ota hikoyasi

12:51 / 06.02.2025
Milliy tibbiyot markazida jigar transplantatsiyasi: singil akasiga hayot tuhfa qildi

15:48 / 06.10.2024