Jahon | 17:47 / 17.04.2025
4436
2 daqiqa o‘qiladi

Bashar Asad Suriyadan qochish vaqtida o‘zi bilan maxfiy ma’lumotlarni olib ketgan - Reuters

Suriya sobiq prezidentining qimmatbaho mol-mulklari xususiy samolyotda BAAga tashilgan. Asadning o‘zi esa kamida 500 ming dollar, noutbuklar va maxfiy ma’lumotlarga ega qattiq disklarni olib ketgan.

Foto: AP

Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad 2024 yil dekabrda mamlakatdan chiqib ketish vaqtida o‘zi bilan kamida 500 ming dollar, shuningdek, noutbuklar va maxfiy ma’lumotlarga ega qattiq disklarni olib ketgan, deb xabar bermoqda Reuters.

Suriyalik yuqori martabali amaldorga ko‘ra, mamlakatning yangi hukumati chet elga olib ketilgan davlat mulklarini qaytarish niyatida.

Ta’kidlanishicha, sobiq prezidentning bosh iqtisodiy maslahatchisi Yasar Ibrohim Bashar Asad, uning qarindoshlari va yordamchilariga tegishli qimmatbaho mulklarni (jumladan, kartinalar va kichik o‘lchamdagi haykallarni) BAAga tashish uchun Embraer Legacy 600 xususiy samolyotini ijaraga olgan. Reutersʼning yozishicha, Asad rejimi qulashidan 48 soat oldin havo kemasi BAAga to‘rt marta parvoz qilgan. To‘rtinchi reys 8 dekabr kuni Rossiyaning Hmeymimdagi harbiy aviabazasidan amalga oshirilgan. Shu kuni Bashar Asad Rossiyaga borib, siyosiy boshpana olgan edi.

Agentlik manbalarining so‘zlariga ko‘ra, qattiq disklarda moliyaviy qaydlar, yig‘ilishlarga oid protokollar, egalik qilingan kompaniyalar va ko‘chmas mulklar, shuningdek, ofshor kompaniya va hisobraqamlarga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalariga oid ma’lumotlar saqlangan.

Bashar Asad mamlakatni 2000 yildan beri, uning oilasi esa 1971 yildan beri boshqarib kelayotgan edi. Suriyada o‘tgan yil noyabr oyi oxirida Bashar Asad qo‘shinlariga qarshi yurish boshlagan qurollangan guruhlar 8 dekabrga o‘tar kechasi hech qanday qarshilikka uchramasdan poytaxt Damashqqa kirib keldi.

Bloombergʼning yozishicha, isyonchilar Damashqqa yaqinlashganida Rossiya Bashar Asad hamda uning oilasiga «xavfsiz evakuatsiya»ni taklif qilgan va Suriya prezidenti bunga rozi bo‘lgan. Kremlga ko‘ra, Asad iste’fosiga oid qarorni o‘zi qabul qilgan.

Mavzuga oid