O‘zbekiston | 19:52 / 14.04.2025
977
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston o‘z tarixi va turizmi salohiyati targ‘ibotida Al Jazeera bilan hamkorlik qiladi

Bundan tashqari, Al Jazeera Media mamlakat madaniyati va etnografiyasini aks ettiradigan materiallarni tarqatishda ham hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.

Foto: AOKA

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Al Jazeera Media bosh direktori Mustafa Suvag boshchiligidagi ijodiy jamoa hamda agentlik direktori Asadjon Xo‘jayev va mutasaddi xodimlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda mehmonlar O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholab, mamlakatning boy madaniy, tarixiy, turistik, etnografik hamda olib borilayotgan islohotlarni aks ettiruvchi materiallarni tayyorlash va tarqatishda birgalikda hamkorlik qilishga tayyorliklarini ma’lum qildi.

Shuningdek, Al Jazeera Media Institute negizida o‘zbekistonlik jurnalistlarning malakasini oshirish, o‘quv kurslarida o‘qitish masalalari muhokama qilindi.

«O‘z o‘rnida, agentlik rahbari mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligi ta’minlanishi, axborot sohasida, shu jumladan, OAV va media vakillarining malakasini oshirish, turli hamkorliklar doirasida ularning tajriba almashishlarini tashkil etish borasidagi ishlar to‘g‘risida so‘zladi. Uchrashuv samarali va konstruktiv bo‘lib o‘tdi», — deyiladi xabarda.

Al Jazeera — 1996 yilda Qatar amirining farmoni bilan tashkil etilgan xalqaro telekompaniya. Uning Doha, London, Kuala-Lumpur va Vashingtonda shtab-kvartiralari mavjud.

Mavzuga oid