Jahon | 18:08 / 13.04.2025
14561
6 daqiqa o‘qiladi

Kiyev yana bir F-16 qulagani va uchuvchi halok bo‘lganini tasdiqladi

Pavel Ivanov Ukraina qurolli kuchlarida Amerikaning qiruvchi samolyotini birinchilar qatorida o‘zlashtirgan uchuvchi edi. 

Foto: Libkos

Ukraina hukumati F-16 qiruvchi samolyoti uchuvchisi, 26 yoshli kapitan Pavel Ivanov jangovar topshiriqni bajarish chog‘ida halok bo‘lganini ma’lum qildi. Prezident Volodimir Zelenskiy unga vafotidan keyin Ukraina Qahramoni unvonini berdi.

BBC Ukraina xizmati manbalariga ko‘ra, Ivanovning samolyoti katta ehtimol bilan Rossiya raketasi tomonidan urib tushirilgan.

«Rossiyaliklar samolyotga jami uchta raketa uchirdi. Bu yoki C-400 yerusti si tarkibidagi boshqariladigan zenit raketasi, yoki R-37 „havo-havo“ sinfidagi raketa edi», – degan manba. Uning fikricha, «do‘stona o‘t ochish» haqida gap ketmayapti – Ivanov vazifalarni bajargan hududda Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlamagan.

Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Ivanov 12 aprel, shanba kuni halok bo‘lgan. Hodisa joyi va tafsilotlari rasman ma’lum qilinmagan.

«U vatanini bosqinchilardan himoya qilish uchun jangda halok bo‘ldi... Bugungi kunda F-16 uchuvchilari deyarli har kuni favqulodda murakkab sharoitlarda turli yo‘nalishlarda jangovar vazifalarni bajarmoqda, aviatsiya zarbdor guruhlarining himoyasini ta’minlamoqda va dushman obektlariga zarba bermoqda», – deyiladi Ukraina qurolli kuchlari xabarida.

«Ukrainalik uchuvchilar insoniy va texnik imkoniyatlarning maksimal darajasida ishlaydi, har safar jangovar vazifalarni bajarishda o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yadi. Pavel ulardan biri edi!» – deyiladi Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari bayonotida.

Prezident Volodimir Zelenskiy uchuvchining oilasiga hamdardlik bildirdi va harbiylarning ushbu jangovar vaziyat haqidagi hisobotlarini allaqachon eshitganini ta’kidladi. Voqea tafsilotlariga hali oydinlik kiritilmagan.

26 yoshli Pavel Ivanov Ukrainaning F-16 da uchishni o‘zlashtirgan ilk uchuvchilaridan biri bo‘lgan. Uning suratlarini fotograf Konstantin Liberov e’lon qildi. Uning yozishicha, F-16 qiruvchi samolyotida parvoz qilishidan xabar topganida, Ivanov «baxtdan yig‘lab yuborgandi».

Rossiya mudofaa vazirligi yakshanba kuni Ukrainaning F-16 samolyoti yo‘q qilingani haqida xabar bergan, lekin samolyot qachon urib tushirilganiga aniqlik kiritmagan.

«Havo hujumidan mudofaa vositalari bilan Ukraina havo kuchlarining F-16 samolyoti, sakkizta JDAM aviabombasi va AQShda ishlab chiqarilgan HIMARS baravar o‘t ochish tizimining yettita reaktiv snaryadi, shuningdek, samolyot tipidagi 207 ta uchuvchisiz uchish apparati urib tushirildi», - deyiladi Rossiya mudofaa vazirligi xabarida.

Ba’zi Z-blogerlar, jumladan, front aviatsiyasi haqida yozadigan «Veshchaniye Voyevoda» telegram-kanali qiruvchi samolyot katta ehtimol bilan Sumi oblasti ustida Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari raketalari tomonidan urib tushirilganini xabar qilgan.

Ukraina hukumati uchuvchi Ivanovning samolyoti halokati sabablarini aniqlash ishlari olib borilayotganini bildirgan.

Mart oyi o‘rtalarida Ukraina ijtimoiy tarmoqlarida F-16 qiruvchi samolyotining Sumi ustida parvozi aks etgan video tarqalgandi. Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi o‘shanda ukrainlarni bunday foto va video materiallarni joylashtirmaslikka chaqirgandi.

Hatto bir necha soniyalik ochiq videolar ham dushman uchun muhim razvedka ma’lumotlariga aylanishi mumkin, deya ta’kidlaydi Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari. Ayniqsa, front yaqinidagi hududlarda harbiy samolyotlarning (jumladan, F-16 qiruvchi samolyotlari) mahalliy diqqatga sazovor joylar yoki obektlar ham ko‘ringan parvozlari videolari katta xavf tug‘dirmoqda.

F-16 samolyotining Sumi oblasti uzra parvozi videosi mart oyi o‘rtalarida ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgandi. Ukraina harbiy qo‘mondonligi bunday kadrlar uchuvchilar hayotini xavf ostiga qo‘yishi tufayli, fuqarolarni bunday kadrlarni joylashtirmaslikka chaqirgandi.

Bu Ukraina 2024 yil iyul oyida qabul qilib olgan va frontda foydalanishni boshlagan F-16 samolyotlaridan ikkinchisi yo‘qotilishi bo‘ldi.

Birinchi qiruvchi samolyot o‘tgan yilning 26 avgust kuni tajribali uchuvchi Aleksey Mes («Manfish» chaqiruv belgisiga ega) boshqargan samolyot rossiyaliklarning Ukraina g‘arbiy hududlariga qilgan raketa hujumini qaytarish vaqtida yo‘qotilgan edi. U bir nechta qanotli raketalarni yo‘q qilishga ulgurgan, shundan so‘ng qulagan.

Buning sabablari hozircha rasman ma’lum qilinmagan. Ammo F-16 halokatidan bir necha kun o‘tib, prezident Zelenskiy Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni Mikola Oleshchukni ishdan bo‘shatgandi.

The Wall Street Journal nashri hisoblashicha, Mesning samolyoti «do‘stona olov», ya’ni Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi raketasi bilan urib tushirilgan. Nashr materialida bu AQSh go‘yoki Ukrainaga havo jangi vaqtida «o‘zingniki va begonaniki»ni aniqlash texnologiyasini taqdim etmagani uchun ro‘y bergan.

Mavzuga oid