Jahon | 20:39 / 11.04.2025
2330
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada taksi ilovalarida migrant haydovchini rad qilish funksiyasi joriy qilinishi mumkin

Shu mazmundagi so‘rov Rossiya transport vazirligiga yuborilgan.

Foto: freepik.com

Rossiya Davlat Dumasi spikeri o‘rinbosari Vladislav Davankov taksi agregator ilovalarida yo‘lovchilarga migrant haydovchi bilan sayohat qilishdan bosh tortish imkonini beruvchi funksiyani joriy etishni o‘ylab ko‘rishni taklif qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Davankov Rossiya transport vaziri Roman Starovoytga shu mazmundagi xatni yuborgan. Davlat dumasi spikeri o‘rinbosarining yozishicha, so‘nggi paytlarda Rossiyada xorij fuqarolari, jumladan, taksi haydovchisi bo‘lib ishlayotganlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar soni ko‘paygan.

«Menimcha, taksi agregator ilovalarida yo‘lovchilarga migrant haydovchi bilan sayohat qilishdan bosh tortish imkonini beruvchi funksiyani joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqish zarur», deyiladi hujjatda.

Uning fikricha, bu yangilik yo‘lovchilarga qo‘shimcha xavfsizlik va haydovchining tanlovi ustidan nazoratni ta’minlaydi, bu esa, o‘z navbatida, salbiy hodisalar sonini kamaytirishga yordam beradi. Davankov so‘zlariga ko‘ra, ushbu choraning amalga oshirilishi taksichi bo‘lib ishlayotgan Rossiya fuqarolarini qo‘llab-quvvatlaydi, chunki yo‘lovchilar bunday haydovchilarga ustunlik beradi.

Rossiyaning ko‘plab hududlarida allaqachon migrantlarning taksi sohasida ishlashiga taqiq joriy qilingan. 2024 yildan boshlab bunday cheklovlar quyidagi hududlarda amal qilmoqda: Kemerovo viloyati (Kuzbass), Kurgan viloyati, Magadan viloyati, Chelyabinsk viloyati, Tyumen viloyati, Tula va Kaluga viloyatlari, Xanti-Mansiysk avtonom okrugi, Kamchatka o‘lkasi va boshqalar.

Ushbu chora-tadbirlar Rossiya fuqarolarini ustuvor ish bilan ta’minlash va yo‘lovchi tashish xavfsizligini oshirishga qaratilgani bilan izohlangan. Biroq, ekspertlarning qayd etishicha, bunday taqiqlar taksi haydovchilarining yetishmasligi va noqonuniy tashuvchilar sonining ko‘payishiga olib kelishi mumkin.

Mavzuga oid