Iqtisodiyot | 16:50 / 08.04.2025
8013
8 daqiqa o‘qiladi

Trampning savdo urushi. Bu jahon iqtisodiyotini tanazzulga olib keladimi?

Donald Tramp ma’muriyatining yangi tariflari global moliya bozorini larzaga soldi. Xalqaro moliyaviy tashkilotlar va tahliliy markazlar uzoq muddatli turg‘unlik boshlanishidan ogohlantiryapti. AQShning o‘zi yuqori inflatsiya va ishsizlik muammolari bilan yuzlashishi kutilyapti. Xitoyning iqtisodiy o‘sishi bo‘yicha prognozlar pasaytirilgan bo‘lsa, Yevroittifoqda bu ko‘rsatkich «nolga teng bo‘lishi» mumkin.

Foto: Seth Wenig/AP

Ketma-ket uch jahon moliya bozorlarida keskin pasayish davom etdi. Bu AQSh prezidenti Donald Trampning Qo‘shma Shtatlarning aksariyat savdo hamkorlariga nisbatan joriy qilgan misli ko‘rilmagan tariflari fonida yuz beryapti. Investorlar global retsessiyani keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan keng qamrovli savdo urushi istiqbolidan tobora ko‘proq asabiylasha boshlashdi.

Ularning ta’kidlashicha, tariflar ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi, ishonchning pasayishi, bozor o‘zgaruvchanligi va ta’minot zanjiri uzilishlari tufayli iqtisodiy o‘sishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Jahon iqtisodiyoti tanazzulga uchrashi mumkinmi?

JP Morgan global turg‘unlik ehtimoli yil oxiriga borib 60 foizni tashkil etadi, deb hisoblayapti. Trampning keng qamrovli tariflari e’lon qilinishidan oldin bu ko‘rsatkich 40 foizni tashkil etayotgandi.

Deutsche Bank ham Trampning yangi tariflari «2025 yil va kelgusi o‘n yilliklar uchun ulkan global oqibatlarga olib kelishi» mumkinligidan ogohlantirdi.

Osiyo bozori Yevropadan ko‘ra ko‘proq zarar ko‘rdi. Yuqori bojlar Vetnam, Tayvan va Indoneziya kabi davlatlarni Vashington bilan yangi savdo bitimlarini tuzishga undayapti.

Hozirgacha Xitoy AQSh importiga javob tariflarini e’lon qilgan yagona yirik iqtisodiyotdir. Pekin 10 apreldan boshlab AQShdan import qilinadigan barcha tovarlarga 34 foizlik qo‘shimcha bojlar joriy qiladi. Shuningdek, 4 apreldan boshlab o‘rta va og‘ir nodir yer elementlari, jumladan, samariy, gadoliniy, terbiy, disproziy, lyutetsiy, skandiy va ittriyning AQShga eksporti nazoratga olingan.

Bunga javoban Tramp Xitoy tomonidan AQSh bojlariga javob sifatida qabul qilingan so‘nggi tarif choralari bekor etilmasa, Xitoyga nisbatan qo‘shimcha 50 foizlik bojlar joriy etilishi bilan tahdid qildi.

AQShga eksport qilish uchun 26 foiz yig‘imga duchor bo‘lgan Hindiston esa Tramp tariflariga javob qaytarishni rejalashtirmayapti, deb xabar berdi Reuters ismini oshkor etmagan hind rasmiysiga tayanib.

Rasmiy Dehli AQSh importiga ba’zi tariflarni pasaytirdi. Hindiston fevral oyida Bosh vazir Narendra Modining Oq uyga tashrifi chog‘ida Vashington bilan yangi savdo kelishuviga erishmoqchi bo‘lgan ilk davlatlardan biri ham bo‘lgandi.

Chorshanba kunidan boshlab Yevropa Ittifoqidan AQShga import 20 foizlik yig‘imlarga duch keladi. YeI moliya vazirlari dushanba kuni Lyuksemburgda yig‘ilib, Trampning alyuminiy va po‘latga nisbatan ilgari kiritgan 25 foizlik bojlariga javoban taxminan 26 milliard yevro yangi yig‘imlar to‘g‘risida kelishib olishdi.

Yevropa Komissiyasi prezidenti, Ursula fon der Lyayyen yakshanba kuni Bryussel «o‘z manfaatlarini mutanosib qarshi choralar bilan himoya qilishga tayyorligini» aytdi. Ammo u Yevropa Ittifoqi AQSh bilan muzokaralar olib borishi mumkinligiga ham ishora qildi.

Niderlandiyaning eng yirik banklaridan biri bo‘lgan ABN Amro o‘tgan hafta Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar uchun iqtisodiy istiqbollarni ikki baravar qisqartirdi va blokning choraklik o‘sishi «nolga teng bo‘lishini» prognoz qildi.

O‘z navbatida, yakshanba kuni Trampning ikki maslahatchisi AQSh OAVlariga 50 dan ortiq davlat Vashington bilan yangi savdo bitimlarini imzolash uchun aloqaga kirishganini aytganidan so‘ng ba’zi ijobiy yangiliklar paydo bo‘ldi.

Capital Economics’dan Pol Ashvortning fikricha, Tramp o‘zining haddan tashqari keskin yurish qilganini tez orada tushunadi. U Trampning ba’zi mamlakatlar uchun tariflarni pasaytirishiga ishonyapti.

Shu bilan birga, JPMorgan Chase bosh direktori aksiyadorlarga yozgan yillik maktubida «bu muammo qanchalik tez hal etilsa, shuncha yaxshi bo‘ladi, chunki ba’zi salbiy ta’sirlar vaqt o‘tishi bilan to‘planib boradi va ularni qaytarish qiyin bo‘ladi», deya ta’kidlagan.

Yangi tariflar AQSh iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi?

AQSh iqtisodiyoti COVID-19 pandemiyasi tugaganidan keyin yiliga o‘rtacha 3 foizlik o‘sish qayd etib kelayotgandi. Morningstar tadqiqot markazi tahlillariga ko‘ra, mamlakat Trampning tariflari tufayli «iqtisodiy falokat»ga duch keladi.

S&P Global AQShning retsessiyaga uchrash ehtimolini mart oyidagi 25 foizdan 35 foizgacha oshirdi. Shu bilan birga, Goldman Sachs AQShning kelgusi yildagi retsessiya ehtimolini 45 foiz deya baholayapti. Barclays va UBS ham AQSh iqtisodiyoti kelgusi bir necha oy ichida qisqarishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Moody's Analytics kompaniyasining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha bosh iqtisodchisi Stiv Kokrayn dushanba kuni AQSh «juda tez» retsessiyaga tushib qolishi va bu «ancha uzoq» bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Buyuk Britaniyada joylashgan Iqtisodiy tadqiqotlar uyi AQShda inflatsiyasi 5 foizdan oshishi mumkinligi va agar AQSh Kongressi o‘z vaqtida moliyaviy rag‘batlantirish choralarini ko‘rmasa turg‘unlik yanada yomonlashishi mumkinligidan ogohlantirdi.

AQSh Federal zaxira tizimi rahbari Jyerom Pauell ham o‘tgan hafta tariflar AQShda inflatsiyaning oshishiga va o‘sish sekinlashishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi. U, shuningdek, ishsizlikning ko‘tarilish xavfini ham eslatib o‘tdi.

Tariflarning Xitoyga ta’siri

Trampning tariflari, birinchi navbatda, Xitoy eksportini qisqartirib, bozorda sezilarli o‘zgaruvchanlikni keltirib chiqarishi mumkin. Rasmiy Pekin vaziyatni yumshatish uchun monetar va fiskal choralarni qo‘llashi kutilyapti.

Dushanba kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Trampning tariflarini «iqtisodiy zo‘ravonlik» va «xalqaro savdo qoidalariga zid» deya tanqid qilib, AQShni savdo ziddiyatlarini o‘zaro manfaatli yo‘l bilan hal qilishga chaqirdi.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lin Tszyan Xitoy rahbari Si Jinping savdo urushini hal qilish uchun Tramp bilan muzokaralar olib borishi yoki bormasligini aytishdan bosh tortdi. Tramp esa AQShning Xitoy bilan bilan o‘zaro savdo taqchilligi hal qilinmaguncha rasmiy Pekin bilan kelishuvdan voz kechgan.

Goldman Sachs yakshanba kungi hisobotida, Trampning tariflari e’lon qilinishidan oldin Xitoy uchun o‘sish prognozini oshirishni rejalashtirganini ma’lum qildi. Goldman’ga ko‘ra, yangi yig‘imlar bu yil Xitoy yalpi ichki mahsuloti o‘sishini kamida 0,7 foiz punktga pasaytiradi.

Kaiyuan Securities’ga ko‘ra, tariflar Xitoyning AQShga eksportini qariyb uchdan biriga, umumiy eksportni esa 4,5 foizdan ko‘proqqa kamaytiradi va iqtisodiy o‘sishni 1,3 foiz punktga cheklaydi.

Deutsche Bank’ning qayd etishicha oxirgi o‘ttiz yil ichida Xitoyning global mahsulotlar yetkazib berishdagi ulushi 5 foizdan 32 foizgacha o‘sgan holda AQShda ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksporti uchdan birdan 15 foizga kamaygan.

 Xitoy Savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda AQSh Xitoyga 144,6 milliard dollarlik mahsulot eksport qilgan va import hajmi 439,7 milliard dollarni tashkil etgan.

Mavzuga oid