Pentagon Sharqiy Yevropadagi harbiy kontingentini qisqartirish imkoniyatini muhokama qilmoqda
Sharqiy Yevropadan 10 minggacha amerikalik harbiy olib ketilishi mumkin.

Amstrup / Ritzau Scanpix / AFP / Scanpix / LETA
AQSh Mudofaa vazirligining yuqori martabali mulozimlari Amerika harbiylarining bir qismini Sharqiy Yevropa mamlakatlaridan olib chiqish taklifini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda NBC News telekanali amerikalik va yevropalik rasmiylarga asoslanib xabar tarqatdi.
Taklif AQShning 46-prezidenti Jo Bayden ma’muriyati 2022 yilda Ukraina bilan chegaradosh mamlakatlar mudofaasini mustahkamlash uchun yuborgan kontingentga taalluqli. Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan ko‘p o‘tmay, AQSh 20 ming harbiyni Polsha va Ruminiyaga joylashtirgandi.
NBC News manbalariga ko‘ra, Pentagonda hali ham qisqartirish ko‘lami muhokama qilinmoqda, ammo gap Bayden tomonidan yuborilgan kuchlarning yarmigacha, ya’ni 10 minggacha harbiyni olib chiqib ketish haqida ketishi mumkin. Umuman olganda, hozirda Yevropada AQShning 80 mingga yaqin harbiy xizmatchisi joylashtirilgan.
AQSh Mudofaa vazirligi vakillari telekanalning manbalar ma’lumotiga izoh berish haqidagi so‘roviga javob bermagan. «Prezident Amerika birinchi o‘rinda ekaniga ishonch hosil qilish uchun doimiy ravishda joylashuv va prioritetlarni qayta ko‘rib chiqmoqda», – degan Milliy xavfsizlik kengashi vakili Brayan Hyuz NBC News telekanaliga.
Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanishi bilan Pentagon, AQShning boshqa federal idoralari kabi, budjet qisqartirilishiga duch keldi. O‘z navbatida, Yevropadagi Amerika kontingentining qisqarishi Hind-Tinch okeani mintaqasida foydalanilishi mumkin bo‘lgan resurslarni bo‘shatish imkonini beradi, deb yozadi NBC News. Tramp ma’muriyati vakillari Hind-Tinch okeani mintaqasini strategik jihatdan ustuvorroq deb hisoblashadi.
Bundan tashqari, Sharqiy Yevropadagi Amerika harbiy bo‘linmalari sonining qisqarishi innovatsion qurilmalar va qurol-yarog‘larga investitsiya kiritish hajmini oshirishga urinayotgan armiya uchun pulni tejaydi.
Tramp AQSh harbiylarini Yevropadan qisman olib chiqmoqchi ekani haqidagi mish-mishlar yil boshidan beri tarqalmoqda. Yanvar oyida Italiyaning ANSA agentligi AQSh prezidenti Yevropadagi kontingentni taxminan 20 foizga qisqartirish va 20 mingga yaqin harbiyni olib chiqib ketishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi. Mart oyida The Telegraph manbalari Tramp AQShning 35 ming harbiy xizmatchisini Germaniyadan olib chiqib, Vengriyaga joylashtirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqayotganini xabar qilgandi.
Agar Pentagon bu taklifni qabul qilsa, bu Qo‘shma Shtatlar Yevropadagi eski ittifoqchilarini Rossiyaning kuchayib borayotgan tahdidiga qarshi qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortishi haqidagi xavotirlarni kuchaytiradi, dedi Yevropa rasmiylari NBC News telekanaliga. Telekanal AQSh kontingenti miqdorini qisqartirish bo‘yicha munozaralar Donald Trampning Vladimir Putinni o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘ndirishga urinishlari fonida yuz berayotganiga e’tibor qaratgan.
Rossiya Amerika kontingentining qisqarishini tiyib turish siyosatining zaiflashuvi deb hisoblaydi, bu esa Moskvaning Yevropa ishlariga turli yo‘llar bilan aralashishga tayyorligini oshiradi, deb hisoblaydi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi vitse-prezidenti Set Jons.
Saylovoldi kampaniyasi davomida Tramp Rossiya-Ukraina urushini imkon qadar tezroq tugatishga va’da bergan va hozirda o‘t ochishni to‘xtatishga erishishga harakat qilmoqda. Uning Ukrainaga nisbatan pozitsiyasi Vashington Kiyevni qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashini aytgan Bayden pozitsiyasidan sezilarli darajada farq qiladi, deb eslatadi NBC News.
Materialda Tramp Ukraina hukumatini o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda oldindan yon berishga majbur qilgani, xususan, mart oyi boshida u Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan tortishuvdan keyin bir haftaga harbiy va razvedka yordamini to‘xtatib qo‘ygani qayd etilgan.
Tramp ma’muriyati Yevropadagi ittifoqchilariga AQSh o‘z harbiy resurslarini Xitoy va boshqa ustuvor yo‘nalishlarga yo‘naltirgan mahalda o‘z mudofaasi uchun o‘zlari javob berishlari kerakligini tushuntirgan.
Yevropa Ittifoqining ba’zi a’zolari (ular orasida Boltiqbo‘yi davlatlari ham bor) Rossiya tomonidan bo‘ladigan tahdidlardan xavotirda. Estoniya, Latviya va Litva mudofaa vazirlari fikricha, Moskva Ukrainada to‘xtab qolmaydi va Rossiya-Ukraina urushidagi ehtimoliy sulh ular uchun xavfsizlik tahdidini keskin oshiradi, chunki bu Rossiya Federatsiyasiga qayta qurollanish va qo‘shinlarni ko‘chirish uchun vaqt beradi. Ular, shuningdek, NATOning har qanday qo‘shinlarini olib ketish mintaqa xavfsizligini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligini ta’kidlamoqda, shuning uchun Boltiqbo‘yidagilar ittifoqchilarning bunday rejalariga e’tiroz bildirmoqda.
Rossiya NATO bilan ehtimoliy qarama-qarshilikka tayyorlanayotgani va 2022 yildan beri o‘z qurolli kuchlarida keng ko‘lamli rekonstruksiya va islohot o‘tkazayotgani haqida Daniya razvedkasi ham xabar bergandi. Daniya maxsus xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva hozircha NATOni alyans shartnomasining 5-moddasini qo‘llashga undaydigan harakatlardan qochishga harakat qilmoqda. Ammo «agar kuchlarning nisbiy muvozanati Rossiya foydasiga o‘zgarsa», uning yanada xavfli harakatlarga tayyorligi ehtimoli oshadi.
Daniya Rossiya-Ukraina urushi yakunlangan taqdirda Rossiya NATOga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid solishi mumkinligi haqida ham ogohlantirgan. Daniya razvedkasining prognozlaridan biriga ko‘ra, agar alyans Rossiya bilan bir vaqtning o‘zida harbiy salohiyatini oshirib bormasa, Ukrainadagi urush tugaganidan taxminan yarim yil o‘tgach, Moskva NATO davlatlaridan biri bilan lokal mojaro boshlashi mumkin.
Mavzuga oid

21:11 / 24.04.2025
«Demokratiyaning bo‘sh arsenali». Foreign Affairs AQSh Xitoy bilan urushga tayyor emasligi haqida maqola e’lon qildi

12:03 / 22.04.2025
Oq uy mudofaa vaziri Pit Hegset o‘rniga boshqa nomzodni qidirishni boshladi – OAV

19:41 / 18.04.2025
Pentagon uzoq masofaga suzishga qodir ekipajsiz suvosti kemasini yaratishni rejalashtirmoqda

21:39 / 17.04.2025