Jahon | 21:08 / 05.04.2025
4040
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina hukumati AQSh bilan yer qa’ri bo‘yicha kelishuv loyihasining sizib chiqishini tekshiradi

Amaldorlar yolg‘on detektori bilan sinovdan o‘tkaziladi.

Foto: Getty images

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina Xavfsizlik xizmatiga (SBU) Qo‘shma Shtatlar bilan yer qa’ri bo‘yicha kelishuv loyihasining sizib chiqishini tekshirishni topshirdi. Unda Amerika kompaniyalari Ukrainaning barcha foydali qazilmalarini qazib olishda ustuvor huquqqa ega ekani aytilgan.

Financial Times gazetasining Ukraina manbalariga tayanib xabar berishicha, tergov doirasida turli idoralar mansabdor shaxslari, jumladan, yolg‘on detektori yordamida tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Nashr manbalari qancha odam sinovga yuborilganiga aniqlik kiritmagan.

Ukraina prezidenti idorasi bu ma’lumotga izoh berishdan bosh tortdi. SBU Ukraina xavfsizligini himoya qilish uchun qonun doirasida harakat qilayotganini va uning faoliyatining ayrim tafsilotlarini sir saqlashini aytdi.

Ukraina va AQSh o‘rtasida yer osti boyliklari bo‘yicha yangi kelishuv loyihasi tafsilotlarini mart oyi oxirida Oliy Rada deputati Yaroslav Jyeleznyak ma’lum qilgan edi. Xususan, u hujjatda Amerika Qo‘shma Shtatlarining xavfsizlik kafolatlariga «hatto ishora» ham yo‘qligini ta’kidladi. Jyeleznyak shartnoma loyihasining nusxasini qayerdan olganini tushuntirmadi.

Ukraina rasmiylari bu kelishuv loyihalaridan faqat biri ekanligini ta’kidlab, shartnoma muhokamasi davom etayotganini ta’kidladi.

FT ta’kidlashicha, yolg‘on detektori testi «munozarali amaliyotdir». Bunday tekshiruv natijalari ishonchsiz bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid