“Shu ketish bo‘lsa, soha o‘ladi” - avtomobil importchisi va avtodeklarant bilan suhbat
O‘zbekistonga import qilingan avtomobillarni texnik sinovdan o‘tkazish uchun navbat olish ajiotajga aylanib ketdi. Kun.uz jarayon qanday kechayotgani, tadbirkorlar qanaqa muammolarga duch kelayotgani haqida importyor va avtodeklarant tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.
Import avtomobillar 2024 yil noyabrdan boshlab bojxona hududida emas, Piskentdagi avtopoligon hududida qurilgan laboratoriyada texnik sinovlardan o‘tkazilmoqda. Bu yerda import avtomobillar uchun elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvi ham joriy etilgan. Bu tekshiruvlardan o‘tmagan avtomobillarga muvofiqlik sertifikati berilmaydi.
Laboratoriyaga navbatlar noyabr oyidayoq yuzaga kelgan, natijada mas’ullar navbat olishni elektron shaklga o‘tkazib qo‘ygandi. Lekin tabiiyki, bu bilan navbatlar kamaygani yo‘q. My.gov.uz portalida navbat olish har kuni tungi soat 00:00 da, faqatgina ikki haftadan keyingi kun uchun ochilyapti va bir daqiqaga bormasdan tugab ketyapti. Kimning omadi kelsa, navbat oladi, ololmaganlar esa ertasi kuni yarim tunda yana urinib ko‘rishi kerak.
Aslida bunday navbat yuzaga kelishi avvaldan ma’lum edi. Chunki Piskentdagi sinov markazi kuniga 100-120 tagacha avtomobilni tekshira oladi. Bu – kunlik talabdan sezilarli kam.
Kun.uz vaziyat yuzasidan “King Motors” avtosaloni asoschisi, importchi tadbirkor Xurshid Mahamadov va “Autodeklarant” kanali muallifi Azizbek Berdiyev bilan suhbatlashdi.
“1,5 minutda nimani tekshirishadi?”
Azizbek Berdiyev: 15-20 kunlik navbatlar paydo bo‘lgan. Avvallari ham boshqa joylarda mashinalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazishardi va bu vaqt olmasdi. Hozir limitlar qo‘yilgan. My.gov.uz orqali siz navbat olmoqchi bo‘lsangiz, masalan, ertalab 8:00 dan 8:15 gacha navbat beradi. Ya’ni avtomobilingiz 15 minut oralig‘ida tekshiriladi deb aytishadi. Lekin siz soat 8 ga borsangiz, siz bilan birga 10 ta avtomobilni kirgizishadi. Bu 10 ta avtomobil 15 minutda tekshiruvdan o‘tganini anglatadi.
Menda videolar bor, 10 minutda 15 ta avtomobil tekshiriladi. Savol: bir yarim minutda bitta avtomobil tekshirilayotgan bo‘lsa, nimani tekshirishadi ular?
Ularning asosiy vajlari nima bo‘lyapti – avtomobillar xavfsizligini tekshiramiz, deyishyapti. Lixiang, Zeekr'lar – dunyo tan olgan brendlar-ku.
“Hozir tayyor mashina umuman yo‘q”
Xurshid Mahamadov: Poligonda bir necha marta bo‘ldim. Boshidagi navbatlar juda ham uzun edi, hamma o‘zi olib borishi kerak edi. Keyin tartiblar ozgina o‘zgardi, faqatgina evakuator orqali yuborish kerak bo‘ldi, unda ham navbat ko‘payib ketdi. Juda ham cho‘zilib ketdi, 10, 15, 20 kunlarga cho‘zilgandan keyin, yana o‘zgarishlar kiritib, endi ochildi. Endi hamma yana o‘zi olib borishi mumkin, lekin my.gov.uz orqali navbat olish juda ham muammo bo‘lyapti.
Tadbirkorlik uchun muammo bo‘lyapti, chunki xaridorlar kelib, tezroq mashina olishni xohlaydi. Hamma tezroq mashina sotib olishni istaydi, lekin hozirda tayyor mashina umuman yo‘q. Kimdir sotib olishni xohlasa, mashina to‘liq holatda uning ixtiyoriga o‘tishi uchun 15-20 kun kerak bo‘lmoqda.
Ichkariga kirish mumkin emas. Sizning mashinangizni olib kirib ketishadi va keyin qaytarib berishadi. Sinov taxminan 10-15 minut davom etadi.
Bitta avtomobilni sinovdan o‘tkazib, xuddi shu modeldagi boshqa avtomobillarga oddiygina ruxsat berishsa, yaxshiroq bo‘lardi. Shu paytgacha nechta mashina sinovdan o‘tgan, nechtasi o‘tmagan, qaysi modelga o‘tmagan – bizda bunday ma’lumotlar yo‘q. Testdan o‘tayotgan mashinalar 100 foiz natija ko‘rsatayotgan bo‘lsa, jarayonni osonlashtirishning iloji yo‘qmi?
Avvallari ham muvofiq sertifikati uchun tekshiruv bo‘lgan, faqat bir xodim mashinani yuzaki tekshirib berardi. Endi esa jarayon qiyinlashdi, qiyinroq nazorat o‘rnatildi.
“Nega ishlab chiqaruvchilarning mashinasi tekshirilmaydi?”
Azizbek Berdiyev: Shunaqa amaliyot boshlandimi, hammaga birdek qo‘llash kerak. Chetdan keladigan avtomobillar emas, balki ishlab chiqaruvchilar ham javobgar bo‘lishi kerak. [Mahalliy] ishlab chiqaruvchi zo‘r avtomobil ishlab chiqardi deb kim kafolat beradi? Onix ishlab chiqarildi, lekin nega ular tekshiruvdan o‘tmaydi?
Piskentda sinovlar boshlangan ilk kunlarda bitta mashina sinovi 20-30 daqiqa davom etardi. Lekin hozir, oxirgi marta o‘zim borganimda, Zeekr 009 avtomobilini olib borganimizda, 15 daqiqada 10 ta avtomobil tekshirilgan. Buni videosi ham bor. Endi savol paydo bo‘ladi: agar 15 daqiqada 10 ta avtomobil tekshirilayotgan bo‘lsa, qolgan navbatlardagi vaqtlar qayoqqa ketyapti? Tushunyapsizmi? Masalan, soat 8 ga navbat olganman. Ali 8:15 ga, Vali 8:35 ga, Qosimjon 8:45 ga navbat olgan. To‘rtta avtomobilni ham, beshtasiniyam soat 8 dagi navbatga tiqib yuborishyapti.
Maqsad tekshiruv emas, avtomobillar importiga sun’iy cheklov ekanini o‘zi ko‘pchilik bilib turibdi, lekin gapiradigan odam yo‘q…
“Har kuni yuzlab mashinalar navbat ololmayapti”
Xurshid Mahamadov: UzTest belgilangan miqdordan oshiqcha tekshiruv o‘tkaza olmaydi. Kuniga 300 tadan oshiq mashina deklaratsiya qilinmoqda, UzTest’dan esa kuniga 96 ta navbat berilyapti. Tabiiyki, kuniga kun qo‘shilishda davom etyapti va har kuni 200 ta mashina o‘tmay qolyapti.
Ishlab chiqarishni tashkil etgan BYD kabilar faqat amologatsiya orqali sinovdan o‘tadi: bir model o‘tadi, qolgan ming yoki ikki mingta mashina navbat kutmaydi. Navbatga faqat biz kabi tadbirkorlar yoki jismoniy shaxslarga olib kelingan mashinalar tushmoqda.
Bu testdan hech kim manfaatdor emas, ya’ni bu tadbirkorlarga zarar keltiryapti, chunki xaridorlar har doim tezlik talab qiladi, tezroq mashinani olishni talab qilishadi. Yoki mashina o‘z nomida allaqachon olingan, lekin ko‘chalarda haydab yura olmaydi. YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilib, bu mashinani haydash mumkin emas, deb taqiqlanish holatlari bo‘ldi. Bu vaziyatda avtosalondan mashina sotib olgan xaridor avtosalonga murojaat qiladi va “sizlar menga sotgansizlar” deydi. U 20 kun davomida olgan mashinasini faqat o‘zi hayday olishi mumkin, boshqa odamga ishonchnoma bera olmaydi, bu tomonlaridan xaridorlar har doim norozi. Xaridor norozi bo‘lgandan keyin, hamma tadbirkor ham norozi bo‘ladi.
“Sotuvlar 2-3 barobarga kamaygan”
Xurshid Mahamadov: Oldingi holatga – bojxona hududidagi tekshirishga qaytish kerak. Yoki tekshiruvlarni ko‘paytirib, kuniga nechta talab bo‘lsa, shuncha mashinani bemalol tekshirib berishsin.
Mashina deklaratsiya qilinib, bojxonadan olib chiqildi, lekin unga 10 kun ichida davlat raqami taqilmasa, jarimasi bor. Hozirda hamma mashina jarima to‘lamoqda. 95 ming so‘m, mayli, lekin to‘layapti. Nega? Bu uning aybi emas. 10 kun raqamsiz yurdi va ustiga yana 20 kun navbat bor. Noiloj to‘laydi, majbur.
Bozorga juda yomon ta’sir qilyapti bu. Oldinga nisbatan ikki-uch baravar sotuv kamaygan, ya’ni 2024 yilning boshi, 2023 yilning oxirlariga nisbatan, hozirgi ahvolimizda 2-3 baravar sotuv kam.
Hozir nega navbat ko‘payyapti? 1 maydan oshadigan utilizatsiya yig‘imining ham ta’siri bor. Utilizatsiya yig‘imi 45 million so‘mgacha oshirilyapti, hamma tezroq sertifikat olishga shoshilyapti.
BYD rasmiylari utilizatsiya to‘lamaydi, biz esa utilizatsiya uchun to‘lov qilishga majburmiz. Demak, tadbirkor bilan rasmiy narxlar tafovuti faqatgina utilizatsiyaning hisobiga ham 45 mln so‘m farq qiladi.
“Yechim – tizimdan voz kechishda”
Azizbek Berdiyev: Birinchi yechim – buni umuman yo‘qotib tashlash kerak, chunki yangi tizim tadbirkorlarga faqat zarar beryapti. Agar qaysidir qonun, qaysidir ishlab chiqarilgan narsa yoki yangi qo‘yilgan narsa insonlarga manfaat olib kelmas ekan, u nimaga kerak? Aslida qonunlar insonlarni o‘ylash uchun chiqarilmaydimi? Insonlar hozir qaysi ahvolda, hamma “zo‘r bo‘lyapti” deb aytyaptimi? Ya’ni bitta yechim – buni yo‘qotish, bo‘ldi.
Oldin bu narsa bojxona omborlarida qilingan. Hozir, masalan, Piskentga borish ham tadbirkorga ancha pulga tushadi. Bitta treyler 1 mln so‘m yoki 100 dollarga borib keladi. Bojxona omborlarining ko‘pligini hisobga olsak, ish tez bitgan. Hozir butun O‘zbekistondagi import qiluvchilar faqatgina Piskentga boradi.
“Soha o‘lib boryapti”
Xurshid Mahamadov: Uzoqni ko‘radigan tadbirkorlar: “Bu soha o‘lib boryapti, agar shu ketishda davom etilsa, o‘lib boradi” deyishyapti. Bunga ta’rif yo‘q boshqacha, chunki kuchli taqiqlar bular, sotishga juda ham xalaqit beradi.
Hozir menga kelayotgan xaridor, masalan, Samarqandda yashaydi, Qoraqalpog‘istonda yashaydi. U avtomobilni sotib olgandan keyin olib ketadi va navbati kelganda Piskentga olib kelishi kerak. Har bir shaharda testdan o‘tkazishi uchun shunaqa markazlar qilishsin…
Madina Ochilova,
Shahzod O‘roqboyev,
Kun.uz
Tavsiya etamiz
Xitoylik tadqiqotchilar Osiyoda yangi zilzilalar kuzatilishidan ogohlantirdi
Jahon | 21:46 / 06.04.2025
Kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz bo‘yicha kompensatsiya beriladi
O‘zbekiston | 14:32 / 06.04.2025
100 ming dollarlik “o‘yin”: Marg‘ilondagi bir jinoyat tafsiloti
Jamiyat | 17:21 / 05.04.2025
Markaziy bank kartadan pul o‘tkazmalariga qo‘yilgan yangi talabga izoh berdi
Iqtisodiyot | 17:09 / 05.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasi quriladi
Iqtisodiyot | 13:26
-
Britaniya O‘zbekistonda ta’lim sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshiradi
O‘zbekiston | 13:17
-
«O‘lim zonasi» yaratayotgan Isroil, Kremldan otashkesim uchun shartlar va bojlar zaruriyatini tushuntirgan Tramp - kun dayjesti
Jahon | 12:58
-
O‘zbekiston fuqarolari Oltoy o‘lkasidagi korxonalarga ishga jalb etiladi
Iqtisodiyot | 12:55
Mavzuga oid

09:00 / 07.04.2025
2025 yil uchun eng ishonchli avtomobillar e’lon qilindi: ular orasida Tahoe ham bor

08:20 / 07.04.2025
So‘nggi 5 yilda narxi eng kam pastlagan likvid avtomobillar sanaldi

22:59 / 05.04.2025
Yevropa bilan sheriklik, bekor qilingan xususiylashtirish va Leapmotor'ga taqiq - hafta dayjesti

14:18 / 04.04.2025