O‘zbekiston | 20:48 / 03.04.2025
5180
3 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo–Yevroittifoq sammitining ilk kunida qanday rasmiy tadbirlar o‘tkazildi?

O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov Samarqandda o‘tayotgan I Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammitining ilk kuni voqealari haqida axborot berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha ishtirokchi delegatsiyalar Samarqandga yig‘ilgan. Yevropa Kengashi va Yevropa Komissiyasi prezidentlari, shuningdek, Markaziy Osiyoning beshta respublikasi prezidentlari shular jumlasidan.

“Davlatimiz rahbari Yevropa Ittifoqi yetakchilar Antoniu Koshta va Ursula fon der Lyayyen xonim bilan alohida uchrashuvlar, keyin qo‘shma tarkibda muzokaralar o‘tkazdi. O‘zbekiston bilan YeI o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo savdo, iqtisodiyot va investitsiya sohalarida yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

YeIning bosh institutlari rahbarlari Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar dasturini, shuningdek, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklikni mustahkamlash borasidagi siyosatini yuksak baholadilar va qat’iy qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.

Tomonlar innovatsiyalar, yashil energetika, tog‘-kon tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma dastur va kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga kelishib oldilar.

O‘rtamizda mustahkamlanib borayotgan do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklikning ramzi sifatida prezidentimiz va Yevropa Ittifoqi yetakchilari daraxt ekdilar”, – dedi Sherzod Asadov.

Prezident matbuot kotibiga ko‘ra, sammitning ishbilarmonlik dasturi ham bor: uning doirasida Shavkat Mirziyoyev Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashdi.

Shuningdek, Yevropa Investitsiya bankining mintaqaviy ofisini ta’sis etish to‘g‘risida bitim imzolandi.

Sammitning ilk kunida Shavkat Mirziyoyev qo‘shni davlatlar rahbarlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazib, ikki tomonlama munosabatlar va ertangi sammitga aloqador dolzarb masalalarni muhokama qildi.

Sammitning asosiy tadbirlari ertaga bo‘lib o‘tadi.

 “Yakunda sammitning eng muhim natijasi – Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida konstruktiv muloqotni kengaytirishga, barcha yo‘nalishlardagi hamkorlikka kuchli sur’at bag‘ishlab, munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqadigan Samarqand deklaratsiyasi imzolanishi kutilmoqda”, – deya ma’lum qildi Asadov.

Shundan keyin delegatsiyalar rahbarlari Samarqand iqlim forumining yalpi sessiyasida ishtirok etadi. Asosiy e’tibor ekologik tahdidlarga qarshi kurashish, bu boradagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratiladi.

Mavzuga oid