“Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti: Samarqand muhim muzokaralarga tayyorlanmoqda
So‘nggi ikki hafta davomida O‘zbekiston tashqi siyosatida xalqaro ahamiyatga ega muhim va istiqbolli jarayonlar kuzatilmoqda. Jumladan, davlat rahbari Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas, undan oldinroq esa Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela boshchiligidagi delegatsiya bilan muloqotlar o‘tkazdi. 3-4 aprel kunlari esa Samarqandda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti tadbirlari tashkil etiladi.

Foto: Kun.uz
Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 27 mart kuni Yevropa Ittifoqi vakili Kaya Kallas bilan uchrashuvda jahon hamjamiyati diqqat markazida turgan mazkur tarixiy sammitga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, amaliy hamkorlikni kengaytirish va bo‘lajak qo‘shma tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.
Martabali mehmon davlatimiz rahbariga Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayyenning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Muloqot davomida savdo va logistika, jumladan Transkaspiy transport yo‘lagi salohiyatini ro‘yobga chiqarish, raqamlashtirish, “yashil” energetika, ekologiya, infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda ikki mintaqa o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni ilgari surish, tashabbus va loyihalarni amalga oshirishning samarali mexanizmlarini joriy qilish muhimligi ta’kidlandi.
O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi tashkilotlari bilan munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, shuningdek, kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitimni qabul qilish hamda mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Shuningdek, 18 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Muloqot davomida O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo - YeI” birinchi sammiti va Iqlim forumini tashkil etish hamda o‘tkazish jihatlari ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda Yevropa Ittifoqi bilan ikki tomonlama hamkorlik, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda jadal rivojlanib bormoqda va bu aloqalarni izchil kengaytirish uchun keng imkoniyatlar mavjud.
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitimning tez fursatda imzolanishi kutilmoqda. Transport va logistika, energetika, raqamlashtirish, qishloq va suv xo‘jaligi, boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surishdan ikki tomon ham manfaatdor.
Ta’kidlash joizki, shu yilning mart oyida Toshkentda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan ikki strategik loyiha bo‘yicha kelishuv imzolandi. Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi vakillari “Markaziy Osiyo uchun aloqa” (C4CA) loyihasi butun mintaqada raqamli infratuzilma va integratsiyani yaxshilashga qaratilganligini ta’kidlab, ushbu loyiha Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida hamkorlik va iqtisodiy almashinuvni rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etishdi.
Yozef Sikelaning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston butun Markaziy Osiyo bo‘ylab internet aloqasini yaxshilash yo‘lida birgalikda ishlamoqda. Yevropa texnologiyalari va O‘zbekistonning tajribasi orqali tezkor va xavfsiz internetdan foydalanish imkoniyatini yaratish, biznesni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda mahalliy jamoalar uchun yashash sharoitlarini yaxshilash maqsad qilingan.
Shu tariqa, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda va bu ikki tomon uchun ham ulkan istiqbollar yaratmoqda.
S.A. Jo‘rayev
professor, siyosiy fanlar doktori
Mavzuga oid

21:50
Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi: hamkorlikka undayotgan omillar nima?

16:49
Saida Mirziyoyeva YuNESKO Bosh konferensiyasi Samarqandda o‘tkazilishini olqishladi

12:03
Ukraina Yevropa Ittifoqidan yana 3,5 mlrd yevrolik yordam oldi

18:52 / 01.04.2025