Jahon | 08:13 / 31.03.2025
13002
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Qrim ko‘prigiga ATACMS raketalari bilan zarba bergan - NYT

2024 yilda Ukraina Qurolli Kuchlari AQSh va Britaniya ishtirokidagi maxsus operatsiya doirasida Qrim ko‘prigiga ATACMS raketalari bilan zarba bergani ma’lum bo‘ldi. 

Foto: tonkosti.ru

Bu haqda The New York Times nashri ma’lum qilmoqda

«Oy yomg‘iri» operatsiyasi doirasida amalga oshirilgan ushbu maxfiy hujumning tafsilotlari endi oshkor qilindi — undan ko‘zlangan maqsadi okkupatsiya qilingan yarimorolning asosiy obektiga zarba berish edi.

NYT tahlillariga ko‘ra, Kerch bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi ko‘prikka qilingan zarba 2024 yili AQSh, Ukraina va Buyuk Britaniya tomonidan ishlab chiqilgan Lunar Hail («Oy yomg‘iri») kodli nomi ostidagi maxsus operatsiyaning bir qismi bo‘lgan.

Ushbu operatsiya Kiyevning 1991 yilgi chegaralarga qaytish talablariga javob sifatida amalga oshirilgan bo‘lib, Rossiyaning Qrimdagi harbiy mavjudligini zaiflashtirishga mo‘ljallangan edi. Rejaga ko‘ra, yarimoroldagi taxminan 100 ta asosiy harbiy infratuzilma obektiga zarbalar berilishi kerak edi.

Eng asosiy nishon — Qrim ko‘prigi bo‘lgan. U Rossiya bilan Qrimni bog‘lab turuvchi strategik logistika arteriyasidir.

NYT ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ko‘prikni yo‘q qilishda shaxsan qatnashgan va buni ramziy va harbiy jihatdan muhim qadam, deb baholagan.

G‘arbning maxfiy ko‘magi

Avval Qrim ko‘prigiga zarbalar berish AQSh tomonidan «qizil chiziq»ni bosib o‘tish hisoblangan bo‘lsa-da, bu safar Oq uy ruxsat bergan. Amerika va Britaniya harbiylari, shuningdek, Markaziy razvedka boshqarmasi ukrainaliklar bilan birga hujum rejasini tayyorlagan. Unda raketalar bilan birga dengiz dronlaridan foydalanish ham ko‘zda tutilgan.

Bosh rejaga ko‘ra, ATACMS raketalari ko‘prikning zaif nuqtalarini yo‘q qilishi, dronlar esa ko‘prik ustunlari yonida portlashi kerak edi. Ammo Rossiya havo hujumidan himoyani mustahkamlagani sababli, Ukraina faqat raketalardan foydalanish qarorini qabul qilgan.

NATO qo‘shinlari Yevropadagi qo‘mondoni Kristofer Kavoli va general-leytenant Antonio Aguto bu hujumni yoki kechiktirishni, yoki bekor qilishni taklif qilgan — ular ATACMS raketalari ko‘prikni yo‘q qilish uchun yetarli emas, deb hisoblashgan. Ammo Ukraina o‘z so‘zida turib olgan.

Zarba avgustda amalga oshirilgani tasdiqlandi

NYT ma’lumotiga ko‘ra, ATACMS bilan zarba 2024 yil avgust oyi o‘rtasida amalga oshirilgan. Ehtimol, bu 16 avgust kuni bo‘lib o‘tgan hodisadir — o‘shanda Rossiya Mudofaa vazirligi 12 ta raketa zarba berishgan uringanini xabar qilgan, ammo hech qanday zararni tan olmagan edi.

Endi AQSh rasmiylari NYT'ga tasdiqlashicha, zarba manzilga yetgan — ko‘prikning yo‘l qatlamida talafotlar («o‘ralar») hosil bo‘lgan, ular keyinchalik shoshilinch tarzda ta’mirlangan.

Shunga qaramay, operatsiya muhim ramziy qadam sifatida baholanadi — u urush davomida ikkinchi marta Rossiyaning ushbu strategik obekti daxlsiz emasligini ko‘rsatib bergan.

Siyosiy va harbiy ishora

Garchi ko‘prik to‘liq yo‘q qilinmagan bo‘lsa-da, unga berilgan zarba siyosiy va psixologik jihatdan kuchli ishora bo‘ldi. Operatsiya Rossiyaning strategik obektlariga yuqori aniqlikdagi qurollar bilan zarba berish mumkinligini va Kiyev, hatto ittifoqchilarning shubhalariga qaramasdan, bunday xatarli qarorlarga tayyor ekanini ko‘rsatdi.

Mavzuga oid