Jahon | 08:20 / 31.03.2025
8998
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eronga «misli ko‘rilmagan bombardimonlar» bilan tahdid qildi

Foto: telegraph.co.uk

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvni imzolamasa, mamlakat «misli ko‘rilmagan bombardimonlar»ga duchor bo‘lishi haqida ogohlantirdi, deb xabar bermoqda Reuters.

«Agar ular kelishuvni tuzmasa, albatta bombalashlarga duchor bo‘lishadi — bunga o‘xshash bombardimonlarni ular hali hech qachon ko‘rmagan», — dedi Tramp 30 mart, yakshanba kuni NBC telekanaliga telefon orqali bergan intervyusida.

 Shu bilan birga, AQSh rahbari yana bir muqobil chora haqida ham gapirdi: «Agar kelishuv bo‘lmasa, men ikkinchi darajali tariflar joriy qilaman — buni to‘rt yil oldin ham qilgandim».

Trampning ultimatumi uning Eron bilan muzokaralar boshlash urinishi ortidan yangradi. Reuters nashri yozganidek, joriy yil mart oyi boshlarida Tramp Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xominaiyga maktub yo‘llab, yadroviy dastur yuzasidan muzokaralar o‘tkazishni taklif etgandi.

Tramp avvalroq Fox Business telekanaliga bergan intervyusida shunday degandi: «Eron masalasini hal qilishning ikki yo‘li bor: harbiy va kelishuv orqali. Men kelishuvni afzal ko‘raman, chunki Eronga zarar yetkazishni istamayman».

Kecha, 30 mart kuni, Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon o‘z javobini bildirdi. CNN yozishicha, u AQSh bilan yadroviy dastur yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralardan bosh tortganini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Tehron o‘z rasmiy javobini Ummon vositachiligi orqali yetkazgan, biroq Vashington bilan bilvosita aloqalar ehtimoli saqlanib qolmoqda.

«Biz muzokaralardan qochmayapmiz; muammolarni avvaldan va’daga vafo qilmaslik keltirib chiqargan. Ular ishonchli ekanini amalda isbotlashlari kerak», — dedi Eron rahbari.

Eron Islom Respublikasining yadroviy dasturi atrofidagi keskinlik ortib bormoqda. BMT huzuridagi yadroviy nazorat organining fevral oyidagi hisobotiga ko‘ra, Eron uranni qurol ishlab chiqarishga yaqin darajada obod qilishni jadallashtirgan. Isroil va AQSh bir necha bor Eronga yadroviy qurol egallashga yo‘l qo‘ymasligini bayon qilgan.

Mavzuga oid