Sport | 12:09 / 31.03.2025
13330
16 daqiqa o‘qiladi

«Siti» kubok sari ketmoqda, «Barsa» raqiblarga dahshat solmoqda. Kun o‘yinlari

Angliya Kubogi chorakfinalida Husanov bir bo‘lim o‘ynadi. Gvardiola ikkinchi bo‘limda uning o‘rniga hujumkor futbolchi tushirdi va o‘yinda burilish yasadi. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: Reshfordning qaytishi va Holandning jarohati

Angliya Kubogi. 1/4 final
«Preston» — «Aston Villa» 0:3
Gollar:
Reshford (58, 63 penalti), Remzi (71).
Preston — Kornell, Stori, Gibson, Hyuz, Breydi, Tortarson (Mavene, 83), Uaytmen, Yyensen (Kerroll, 73), Megoma (Lindsey, 77), Kin (Osmaich, 64), Riis (Evans, 77). 
Aston Villa — Martines, Kesh (Garsiya, 81), Konsa, Mingz, Din, Kamara, Tilemans (Makginn, 73), Rojyers (Malen, 73), Remzi, Asensio (Onana, 73), Reshford (Uotkins, 81). 
Ogohlantirishlar: Kin (28), Uaytmen (67).

«MYu»dan ijaraga olingan Markus Reshford «Aston Villa»da faoliyatini qaytadan qurishni davom ettirmoqda. U — kubok o‘yinlarida to‘purar. Professional darajadagi debyutidan beri u Angliya kubogi va Liga kubogi o‘yinlarida jami 27 gol urgan va bu davr oralig‘ida hech kim u bilan bellasha olmaydi. «Preston» maydonida qiyin kechayotgan o‘yinning ikkinchi bo‘limida aynan Reshford Dinning uzatmasidan keyin to‘pga bir teginish bilan hisobni ochdi va keyinroq penaltini aniq ijro etdi, jamoalar saviyasidagi farqni esa uchinchi gol muallifi Jyeykob Remsi yaqqol ko‘rsatib berdi. U markaziy zonada bir fint bilan ta’qibchisini ortda qoldirdi va to‘pni jarima maydoniga qadar olib borib, burchakni aniq nishonga oldi. Natija — birminghemliklarning XXI asrdagi kubok o‘yinlarida qozongan eng yirik g‘alabasi va jamoa uchun 2015 yildan buyon ilk yarimfinal.

«Bornmut» — «Manchester Siti» 1:2
Gollar:
Evanilson (21) — Holand (49), Marmush (63). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Holand (14).
«Bornmut» — Arrisabalaga, Kuk, Zabarniy, Senesi (Jyebbison, 85), Soler (Hill, 67), Kristi (Smit, 73), Adams, Bruks (Uattara, 67), Klyuyvert, Semenio, Evanilson (Skott, 73).
«Manchester Siti» — Ederson, Nunesh, Husanov (O'Reyli, 46), Diash, Gvardiol, Kovachich (Niko, 83), Gundo‘g‘an (Makeyti, 83), Silva, de Bryuyne, Foden (Grilish, 69), Holand (Marmush,  61). 
Ogohlantirishlar: Husanov (37), Kristi (62), Kuk (70), Klyuyvert (77), Nunesh (86), Makeyti (90+5).

Yarimfinallarga yigirma bor chiqqan «Manchester Siti» ham sovrin uchun kurashni davom ettirmoqda, bu kubok inqirozli mavsumda muxlislar uchun yagona yupanch bo‘lishi mumkin. Jamoadagi muammolar «shaharliklar» bu mavsumda 21-marta o‘z darvozasi birinchi bo‘lib ishg‘ol etilishiga yo‘l qo‘yganida yana bir bor ko‘zga tashlandi. Bu borada bundan yomonroq ko‘rsatkich faqat APLni tark etishga yaqin turgan «Lester» (25) va «Sauthempton» (22), shuningdek, beqaror o‘yin ko‘rsatayotgan «MYu» (22) tomonidan qayd etilgan. Bu hujum Nunes qanotdan markazga to‘p uzatishda xatoga yo‘l qo‘yishi bilan boshlandi, Bruksning olis burchak tomon uzatmasidan keyin Klyuyvert to‘p uchun kurashda xuddi shu Nunesdan ustun keldi va zarba yo‘lladi, shu kuni boshlang‘ich tarkibda tushgan Husanov darvoza to‘riga kirib ketayotgan to‘pni to‘xtatib qolishga urindi, ammo mezbonlar hujumchisi Evanilson undan ildamroq harakat qildi va hisob ochildi. Holbuki bungacha Holandning o‘zida gol urish uchun ikkita yaqqol vaziyat bo‘lgandi.

Ammo norvegiyalik hujumchi avvaliga penaltidan zarba berishda Kepani alday olmadi, keyin esa yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib to‘pni nafaqat darvozabon, balki to‘sin ustidan ham oshirib tepdi. Tanaffusda esa Gvardiola favqulodda o‘zgarishga qo‘l urdi, markaziy himoyada harakat qilgan Husanov o‘rniga chap qanot hujumchisi O'Raylini maydonga tashladi. Aynan shu o‘zgarish o‘yin taqdirini hal qildi, kubok o‘yinlarida bungacha ham uch bor gol urishga ulgurgan 20 yoshli futbolchi avvaliga Erling qatorasiga uchinchi mavsumda ingliz jamoasi uchun kamida 30 gol urishiga yordam berdi. Angliyada bunday seriya Rud van Nistelroy davridan buyon (2001 yildan 2004 yilgacha) kuzatilmagandi. Ammo Erling ko‘p o‘tmay jarohat oldi va o‘rnini Marmushga bo‘shatib berdi. O'Rayli esa misrlik hujumchiga ham golli pas berib, o‘yinning eng yaxshi futbolchisiga aylandi.

Endi «Siti» yarimfinalda «Nottinghem», «Aston Villa» «Kristal Pelas»ga qarshi o‘ynaydi.

Ispaniya: Messi davridagi kabi

La Liga. 29-tur.
«Barselona» — «Jirona» 4:1
Gollar:
Kreychiy (43, avtogol), Levandovski (61, 78), Torres (86) — Danjuma (53). 
«Barselona» — Shesni, Kunde, Arauxo, Martines (Kubarsi, 81), Martin, Pedri (Torre, 87), Garsiya (Balde, 81), Gavi (de Yong, 67), Yamal, Lopes (Torres, 67), Levandovski. 
«Jirona» — Gassaniga, Franses, Blind, Kreychiy, Gutiyerres, Tsigankov (Stuani, 71), Martines (Mayshuy, 80), Artur (Romero, 71), Errera, Aspirilya (Portu, 59), Danjuma.
Ogohlantirish: Errera (42).

«Barselona»ni to‘xtatib bo‘lmayapti, hatto FIFA kunlari ortidan navbatdan tashqari o‘yin qo‘yib berilsa ham. Payshanba kuni «Osasuna»ga qarshi qoldirilgan o‘yin va Kataloniya derbisi oralig‘ida tiklanish uchun uch kundan kamroq vaqt bo‘ldi, ammo jamoa buni amalda sezmadi. Butun o‘yin davomida zaxira o‘rindig‘ida qolgan Rafinyaning yordamiga zarurat tug‘ilmadi. 

«Barselona» tetik boshladi va tezkor gol uradigandek ko‘ringandi. Avvaliga Levandovskining qulay vaziyatdan yo‘llagan zarbasini darvozabon qutqardi, ikkinchi tempda hujumni davom etgan Firmin penalti ishladi — ammo VAR bu vaziyatda Lopesning o‘zi qoidani buzgan deb topdi va bosh hakam o‘z qarorini bekor qildi.

Keyin esa Yamal o‘z uslubida o‘zi uchun vaziyat yaratdi: uch raqibni ortda qoldirib, yaqin burchakni nishonga oldi, Gassaniga yana seyv ijro etdi. Uning ortidan Arauxo Pedrining burchakdan uzatmasidan xavfli zarba yo‘lladi va darvozabon yana bir bor aql bovar qilmas reaksiya ko‘rsatdi. Va bularning bari — atigi 22 daqiqa ichida bo‘lib o‘tdi.

«Jirona» quyi blokda himoyalandi, to‘pga egalik qilish haqida o‘ylamadi va avtobus qo‘yish uslubida sabr qildi. Va ham darvozabon, ham himoyachilarning sa’y-harakatlari bilan bo‘lim oxirigacha bardosh berdi.

43-daqiqada esa Lopes xavfli standart vaziyat ishladi, Yamal to‘pni yaqin burchakka yetkazib berdi, himoyachi Kreychi esa Garsiya bilan to‘p uchun kurash chog‘ida o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi.

53-daqiqada Arauxo to‘pni uzoqlashtirishda xato qildi, kataloniyaliklarning sobiq futbolchisi Artur uni egallab oldi, Blind esa Danjumani amalda yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi. Arauxo ofsayd chizig‘ini ushlay olmadi va hisob tenglashdi.

Shundan keyin o‘tgan o‘yinda dam berilib, faqat zaxiradan tushirilgan Levandovski katta sahnaga chiqdi. Pedri jarima maydoniga uzatma berdi, Fermin to‘pni bosh bilan darvozabon hududiga tashladi, u yerda turgan Robert chalqancha holatda turib, to‘pni Gassaniganing oyoqlari orasidan o‘tkazdi. Ko‘p o‘tmay u ikkinchi golni ham urdi va amalda o‘yin taqdirini hal qildi. Polshalik hujumchi la ligadagi 24 va 25-gollarini bilan yana Mbappedan (22) uzoqlashib ketdi.

Bundan tashqari, 36 yosh-u 221 kunligida 25 ta gol urib, «Real» afsonasi Ferens Pushkashni ortda qoldirib, la liganing yana bir abadiy rekordini o‘rnatdi. Shu jumladan, «Barsa» o‘z to‘purari tufayli sermahsullik bo‘yicha 2017/18 yilgi mavsumdan beri eng yaxshi natijani ko‘rsatmoqda. Bu Messi davrida bo‘lganini hamma eslaydi, lekin bir nyuans bor.

O‘shanda 141 gol mavsum oxiriga qadar urilgandi, hozirgi 139 aniq zarba esa — mart oxirida qayd etilmoqda. Ispaniyaning hech bir klubi 45 ta rasmiy o‘yinda bu qadar ko‘p gol urmagandi. Eng asosiysi esa hozirda turnir jadvalida yuzaga kelgan holat: o‘yinlar teng holatida kataloniyaliklar «Real»ni yana uch ochkoga ortda qoldirmoqda.

Italiya: «Atalanta» poygani tark etdi

A Seriya. 30-tur
«Fiorentina» — «Atalanta» 1:0
Gol:
Ken (45). 
«Fiorentina» — De Xea, Pongrachich, Mari, Raniyeri, Dodo (Komuzzo, 84), Fajoli (Richardson, 84), Kataldi, Mandragora, Parizi (Folorunsho, 71), Gudmundsson (Beltran, 67), Ken (Zaniolo, 84). 
«Atalanta» — Karnezekki, Jimsiti, Hin, Kolashinats, Bellanova, De Ron, Pashalich (Rujyeri, 75), Zappakosta (Kuadrado, 75), de Ketelare (Breshianini, 65), Retegi (Samarjich, 55), Lukman (Maldini, 55). 
Ogohlantirishlar: Hin (77), Samarjich (86), Kolashinats (90+3).

Yevrokuboklarga chiqishga urinayotgan va yettinchi o‘rinda borayotgan «Fiorentina» «Atalanta»ni skudetto uchun kurashdan uzil-kesil chiqarib yubordi. So‘nggi turlar bergamoliklar uchun haqiqatni tan olish davri bo‘ldi, FIFA o‘yinlari oldidan jamoa o‘z maydonida «Inter»ga yutqazgandi (0:2), Florensiyadagi o‘yinda Hinning yomon o‘yini Jan Piyero Gasperinini aqldan ozdiray dedi. Maydon markazida uni aldab o‘tgan Moyze Kin jamoasiga g‘alaba keltirdi, u A Seriyaning joriy mavsumidagi o‘n oltinchi golini yakka o‘zi harakat qilib urdi. «Atalanta» endi «Inter»dan 9 ochko ortda qolmoqda va chempionlikdan umid uzdi.

«Inter» — «Udineze» 2:1
Gollar:
Arnautovich (12), Frattezi (29) — Sole (71).
«Inter» — Zommer, Pavar, Acherbi, Augusto, Darmian (Zalevski, 76), Frattezi (Barella, 64), Chalxono‘g‘li (Aslani, 64), Mxitaryan, Dimarko (Bissek, 63), Tyuram, Arnautovich (Korrea, 55). 
«Udineze» — Okoyye, Kristensen, Biyol, Sole, Exizibue, Atta (Payyero, 71), Karlstrom (Zarraga, 70), Lovrich (Bravo, 46), Kamara (Modesto, 70), Ekkelenkamp (Pafundi, 80), Lukka. 
Ogohlantirishlar: Acherbi (90+1), Barella (90+4).

Jarohatlangan Lautaro Martines yo‘qligida «Inter»ning hujum chizig‘idagi asosiy harakatlantiruvchi kuchi Dimarko bo‘ldi. Ushbu himoyachining ikki bor hujumga qo‘shilishi Arnautovich va Fratteziga ideal uzatmalarga aylandi. Agar top-5 ligalarning so‘nggi ikki mavsumidagi ko‘rsatkichlar olinsa, Dimarko sermahsullik bo‘yicha (9 gol va 12 pas) «Bayyer»ning qanot futbolchilari Grimaldo va Frimpongdan keyingi uchinchi natijani qayd etmoqda. Yakshanba oqshomidagi qahramonlik maqomini u Zommer bilan bo‘lishsa ham bo‘ladi, darvozabon hisob 2:1 holatida uchta aql bovar qilmas seyv ijro etdi. O‘yin davomida odatda bosiq bo‘ladigan Simone Indzagi ham «Inter» posboni qo‘shib berilgan daqiqalarda yaqin masofadan yo‘llangan zarbani qaytarganida hissiyotlarini tiyib turolmadi va qizil kartochka oldi.

«Napoli» — «Milan» 2:1
Gollar:
Politano (2), Lukaku (19) — Yovich (84). 
Aniq ijro etilmagan penalti: S.Ximenes (69). 
«Napoli» — Meret, Di Lorenso, Buonjorno, Rahmani, Olivera, Gilmur, Lobotka (Jyesus, 81), Angissa (Billing, 65), Neres (Ngonj, 85), Politano (Matssoki, 85), Lukaku (Simeone,  85). 
«Milan» — Menyan, Uoker (A.Ximenes, 80), Gabbiya, Pavlovich, Ernandes, Fofana, Bondo (Leau, 46), Reynders, Pulishich (Yovich, 80), Feliks (Chukvueze, 55), Abraham (S.Ximenes, 55). 
Ogohlantirishlar: Lukaku (40), A.Ximenes (90).

Serjiu Konseysau boshchiligidagi «Milan», albatta, qahramonliklar ko‘rsatishga qodir va bu safar ham kambekka yaqin edi. Ammo Antonio Konte boshqaruvidagi «Napoli» o‘ta uyushqoq va tizimli jamoa bo‘lib, uning uchun ikki gollik ustunlik - muvaffaqiyatning deyarli yuz foizli kafolati. Janubliklar bu ustunlikka rossonerilar mudofaa markazining zaif tomonlaridan foydalanib, tezda erishdi. Politano muallifligidagi birinchi gol ikkinchi daqiqadayoq urildi, neapolliklar 1955 yildan beri «Milan» bilan o‘yinlarda bunday tezkor gol ura olmayotgandi. Buning ortidan Lukaku yubiley golini nishonladi, Gilmor jarima maydoni markazida turgan sherigiga ideal uzatma oshirdi. Belgiyalik futbolchi uchun bu professional darajadagi 400-gol bo‘ldi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Billing jarima maydoni ichida ehtiyotkorsizlik qilib, Ernandesni yiqitgach, mezbonlarda asabiylik boshlandi. Ammo Meret Santyago Himenes ijrosidagi penaltini qaytardi. Shundan keyin «Napoli» ustunlikni saqlab qolish uchun butunlay himoyaga yotdi, «Milan» esa o‘zgarishlar hisobiga sezilarli darajada kuchaydi. O‘yin oxirlarida Yovich Ernandesning uzatmasidan keyin hisobni qisqartirdi. Lekin mezbonlar mehmonlarning yakuniy shturmini amallab qaytarishdi va chempionatdagi intrigani saqlab qoldi. «Inter» bilan oradagi farq hamon 3 ochkoni tashkil etmoqda.

Germaniya: Shlotterbekning yangi qirrasi

Bundesliga. 27-tur
«Borussiya» D — «Mayns» 3:1
Gollar:
Bayyer (39, 72), Jan (42) — Nebel (76).
«Borussiya» D — Kobel, Anton (Bensebayni, 90+1), Jan, Shlotterbek, Koutu (Svensson, 62), O‘zjan (Zyule, 79), Gross, Ryuyerson, Brandt (Chukvuemeka, 79), Adeyyemi (Gittens, 90), Bayyer. 
«Mayns» — Yyentner, da Kost, Yyens, Hanche-Olsen, Vidmer (Veratshnig, 66), Amiri, Sano, Kasi (Norden, 88), Nebel, Li Chjye Son (Hon Hyon Sok, 65), Nebel (Zib, 87), Burkardt. 
Ogohlantirishlar: Koutu (45), Shlotterbek (89).

Chempionlar ligasiga da’vogar jamoa chempionat turnir jadvali o‘rtasida yurgan jamoaga qarshi — bu ushbu ikki jamoalar o‘rtasidagi to‘qnashuv uchun odatiy afisha. Ammo bu mavsumda «Borussiya» va «Mayns» rollarini almashtirgan. Dortmund hozirda YeChL yo‘llanmasini faqat orzu qilishi mumkin, shu vaqtgacha biror marta mavsumni beshinchi o‘rindan yuqorida yakunlay olmagan raqib esa tarixdagi eng yaxshi natijasi uchun kurashmoqda. Ammo yakshanba oqshomida dortmundliklar o‘zining eng yaxshi davrlaridagi kabi o‘yin ko‘rsatdi. Qolaversa, Niko Kovachning original yurishi ish berdi. Odatda markaziy himoyachilardan burchak zarbalari vaqtida ikkinchi qavatdagi kurash uchun foydalaniladi, ammo murabbiy Shlotterbekning boshqa ustunligidan foydalandi. Uning chap oyog‘i yaxshi, uzoqqa uzatmalari — Hummelsnikidan qolishmaydi. Uning bu iste’dodidan kornerlarni ijro etishda foydalanildi, bu uzatmalar Emre Jan va Bayyer ikkinchi golini urganida qo‘l keldi. «Mayns» mag‘lubiyatga uchraganiga qaramay, raqobatchilari ham bu turda qoqilgani tufayli to‘rtinchi o‘rinni o‘zida saqlab qoldi. «Borussiya» esa hozircha o‘rinchi o‘rinda qolmoqda va yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi oltinchi o‘rin bilan farq to‘rt ochkoni tashkil etmoqda.

Mavzuga oid