Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Gaz yana portladi” – “M-25” konida vodorod sulfidining “nazorat ostidagi otilishi” ro‘y berdi
Boysundagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konida takroriy portlash yuz berdi. Mahalliy aholiga ko‘ra, voqea konning avvalroq avariyaga uchragan hududida emas, yangi burg‘ilangan quduqda yuzaga kelgan. Energetika vazirligi buni “vodorod sulfidining nazorat ostidagi otilishi” deb atamoqda, ammo nima sabab sodir bo‘lganidan bexabar. Hozirda tabiatga zarar yetkazmaslik uchun quduq yoqib qo‘yilgan, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagani aytildi.

Surxondaryoning Boysundagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konidagi avariya yana kun tartibiga qaytdi. 2025 yilning 27 mart kuni “M-25” gaz konidagi 202-sonli quduqda navbatdagi portlash sodir bo‘ldi.
Kun.uz’ga hodisa haqida qisqacha ma’lumot bergan fuqaroga ko‘ra, holat konning avvalroq avariyaga uchragan quduqlarida emas, boshqa joyida yuzaga kelgan.
“Biz Kofrundamiz, oldingi gaz yongan taraf bu [boshqa] tomonda edi, hozir boshqa joydan yana yonyapti… Gaz yana portladi. Yangi burg‘ilash joyida yana gaz portladi”, – deyiladi hamyurtimiz jo‘natgan videoda.
Energetika vazirligi buni “vodorod sulfidining nazorat ostidagi otilishi” deb atagan. Ammo rasmiylar “nazoratli otilish”ning sabablaridan bexabar. Noxush vaziyat va yong‘inning kelib chiqish sabablari o‘rganilib, qo‘shimcha ma’lumot berilishi kutilmoqda.
Shu yerda mantiq yo‘qoladi, qanday qilib sabablari aniqlanishi kutilayotgan jarayonda “nazorat ostidagi otilish yuzaga kelgan” deyish mumkin?
Qayd etilishicha, tabiatga ziyon yetkazmaslik va havo ifloslanishining oldini olish maqsadida hozirda 202-sonli quduq yopib qo‘yilgan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan. Voqea joyiga zudlik bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi brigadasi yetib borgan.
Ishlarni tashkil etish maqsadida Energetika vazirligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar tarkibida tashkil etilgan maxsus shtab vakillari ham hodisa joyiga yetib kelgan.
“Ayni paytda kerakli barcha chora-tadbirlar zarur texnika hamda uskunalardan samarali foydalanilgan holda olib borilmoqda. Shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha kuchaytirilgan choralar ko‘rilmoqda.
Alohida ta’kidlash lozimki, yuzaga kelgan mazkur holat aholi va yaqin atrofdagi hududlarga hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Jarayon Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi hamda Ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismi mutaxassislari tomonidan to‘liq nazorat ostiga olingan”, – deyiladi rasmiy xabarda.
Eslatib o‘tamiz, “Mustaqillikning 25 yilligi” konidagi dastlabki avariya 2024 yil 1 sentabr kuni sodir bo‘lgandi. O‘shanda “Ko‘lqamish” MFY hududida joylashgan 604-sonli qudug‘ida burg‘ilash ishlari olib borilayotgan paytda texnologik jarayon buzilib, vodorod sulfid gazi chiqishi kuzatilgan.
2024 yil 17 sentabr kuni yana portlash bo‘lgan, 604-sonli quduqning yon tarafidan yuqori bosimli vodorod sulfid gazi sizib chiqqan. Oqibatda 4 kishi vafot etgan, 11 kishi jarohatlangandi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov vafot etganlarning oilasi pudratchi tashkilot tomonidan otaliqqa olinishini bildirgan, ammo bu borada nimalar qilingani ma’lum emas.
Ma’lumot uchun, bir muddat avval kon atrofi “olovli vodiy”ga aylanib qolgani xabar qilingandi. Endi Boysun avvalgidek eng so‘lim shahar bo‘lolmaydi. Ammo shu ketishda Turkmanistonning ulkan gaz konidagi sayyohlar uchun ekskursiya maydoni – “Do‘zax darvozalari”ga aylanishi mumkin.
So‘nggi yangiliklar
-
Ukraina Rossiyaga kelasi hafta yangi muzokaralar o‘tkazishni taklif qildi – Zelenskiy
Jahon | 23:10 / 19.07.2025
-
Xitoy Tibetda dunyodagi eng yirik GES qurishni boshladi
Jahon | 22:48 / 19.07.2025
-
Ozarboyjon AZAL samolyoti halokati bo‘yicha Rossiyaga qarshi xalqaro da’vo tayyorlamoqda
Jahon | 22:12 / 19.07.2025
-
Klasterlarning fermerlar oldida juda katta qarzdorligi bor - Qudbiyev
Iqtisodiyot | 21:56 / 19.07.2025
Mavzuga oid

12:46 / 28.06.2025
Boysunda metan-zapravkada Nexia portlab ketdi. Qurbon bor

14:09 / 18.06.2025
Boysun o‘rmon hududida yirik yong‘in: 3 gektar maydondagi olov qariyb 14 soatda o‘chirildi

21:16 / 11.06.2025
Boysunda vodorod sulfidi gazi miqdori me’yordan oshmagan – Ekovazirlik

21:32 / 19.05.2025