O‘zbekiston | 20:33 / 27.03.2025
3295
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallasni qabul qildi

Uchrashuvda O‘zbekistonning YeI institutlari bilan munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev 27 mart kuni Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar beradi prezident matbuot xizmati.

Uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon Shavkat Mirziyoyevga Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyenning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Joriy yil 3-4 aprel kunlari Samarqand shahrida «Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti tadbirlarini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bugun Ashxobod shahrida o‘tgan vazirlar darajasidagi ko‘p tomonlama uchrashuvning samarali yakunlari yuksak baholandi.

Savdo va logistika, shu jumladan, Transkaspiy transport yo‘lagi salohiyatini ro‘yobga chiqarish, raqamlashtirish, «yashil» energetika, ekologiya, infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda ikki mintaqa o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni ilgari surish, tashabbus va loyihalarni amalga oshirishning samarali mexanizmlarini joriy qilish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekistonning YeI institutlari bilan munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitimni qabul qilish hamda mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi masalalari muhokama qilindi.

Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Mavzuga oid