O‘zbekiston | 16:21 / 27.03.2025
4419
5 daqiqa o‘qiladi

2025 yilda 30 trillion so‘mlik davlat mulkini sotib, budjetga 10 trillion so‘m tushirish vazifasi qo‘yildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 mart kuni davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha joriy yilgi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda qayd qilinishicha, tizimda kamchiliklar, hududlar va tarmoqlarda foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko‘p. Bo‘sh turgan joylarni iqtisodiy aktivga aylantirish, auksionga qo‘yilgan tayyor binolarni sotishda sustkashliklar bor.

Masalan, hududning ixtisoslashuvi, kommunikatsiya o‘tkazish imkoniyati o‘rganilmasdan auksionga chiqarilgan 1,5 ming gektar yer 1 yildan ortiq sotilmagan. 4 mingta yer uchastkasini auksionga chiqarishda kelishish jarayonlari kechikkan. Vazirlar va hokimlar o‘tgan yili sotilishi kerak bo‘lgan 243 ta mulkni Davlat aktivlari agentligiga o‘tkazib bermagan.

Yirik davlat korxonalarida ham ishlar jadal emas. “Avtosanoat”, “Kimyosanoat”, “Metallurgiya kombinati”, “O‘zbekneftgaz” kabi 22 ta korxona haligacha xalqaro moliyaviy hisobot yuritishga o‘tmagan. “O‘zbekiston pochtasi”, “Uzbekistan Airports”, “O‘zbekiston temir yo‘llari” haligacha kredit reytingi olmagan.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda bu kabi masalalarni hal etib, ishlarni jadallashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Xususiylashtirish sohasidagi 2025 yilgi maqsadlar belgilab olindi. Jumladan:

- 30 trillion so‘mlik davlat mulkini sotib, budjetga kamida 10 trillion so‘m tushumni ta’minlash;

- 116 ta korxonadagi davlat ulushini va 581 ta ko‘chmas mulk obektini sotuvga chiqarish;

- 6,1 ming gektar yerni auksionga qo‘yib, sotish hajmini 6 trillion so‘mga yetkazish;

- kamida 300 ta kon va maydonni tashabbuskorlarga taklif etib, 500 milliard so‘m tushum tushirish.

Yig‘ilishda bu maqsadlarga erishish uchun bir qator yengilliklar berilishi e’lon qilindi.

Endi tadbirkorlar kamida besh yil ijarada foydalangan davlat mulkini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi sotib olishi mumkin bo‘ladi. Bugungi kunda 632 ta shunday obekt bor. Ushbu mulklarni ijarachilarning o‘ziga sotish orqali kamida 2 trillion so‘m tushum qilish mumkin.

Paxtasanoatning sotilmay qolgan 131 ta aktivlarining boshlang‘ich bahosi 50 foizgacha pasaytirilib, auksionga chiqariladi. Bunda, tadbirkorlarga to‘lovlarni uch yilgacha bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.

Hozir respublikadagi 537 ta bozor va savdo majmualarining kamida 51 foiz ulushi mahalliy hokimliklarga tegishli. Endi bu tartib ham o‘zgaradi. Bozorlarda mahalliy hokimlikning majburiy ishtirok etishi to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi. Bu ham tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imkoniyat bo‘ladi.

Yer maydonlarini sotish bo‘yicha ham imkoniyatlar kengaytiriladi. Masalan, auksionda uzoq vaqtdan buyon sotilmay turgan, maydoni kichik bo‘lgan yonma-yon joylashgan yer uchastkalari birlashtirilib, qayta auksionga chiqariladi.

Davlat aktivlaridan samarali foydalanib, mahalliy budjetga tushumni ko‘paytirish bo‘yicha yaxshi tajribalar ham bor. Misol uchun, Toshkent shahrida munitsipal toifadagi joylar xatlov qilinib, elektron bazasi yaratildi. 102 ta samarasiz bino hamda 97 gektar bo‘sh yer aniqlanib, auksionga chiqarish boshlandi. O‘tgan yili bino-inshootlar ostidagi 118 gektar yer uchastkalarini xususiylashtirishdan 60 milliard so‘m tushum bo‘ldi. Bu – 2022 yilga nisbatan 5 karra ko‘p degani.

Endi ushbu tajriba barcha viloyat markazlarida, keyingi yil tumanlarda joriy qilinadi.

Sohadagi yana bir muhim masala – davlat ishtirokidagi korxonalarni xalqaro bozorga olib chiqish. Bugungacha ushbu tizim o‘zini oqlagan va samarasini bergan. Xalqaro tashkilotlar ham buni e’tirof etayapti.

Mutasaddilarga ekspertlarni jalb qilgan holda bu jarayonlarni davom ettirish vazifasi qo‘yildi. Bu yil xalqaro bozorlarda yana 28 ta, keyingi yil 10 ta yirik korxona aksiyalari ommaviy savdoga chiqarilishi belgilandi.

Bosh vazirga bu bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlab, ijrosini har oyda muhokama qilib borish topshirildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan maslalar yuzasidan vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar axborot berdi.

Mavzuga oid