Mercedes o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shaydigan xodimlariga 500 ming yevrogacha pul taklif qilmoqda
Kompaniya rahbariyati majburiy qisqartirishlar o‘rniga moliyaviy rag‘batlantirish strategiyasini tanlab, xodimlarni o‘z ixtiyori bilan lavozimni tark etishga undashga qaror qildi.

Foto: Getty images
Germaniyaning Mercedes-Benz avtomobil ishlab chiqaruvchisi xarajatlarni qisqartirish dasturini ishga tushirdi va ixtiyoriy ravishda ishdan bo‘shaydigan xodimlariga 500 ming yevrogacha kompensatsiya taklif qilmoqda.
Kompaniyaning maqsadi — 2027 yilga qadar 5 milliard yevro tejashdir. Rahbariyat majburiy qisqartirishlar o‘rniga moliyaviy rag‘batlantirish strategiyasini tanlab, xodimlarni o‘z ixtiyori bilan lavozimni tark etishga undashga qaror qildi. Dastur asosan ma’muriy xodimlarga qaratilgan bo‘lib, to‘lov miqdori ish staji va maoshga bog‘liq.
Maksimal 500 ming yevro kompensatsiyani kompaniyaning faxriy xodimlari olishi mumkin. Masalan, oylik maoshi 9 ming yevroga yetadigan, 30 yillik ish stajiga ega 55 yoshli bo‘lim rahbari o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shashga rozi bo‘lsa, shuncha miqdorda kompensatsiya oladi.
45 yoshli, 20 yillik ish stajiga ega va oylik maoshi 7,5 ming yevroni tashkil etadigan menejer — 300 ming yevro, 6 ming yevro daromadga ega 30 yoshli xodim — 100 ming yevro kompensatsiya olishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, dastur ishlab chiqarish bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan 30 mingga yaqin xodimni qamrab oladi. Alohida takliflar yaqin haftalarda beriladi, xodimlar esa qarorni 2025 yil 31 iyulgacha qabul qilishlari kerak.
Mercedes kompaniyasining qayd etishicha, ushbu taklifni rad etgan xodimlar ishdan bo‘shatilmaydi, shuningdek, kompaniya kerakli mutaxassislarni hatto o‘zi xohlasa ham, olib qolishga harakat qiladi.
Kasaba uyushmasi bilan tuzilgan kelishuvga ko‘ra, bu kabi yondashuv orqali ma’muriy xodimlar 2034 yilgacha qisqartirishlardan himoyalangan.
Mavzuga oid

07:35 / 29.07.2024
Mercedes poygachisi Belgiya Gran-prisida g‘alaba qozonganidan so‘ng diskvalifikatsiya qilindi

08:14 / 06.01.2022
Toshkentda tungi drift uyushtirgan «Mercedes» haydovchisi javobgarlikka tortildi

09:34 / 14.02.2021
Mercedes 1,3 milliondan ko‘proq mashinasini qaytarib olmoqda

20:51 / 17.09.2020