Jahon | 21:56 / 24.03.2025
5095
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Ukraina urush muzokarasiga «ikkinchi tarkib»ni yubordi

Bugun, 24 mart kuni Arabistonda Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkaziladi. Unda AQSh, Rossiya va Ukraina vakillari ishtirok etadi. Bu muzokara formati shunchalik g‘alatiki, uni eshitib hayron qolishingiz aniq. Videoni oxirigacha tomosha qiling. Ishoning, bunaqa diplomatik tryuk haqida har kuni eshitavermaysiz.

Bir xonada ruslar, boshqa xonada ukrainlar

AQSh prezidentining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog ABC telekanaliga intervyu berib, Arabistondagi muzokara formati haqida gapirib berdi. Diqqat qilishingizni so‘rardim, Kit Kellog Trampning milliarder do‘sti, Taker Karlsonga intervyu berib, Putinni maqtab o‘tiradigan Stiven Uitkoffdan keskin farq qiladi. Kellog sobiq general, u Uitkoff kabi ochiqchasiga Rossiyaga og‘ishib muzokara qilmaydi, ikki tomon manfaatlaridan kelib chiqib taklif aytadi.

Ana shu Kellogning aytishicha, Arabistondagi muzokaralarda AQSh, Rossiya va Ukraina vakillari bir mehmonxonaga joylashadi. Rossiya delegatsiyasi mehmonxonaning bir xonasida, Ukraina delegatsiyasi xuddi o‘sha mehmonxonaning boshqa qavatidagi alohida xonaga joylashadi. Ular o‘zaro muhokama qilishadi, takliflar bildiradi. Endi diqqat qiling: ruslar va ukrainlarning gapini amerikalik muzokarachilar bir-biriga yetkazadi. Xuddi maktab davridagi kabi. Yoshlikda ikki sinfdosh urishib qolsa, bir-biriga boshqa sinfdosh orqali gapini yetkazardi. Yoki bir yigit boshqa sinfdagi qizni sevib qolsa, o‘rtada xuddi general Kit Kellogga o‘xshagan, butunlay boshqa sinfda o‘qiydigan vositachi qiz bo‘lardi. Uning vazifasi sevishganlarning dil izhorlarini, ba’zan xatlarini bir-biriga yetkazish bo‘lardi. Evaziga esa konfet yoki biror meva bilan mukofotlanardi.

Kit Kelloggning intervyusidan keyin tushunib yetdimki, o‘sha vositachi maktab bolalari butun boshli jahon diplomatiyasi amallarini bajargan ekan. Ustozlarimiz katta hayotga ilk qadamlar maktabdan boshlanadi deb bejizga aytishmagan ekan.

Nega bunday qilishyapti?

Jiddiy aytadigan bo‘lsak, amerikaliklar nega bunaqa maktabcha muzokara formatini joriy qilayotganini tushunish mumkin. Rossiya va Ukraina urush holatida, muzokaralarda davlat nomidan gapiradigan katta-katta siyosatchilar qatnashadi. Tabiiyki, hududiy yon berishlar masalasida gap boshlanganda ular janjallashib ketishi aniq. Chunki har qancha bosiq siyosatchi bo‘lmasin, falon km yeringni dushmaningga topshirasan desa, o‘zini bosib tura olmaydi. Bunday holatda esa kelishib bo‘lmaydi.

Kit Kellog aytgan formatda esa har ikki o‘ziga biriktirilgan xonada dushman muzokarachisini istagancha so‘kadi, keyin hovuri bosilgach o‘z davlati maksimum qayergacha yon berishi mumkinligini aytadi. Sovuqqon amerikalik muzokarachilar fikrlarni yetkazib, o‘z pozitsiyalarini ham bildirib turishadi. Shu tariqa qandaydir kelishuvga umid qilish mumkin.

Yangi muzokarachilar

Uchala tomondan bu galgi muzokaralarda yangi nomlar ishtirok etadi. AQSh nomidan davlat kotibi Marko Rubio va Trampning xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolsdan tashqari diplomat, spitchrayter Maykl Anton ham qatnashadi. Anton AQShdagi nomzod diplomatlardan biri. U Nyu York merining spitchrayteri bo‘lgan, shuningdek Tramp va Makron uchrashganda bir kun davomida Oq uyda bosh oshpazlik ham qilgan. Tramp bosh oshpazlar ishtiroki yangilik bo‘lmagan urushni tugatish muzokarasiga atay Maykl Antonni yuborgandir.

Ukraina va Rossiya muzokaralarda biroz kuchsiz tarkib bilan qatnashadi. Rossiyadan Lavrov ham, Putinning maslahatchisi Ushakov ham bo‘lmaydi. Ularning o‘rniga Saxalin oblastidan dumaga saylangan senator Grigoriy Karasin va FSb direktori maslahatchisi Sergey Beseda Arabistonga borgan. Urush boshida general Beseda qamoqqa olingani haqida xabarlar chiqqandi.

Ukraina nomidan muzokarada qatnashadigan eng katta mulozim mudofaa vaziri Rustem Umerov bo‘ladi. Unga prezident ma’muriyati maslahatchisi Pavel Palis hamrohlik qiladi. Delegatsiyaning aksar vakillari Ukraina energetika vazirligidan bo‘ladi.

Ruslar va ukrainlar muzokaraga boshqaruvga deyarli aralashmaydigan odamlarni yuborayotgani esa eng xavotirli jihat. To‘g‘ri, Arabistonda asosan energetika obektlariga zarba bermaslik muhokama qilinadi, lekin baribir AQShdan davlat kotibi va prezident vakili borib turganda urush ishtirokchilari bunday odamlarni yuborishi Rossiya ham, Ukraina ham muzokaraga jiddiy qaramayapti degan xulosaga olib keladi. Chindan shunaqaga o‘xshayapti.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid