Do‘rmonda bir-biriga tutash 3 ta uyda yong‘in sodir bo‘ldi
Voqea joyiga viloyat va tuman FVB rahbariyati yetib borgan. Yong‘in oqibatida tan-jarohati olgan va halok bo‘lganlar to‘g‘risida xabar kelib tushmagan.

Foto: FVV
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Toshkent viloyati Qibray tumanida yuzaga kelgan yong‘in to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 24 mart kuni soat 18:26 da Qibray tumani «Do‘rmon» MFY Ma’rifat ko‘chasida joylashgan uylarda yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida FVBga xabar tushgan.
Shunga ko‘ra, yong‘in-qutqaruvchilar soat 18:28 da hodisa joyiga yetib borib, yong‘in 19:33 da o‘rab olingan va u soat 20:10 da to‘liq bartaraf etilgan.
Voqea joyiga Toshkent viloyati va tuman FVB rahbariyati yetib borgan.
Yong‘in natijasida bir biriga tutash qurilgan uchta xonadonning taxminan 415 metr kvadrat maydonda tomi, shifti va uy-jihozlari yonib zararlangan. Yong‘in oqibatida tan-jarohati olgan va halok bo‘lganlar to‘g‘risida xabar kelib tushmagan.
«Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda», — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, yong‘inni bartaraf etishga 9 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va ikkita yordamchi suv tashishga mo‘ljallangan texnika jalb etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 23 mart kuni Sergeli tumani Xonobod ko‘chasida joylashgan, yangi qurilayotgan bino fasad qismida yong‘in sodir bo‘lgandi.