Jahon | 19:49 / 22.03.2025
8915
3 daqiqa o‘qiladi

Trampga o‘q uzilganda Putin uning haqiga duo qilgan – Uitkoff

AQSh prezidenti maxsus vakilining aytishicha, bu «mehrli ishora» Tramp va Putin o‘rtasidagi «aloqa»ni tikladi.

Foto: Stefani Reynolds / Bloomberg / Getty Images

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Trampga uning portretini sovg‘a qildi va suiqasd uyushtirilganda haqiga duo qilganini aytdi. Bu haqda Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Suhbat chog‘ida Uitkoff Putinni yomon odam deb hisoblamasligini ta’kidladi. Uning fikricha, urushga faqat bir kishi emas, balki bir qancha omillar sabab bo‘lgan.

Uitkoffning eslashicha, Rossiyaga ikkinchi tashrifi «shaxsiy darajada» bo‘lgan, chunki uchrashuv chog‘ida Putin unga rossiyalik rassom tomonidan chizilgan Tramp portretini topshirgan va uni Amerika prezidentiga yetkazishni so‘ragan. Bundan tashqari, Putin suiqasd uyushtirilganda Tramp uchun duo qilganini aytgan.

«U AQSh prezidenti bo‘lgani yoki bo‘lishi mumkinligi uchun emas, balki uning do‘sti bo‘lgani uchun haqiga duo qildi. U do‘sti uchun duo qildi... Uyga qaytgach, bu xabarni prezidentga yetkazdim va portretni berdim. Shubhasiz, bu unga ta’sir qildi», dedi Uitkoff.

Maxsus vakilning aytishicha, bu «mehrli ishora» Tramp va Putin o‘rtasidagi «aloqa»ni tikladi.

U shuningdek, Rossiya va Ukraina mojarosining asosiy masalasi – Qrim va Donbassning maqomi ekanini ta’kidlagan.

«Ular rusiyzabon, u yerda referendumlar o‘tkazilgan va aholining mutlaq ko‘pchiligi Rossiyaning bir qismi bo‘lishni xohlashini bildirgan. Bu masala hal bo‘lgach, biz juda ijobiy suhbatlar olib boramiz. Bu har doim muammo bo‘lgan, lekin bu haqda hech kim gapirmagan. Rossiyaliklar bu hududlarni de-fakto nazorat qilmoqda. Savol shundaki, dunyo bular Rossiya hududlari ekanini tan oladimi?

Zelenskiy tan olsa, siyosiy jihatdan omon qola oladimi? Zelenskiy Ukraina NATOga a’zo bo‘lmasligini tushunadi», degan Uitkoff.

U shuningdek, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari muhokamasi ochiqligicha qolayotgani, Ukrainada prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi, Kiyevdagilar allaqachon bunga rozi bo‘lishgani, kelgusi hafta davomida Rossiya va Ukraina Qora dengizda dengiz zarbalariga moratoriy joriy qilishi, muntazam amal qiladigan sulh unchalik uzoq emasligi, Putin – super aqlli odam ekani, NATO ruslar butun Yevropani bosib o‘tishiga yo‘l qo‘ymasligi, Putin va Tramp yaqin oylarda uchrashishini aytib o‘tgan.

Mavzuga oid