Iqtisodiyot | 12:22 / 20.03.2025
5127
3 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank asosiy stavkani oshirdi

MB boshqaruvining bugungi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilashga qaror qilindi. Izohlanishicha, bu qaror “inflyatsion bosimlarning yuqori saqlanib qolishi, talabning barqaror o‘sib borishi va inflyatsion kutilmalarning kuchayishi fonida” qabul qilingan.

Foto: Kun.uz

Markaziy bank asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgiladi.

Ushbu qaror kelgusi oylarda kutilayotgan inflyatsion xatarlarni inobatga olib, inflyatsion kutilmalarni jilovlash, o‘rta muddatli istiqbolda inflatsiya darajasini 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoitlar yaratishga qaratilgan.

2025 yil boshidan umumiy inflatsiya darajasida biroz o‘sish kuzatilib, fevral oyi yakunlari bo‘yicha yillik 10,1 foizni tashkil etdi.

«Ushbu dinamika ayrim tovar va xizmatlar narxlarining o‘sishi hisobiga yuzaga keldi. Xususan, yoqilg‘i narxlari, kommunal, transport, ta’lim va tibbiy xizmatlar tariflari oshishi inflyatsion kutilmalarga ham oshiruvchi ta’sir ko‘rsatdi va fevral oyida aholining inflyatsion kutilmalari 15,3 foizga, tadbirkorlik sub’yektlarining kutilmalari esa 13,8 foizga teng bo‘ldi.

So‘nggi oylarda xizmatlar inflatsiyasi yuqori darajada shakllanishi iqtisodiyotda yalpi talab omillari, jumladan, transchegaraviy pul o‘tkazmalari va aholiga ajratilgan kreditlar faollashib borayotganligi bilan izohlanadi. Bu, o‘z navbatida, chakana savdo aylanmasi hamda pullik xizmatlardan tushumlar dinamikasida ham namoyon bo‘lmoqda», deyiladi MB izohida.

Yil boshidan asosiy savdo hamkorlar valutalarining mustahkamlanishi ta’sirida real samarali almashuv kursi pasayish tendensiyasini namoyon etib, o‘zining o‘rta muddatli trendiga yaqinlashgan.

Iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarni maqbullashtirish hamda yalpi talab va taklif orasidagi muvozanatni ta’minlash pul-kredit sharoitlari qat’iylik darajasini oshirishni taqozo etmoqda.

Yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvi o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

 «Pul-kredit sharoitlarining qat’iylashtirilishi umumiy talabni muvozanatli shakllanishiga va narxlarga oshiruvchi omillar ta’sirini kamaytirishi orqali kelgusi choraklarda inflyatsion jarayonlarning ma’lum darajada sekinlashishiga xizmat qilib, yil yakuni bo‘yicha umumiy inflatsiyani 7-8 foizgacha pasayishiga zamin yaratadi.

Markaziy bank o‘rta muddatli istiqbolda inflatsiyaning 5 foizlik maqsadli darajasigacha pasayishini ta’minlash maqsadida pul-kredit sharoitlarini yetarli darajada qat’iy shakllantirishni davom ettiradi. Iqtisodiyotdagi yalpi talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi choraklarda kutilganidan ko‘ra kuchayishi bo‘yicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qat’iyligi qayta ko‘rib chiqiladi», deyiladi regulyator xabarida.

Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 2025 yil 24 aprel kuniga belgilangan.

Mavzuga oid