O‘zbekiston | 20:33 / 19.03.2025
1606
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Suma Chakrabarti bilan JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash masalasini muhokama qildi

Shuningdek, uchrashuvda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida Toshkent xalqaro tijorat sudini ishga tushirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev 19 mart kuni iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Suma Chakrabartini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Maslahatchining joriy yilgi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Mamlakat investitsiyaviy salohiyatini xalqaro maydonda yanada ilgari surish, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish, xorijdagi yetakchi ta’lim muassasalarida davlat xizmatchilarining malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bo‘lajak O‘zbekiston investitsiya salohiyati «roud-shousi» va Toshkent xalqaro investitsiya forumini yetakchi xorijiy kompaniyalar va moliyaviy institutlarni jalb qilgan holda yuqori saviyada o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

«Uchrashuvda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida Toshkent xalqaro tijorat sudini ishga tushirishning amaliy jihatlari, mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlash, iqtisodiy rivojlanish sohasida fundamental tadqiqotlar olib borish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlarga to‘xtalib o‘tildi», — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, YeTTBning sobiq rahbari Suma Chakrabarti 2020 yil sentabrdan beri Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Mavzuga oid