Jahon | 16:57 / 19.03.2025
4919
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh sobiq prezidenti Kennedi o‘limi bilan bog‘liq maxfiy hujjatlar oshkor etildi

Mingdan ortiq hujjat AQSh Milliy arxivlar va hujjatlar boshqarmasi veb-saytiga joylashtirildi va ommaga taqdim etildi.

Foto: Getty Images

Qo‘shma Shtatlarda sobiq prezident Jon Kennedining o‘ldirilishi bilan bog‘liq taxminan 80 ming sahifadan iborat hujjatlar maxfiylikdan chiqarildi.

Kennedi o‘ldirilishi bilan bog‘liq mingdan ortiq hujjat AQSh Milliy arxivlar va hujjatlar boshqarmasi veb-saytiga joylashtirildi va ommaga taqdim etildi.

Avvalroq, tergovga oid hujjatlarni o‘rgangan tahlilchilar e’lon qilingan materiallarda inqilobiy yangilik bo‘lishi ehtimoldan yiroq ekanini aytishgan edi.

23 yanvar kuni Tramp sobiq prezident Kennedining o‘ldirilishi bilan bog‘liq tergov hujjatlarini maxfiylikdan chiqarish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Shuningdek, buyruq nafaqat Kennedining o‘ldirilishi, balki uning ukasi Robert Kennedi va Martin Lyuter Kingning o‘ldirilishi bilan bog‘liq barcha hujjatlarni ham oshkor qilinishini nazarda tutadi.

AQSh prezidenti Donald Tramp hujjatlarning maxfiylikdan chiqarilishini e’lon qilarkan, odamlar buni «o‘nlab yillar davomida kutishganini» ta’kidlagan edi.

AQSh 35-prezidenti Jon Kennedi 1963 yil 22 noyabrda Dallasda (Texas shtati) o‘ldirilgan. U ochiq limuzinda ketayotib, miltiqdan o‘q yeb, halok bo‘ldi. Rasmiy tergov qotil Li Harvi Osvald ekanini e’lon qildi, u yolg‘iz harakat qilgani aytildi. Biroq, bu jinoyatda boshqa shaxslar yoki guruhlarning ishtiroki haqida ko‘plab fitna nazariyalari mavjud. Kennedi o‘limi bilan bog‘liq tergov hujjatlari uzoq muddatga maxfiylashtirilgan edi.

Mavzuga oid