O‘zbekiston | 20:36 / 18.03.2025
1909
6 daqiqa o‘qiladi

2024 yil O‘zbekistonda Ombudsmanga qilingan murojaatlar soni 23 mingdan ortib ketdi

Senat yalpi majlisida Inson huquqlari bo‘yicha vakil hamda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning 2024 yildagi faoliyati ko‘rib chiqildi. Ma’lum bo‘lishicha, Ombudsmanga yo‘llangan murojaatlarning uchdan biri ijtimoiy-huquq yo‘nalishida va bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 82 foizga oshgan. 2024 yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga qilingan murojaatlar esa mingdan oshgan.

Foto: Oliy Majlis Senati

18 mart kuni Oliy Majlis senatining beshinchi yalpi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsmanning 2024 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti ko‘rib chiqildi.

Ma’lum qilinishicha, Senatning 2024 yil 30 martdagi qarori natijasida takroriy murojaatlar soni o‘tgan yilda 3 ming 77 tani tashkil qilib, oldingi yilga nisbatan 21 taga kamaygan. Shu bilan birga aholining inson huquq va erkinliklari sohasidagi huquqiy ong va madaniyatini oshirish maqsadida tuman va shaharlarda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan, OAVlarda Ombudsman faoliyatiga oid 4 mingdan ortiq chiqish tashkil etilgan.

Yalpi majlisda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan ayrim kamchilik va muammolar ham ta’kidlab o‘tildi. Xususan, 2024 yilda Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlar soni 23 ming 422 tani tashkil qilgan. Bu 2023 yilga nisbatan 4 800 taga yoki 25 foizga ko‘proq.

2024 yilda Ombudsmanga yo‘llangan jami murojaatlarning 31,8 foizini ijtimoiy huquq yo‘nalishidagi murojaatlar tashkil etishi va bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 82 foizga oshgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, xotin-qizlar huquqlarining cheklanishi, oilada ayolning tahqirlanishi, oiladagi tinchlikni ta’minlash va zo‘ravonlikning oldini olish masalasida 294 ta murojaat kelib tushib, oldingi yilga (133 ta) nisbatan 121 foizga ko‘paygan.

Ombudsmanning mintaqaviy vakillariga ushbu organ kotibiyatidan hamda fuqarolardan to‘g‘ridan to‘g‘ri 3 857 ta murojaat kelib tushgan. Bu qabul qilingan jami murojaatlarning atigi 16,4 foizini tashkil etmoqda.

«Muhokamalar davomida qonunchilikda belgilangan ta’sir choralaridan samarali foydalanish, murojaatlarni eng ko‘p kelib tushgan hududlar kesimida o‘rganish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda yaratilgan shart-sharoitlar va u yerda saqlanayotgan shaxslarning muammolari bilan yaqindan tanishish maqsadida monitoring tashriflari samaradorligini oshirish, mintaqaviy vakillarning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi. Masala yakuni bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi», — deyiladi Senat axborotida.

Shu kuni senatorlar Oliy Majlis Bola huquqlari bo‘yicha vakilining bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga O‘zbekiston va xorijiy davlatlar fuqarolari hamda ombudsmanlari, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 1064 ta murojaat kelib tushgan. 2023 yilga nisbatan solishtirganda ushbu ko‘rsatkich 2,4 baravarga oshgan.

O‘tgan yili Bola huquqlari bo‘yicha vakil va uning kotibiyati xodimlari tomonidan bola o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan muassasalarga monitoring shaklidagi jami 31 ta tashrif amalga oshirilgan. Shu davrda ular 46 ta fuqarolik, jinoyat va ma’muriy ishlar yuzasidan sudlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish hamda bola huquqlari sohasidagi qonunchilikda mavjud muammolar tahlili natijasida davlat organlari va tashkilotlarga 40 ta tahliliy axborot kiritilgan hamda mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda 3 ta qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

«Murojaatlar tahlili va monitoring faoliyati asosida davlat organlari tomonidan bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi yuzasidan ta’sir choralari orqali munosabat bildirilgan. Bunda bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan jami 36 ta ogohlantirish, taqdimnoma, xulosa va sud hujjati ustidan protest keltirish to‘g‘risida iltimosnomalar kiritilgan», — deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, murojaatlarni o‘rganish natijasida aniqlangan bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 14 ta jinoyat ishi hamda 18 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Ta’lim muassasalarida bolaga jismoniy zo‘ravonlik qilganligi hamda o‘z kasbiy faoliyatiga sovuqqonlik bilan qaraganligi uchun 7 nafar xodim ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Bolalarga nisbatan qilgan qo‘pol xatti-harakatlari uchun 22 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo qo‘llangan.

Shuningdek, internetdagi monitoringlarda aniqlangan bola huquqlarining buzilishiga oid 83 ta holat mutasaddi davlat organlari bilan hamkorlikda tekshirilib, bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 15 ta jinoyat ishi hamda 9 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

Bundan tashqari, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan hamkorlikda 87 ta holat yuzasidan hududlardagi bolaning ijtimoiy psixologik vaziyati baholanib, 11 nafar bolaga vasiy yoki homiy tayinlanishi ta’minlangan. Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga murojaatlar va hamkor tashkilotlarning so‘rovlari asosida xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 52 nafar bolaning O‘zbekistonga qaytarilishiga erishilgan. 

Mavzuga oid