Jahon | 13:10
1402
4 daqiqa o‘qiladi

Uitkoff Tramp Putin bilan telefonda gaplashmoqchi ekanini ma’lum qildi

AQSh va Rossiya prezidentlari yaqin kunlarda telefon orqali muloqot qilishlari mumkin. Stiven Uitkoff suhbat «haqiqatan ham yaxshi va ijobiy» bo‘lishini taxmin qilmoqda.

Foto: Reuters / Evelyn Hockstein

AQSh va Rossiya prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi telefon muloqoti yaqin kunlarda bo‘lib o‘tishi mumkin. Bu haqda 16 mart, yakshanba kuni AQSh yetakchisining maxsus vakili Stiven Uitkoff CNN telekanalida ma’lum qildi. «O‘ylaymanki, bu hafta ikki prezident o‘rtasida haqiqatan ham yaxshi va ijobiy muhokama bo‘ladi», — dedi u.

Uitkoffning aytishicha, uning shu hafta boshida Putin bilan uchrashuvi ham «ijobiy» bo‘lgan. Vashington va Moskva pozitsiyalari «bir-biriga yaqinlashib bormoqda», dedi u. Maxsus vakilning ta’kidlashicha, u Rossiya prezidenti bilan bir necha soat gaplashgan va Putin Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish zarurati haqidagi «prezident Trampning pozitsiyasini qabul qiladi» degan taassurot uyg‘otgan. Uitkoffning so‘zlariga ko‘ra, yaqin haftalarda bu borada qandaydir kelishuvga erishilishi mumkin.

Rubio Ukrainadagi urushni tugatishning dastlabki bosqichlarini ma’lum qildi

Vashington Ukrainada hech bo‘lmaganda qisqa muddatli o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilmoqda, chunki harbiy harakatlar davom etishi muzokaralar jarayoniga hissa qo‘shmaydi. Bu haqda AQSh Davlat departamenti rahbari Marko Rubio 16 mart kuni e’lon qilingan Amerikaning CBS telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

AQShning joriy tashqi siyosati haqidagi suhbat chog‘ida teleboshlovchi Margaret Brennan Donald Trampning maxsus elchisi Stiven Uitkoffning yaqinda Moskvaga safari va u yerda Vladimir Putin bilan uchrashgani haqida so‘radi. Boshlovchining ta’kidlashicha, Rubio avvalroq Uitkoffning Rossiyaga tashrifi natijalari Moskva o‘t ochishni to‘xtatishga intilayotganini yoki Rossiya prezidenti kechiktirish taktikasini afzal ko‘rayotganini ko‘rsatishini aytgan edi. Biroq Putin tinchlik muzokaralari yo‘lida aniq qadam tashlamadi, keyinroq Rubio Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muzokaralar o‘tkazdi va bu muzokaralar natijasida ham hech qanday bayonot berilmadi.

Shu fonda Brennan Rubiodan Moskva muzokaralar jarayonini kechiktirishni tanladimi, deb so‘radi. Bunga javoban AQSh davlat kotibi Rossiya bilan muzokara jarayonini muhokama qilmasligiga ishora qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Uitkoffning Putin bilan uchrashuvi «ishonchli» bo‘ldi, biroq «ba’zi muammolar bor».

«Bu juda uzun harbiy frontda olib borilayotgan uch yillik qiyin urush, juda ko‘p qiyinchiliklar bor. Hech kim buni oson demayapti, lekin men hamma reja nima ekanligini tushunishini istayman. A rejasi otishmani to‘xtatib, B rejasiga o‘tishimiz kerak. Buning uchun hammani muzokara stoliga o‘tkazish shart», — dedi Rubio.

Shu bilan birga, Davlat departamenti rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralar to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lishi shart emas. Har holda, «birinchi qismdan o‘tgunimizcha ikkinchi bo‘limga ham kira olmaymiz», dedi Rubio. «Ular bir-biriga qarata o‘q uzayotgan paytda urushni abadiy tugatish to‘g‘risida kelishib olish qiyin va shuning uchun ham prezident (Tramp) o‘t ochishni to‘xtatishni xohlaydi», dedi diplomat.

Mavzuga oid