Iqtisodiyot | 08:30
2095
3 daqiqa o‘qiladi

Avtomobil sanoatidagi uchta korxonaning davlat ulushi sotuvga qo‘yildi

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davaktiv agentligi Uzsungwoo MChJ ustav kapitalidagi 50 foiz, Avto Climate Control MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz hamda Uz truck and Bus Motors MChJ ustav kapitalidagi 34,2 foiz davlat ulushlarining ochiq savdo jarayonlari boshlanganini e’lon qildi.

Foto: Kun.uz

Portfolio Investmens kompaniyasi ushbu bitimlar bo‘yicha sohaviy yondashuvga ko‘ra Davaktiv agentligining xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchisi hisoblanadi.

Uzsungwoo MChJ — avtomobil sanoati uchun shtamplash va payvandlash texnologiyalari asosida metall qismlar ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalardan biri bo‘lib, 2011 yili “O‘zavtosanoat” AJ va Janubiy Koreyaning Sungwoo Hitech Co Ltd. hamda I-Zone Co Ltd. kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Ishlab chiqarish maydoni 60 500 kv m bo‘lib, 1000 dan ortiq xodim ishlaydi, yillik quvvati esa 120 ming to‘plamni tashkil etadi. 2022 yilda zavodda Markaziy Osiyo va MDH mintaqasida yagona bo‘lgan issiq shtamplash texnologiyasi joriy etildi. Bugungi kunda kompaniya Chevrolet Cobalt, Gentra, Tracker va Onix modellari uchun ehtiyot qismlar yetkazib beradi hamda xalqaro IATF 16949 sifat standartlariga muvofiq ishlab chiqarish jarayonlarini yo‘lga qo‘ygan.

Avto Climate Control MChJ - 2010 yilda “O‘zavtosanoat” AJ va Janubiy Koreyaning ERAE CS LIMITED (Janubiy Koreya) kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, asosiy faoliyati avtomobillar uchun isitish va sovitish tizimlarini ishlab chiqarishdan iborat. 

Uz truck and Bus Motors MChJ — 2009 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Markaziy Osiyo mintaqasida MAN va HOWO (Sinotruk) brendlari ostida yuk mashinalari va yo‘lovchi texnikasini ishlab chiqaruvchi korxona hisoblanadi. Yuk mashinalarining model qatori 60 dan ortiq turdagi transport vositalarini o‘z ichiga oladi, jumladan, tyagachlar, avtosamosvallar, furgonlar, maxsus texnika, yuk ko‘tarish quvvati 5 tonnadan 70 tonnagacha bo‘lgan yuk mashinalari, shuningdek, shahar va shaharlararo avtobuslar.

Sotish jarayonlari barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq bo‘lgan muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish usuli asosida tashkil etiladi.

Savdo jarayonlari har bir aktiv bo‘yicha alohida-alohida ikki bosqichda amalga oshiriladi, jumladan sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish (Expression of Interest) hamda Majburiyatga ega bo‘lgan taklif (BO) taqdim etish bosqichlari, yakuniy bosqichda talabgorlar tomonidan taklif etiladigan qat’iy narx taklifining kamida 1 foizini kafolatli to‘lov sifatida amalga oshirilishi belgilanadi.

Mavzuga oid