Jahon | 22:08 / 16.03.2025
2734
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtab boshlig‘ini almashtirdi

UQK Bosh shtab boshlig‘i Anatoliy Bargilevich Mudofaa vazirligi bosh inspektori etib tayinlandi. General-mayor Andrey Gnatov esa uning o‘rnini egalladi.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Volodimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabiga yangi boshliq tayinlandi. Ushbu lavozimni general-mayor Andrey Gnatov egalladi.

Gnatov fevral oxirlarida UQK Bosh shtabi boshlig‘i o‘rinbosari etib tayinlangan edi, bunga qadar u sakkiz oy davomida Ukraina Qurolli kuchlari birlashgan kuchlari qo‘mondoni lavozimida faoliyat yuritgan.

«Yangi lavozimda Gnatovga Ukraina Qurolli kuchlari boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish, xususan, korpus tuzilmasini qayta tashkil qilish va joriy etish jarayonlarini takomillashtirish, Oliy bosh qo‘mondon qarorlarini tezorlik bilan qabul qilish va amalga oshirish, shuningdek, jangovar tajribani qo‘shinlarni rejalashtirish va boshqarishda qo‘llash vazifalari yuklatilgan», — deyiladi xabarda.

UQK Bosh shtabi boshlig‘i lavozimida xizmat qilib kelgan general-leytenant Anatoliy Bargilevich Ukraina Mudofaa vazirligi bosh inspektori etib tayinlandi. «U armiyada joriy etilayotgan islohot jarayonlarini nazorat qilish, Mudofaa vazirligi tizimida qonunchilik va qabul qilingan qarorlarning bajarilishini tekshirish bilan shug‘ullanadi», — deya ta’kidlanadi Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil fevral oyida Volodimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyni lavozimidan ozod etib, uning o‘rniga Ukrainaning sharqiy frontdagi guruhi qo‘mondoni, general-polkovnik Oleksandr Sirskiyni tayinlagan edi.

Mavzuga oid