Jahon | 13:51
4541
10 daqiqa o‘qiladi

Tramp bayonotidan rozi Falastin, Putinning otashkesim shartlari va Ozarboyjon takliflarini qabul qilgan Armaniston - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Falastin G‘azo haqidagi bayonotni olqishladi

Falastin ma’muriyati Donald Trampning «Hech kim falastinliklarni G‘azodan haydayotgani yo‘q», degan bayonotini qo‘llab-quvvatladi. Falastin prezidenti matbuot kotibi Nabil Abu Rudeyna buni «muhim va umidbaxsh qadam», deb atadi.

Rudeynaga ko‘ra, AQShning majburiy ko‘chirish g‘oyasidan voz kechishi falastinliklar manfaatiga xizmat qiladi. U AQSh ma’muriyati xalqaro qonunchilik va Arab tinchlik tashabbusi asosida siyosiy yechimga erishishini umid qildi.

Rudeyna arab davlatlari va falastinliklar o‘z yerlarini tark etmaslik haqida qat’iy pozitsiyada ekanini ta’kidladi. Falastin ma’muriyati G‘azoni tiklash, bosib olingan hududlarni ozod qilish va 1967 yildagi chegaralar asosida mustaqil davlat barpo etish uchun arab davlatlari bilan hamkorlikni kuchaytirishni rejalashtirmoqda.

13 mart kuni Tramp Oq uyda Irlandiya bosh vaziri Maykl Martin bilan uchrashuvda ushbu masalaga to‘xtalib, falastinliklarni G‘azodan majburiy ko‘chirish haqidagi fikrlarni rad etdi.

Putin o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini sanadi

Rossiya Ukrainadagi jangovar harakatlarni to‘xtatish taklifini qabul qilishga tayyor, ammo bu jarayon uzoq muddatli tinchlikni ta’minlashi va inqiroz sabablarini bartaraf etishi kerak. Bu haqda Vladimir Putin ma’lum qildi.

Prezident 30 kunlik otishlarni to‘xtatish rejasi bo‘yicha bir qator savollar borligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Ukraina ushbu vaqtdan mobilizatsiya va qurol yetkazib berishni davom ettirish uchun foydalanishi mumkin. Shuning uchun Rossiya hukumatining pozitsiyasi vaziyatni amaldagi holatdan kelib chiqib baholashdir.

Putin nazorat va aniqlik kiritish masalalarida jiddiy savollar borligini ta’kidlab, 2 ming kilometr uzunlikdagi front chizig‘ida kim qanday qoidalarni buzganini aniqlash oson emasligini aytdi. Shuningdek, bu qarorlarni kim qabul qilishi, buyruqlar qanchalik amaliy bo‘lishi ham muhokama qilinishi kerak.

Rossiya muzokaralar bo‘yicha keyingi qadamlarni frontdagi holatdan kelib chiqib belgilashini ta’kidladi.

Putinning bayonotiga Tramp va Zelenskiyning izohi

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putinning 30 kunlik sulh taklifini «umidbaxsh, ammo to‘liq emas» deb baholadi.

Trampning ta’kidlashicha, AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoff Moskvada muzokaralar olib bormoqda va u tez orada Putin bilan uchrashishi rejalashtirilgan. Prezident «Rossiya to‘g‘ri yo‘l tutishiga umid qilishi»ni bildirdi.

U, shuningdek, AQSh va Ukraina vakillari o‘rtasida hududlar, Zaporijjya AES ustidan nazorat va NATOga a’zolik masalalari muhokama qilinganini tasdiqladi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, kelishuvning ko‘p tafsilotlari allaqachon muhokama qilingan.

Prezident sulh samarali bo‘lishi uchun u aniq shartlarga asoslanishi lozimligini ta’kidladi. Agar kelishuv Rossiya va Ukrainani urushni tugatish yo‘liga olib chiqmasa, AQSh muzokaralarga vaqt sarflashdan ma’no ko‘rmasligini bildirdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya rahbarining sulh taklifi bo‘yicha bildirgan fikrlarini manipulyatsiya deb atadi. Uning fikricha, Moskva tinchlik jarayonini cho‘zish va voqealarni kechiktirishga harakat qilmoqda.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Putin AQSh prezidenti Donald Trampga urushni davom ettirish niyatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytishdan cho‘chimoqda. Shu sabab Kreml sulh taklifini og‘ir shartlar bilan o‘rab, jarayonni murakkablashtirishga urinayotgani ta’kidlandi.

Ukraina prezidenti Rossiya sulhni kechiktirish orqali frontda ustunlikka erishishga harakat qilayotganini ta’kidladi.

Finlandiya Ukrainaga yordam ajratdi, biroq qo‘shin yubormaydi

Finlandiya hukumati Ukrainaga 200 mln dollarlik harbiy yordam ajratganini ma’lum qildi. Bu haqda Finlandiya mudofaa vaziri Antti Hakkanen va Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov o‘rtasida Helsinkida imzolangan memorandumda qayd etilgan.

Shuningdek, Finlandiya Ukrainaga qo‘shin jo‘natmasligini tasdiqladi. Bosh vazir Petteri Orpo mamlakat «Ko‘ngilli koalitsiya» muhokamalarida ishtirok etayotganini, ammo Ukrainadagi tinchlikparvar missiyalarga qo‘shilmasligini bildirdi.

«Ko‘ngilli koalitsiya» London tashabbusi bilan mart oyida tashkil etilgan bo‘lib, 20 ga yaqin davlat unga qo‘shilgan. Koalitsiyaning asosiy maqsadi — Ukraina uchun tinchlik rejasini ishlab chiqish va uni AQShga taqdim etishdir. Finlandiya hukumati Ukrainaga yordam berishni davom ettirish niyatida ekanini ta’kidladi.

Amerikaliklar Trampning iqtisodiy siyosatidan norozi

CNN tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning 56% foizi Donald Trampning iqtisodiy siyosatini qo‘llab-quvvatlamaydi.

Bu uning ikkinchi prezidentlik davridagi eng past ko‘rsatkichlardan biri. Shu bilan birga, 51 foiz respondent uning migratsiya siyosatiga ijobiy baho bergan.

Federal budjetni boshqarish va davlat apparatini tartibga solish borasida Trampga 48 foiz qo‘llov bildirilgan. Ammo aholining qo‘llab-quvvatlashi bo‘yicha ko‘rsatkichlar tashqi siyosatda — 42 foiz, sog‘liqni saqlashda — 43 foiz va tariflar masalasi bo‘yicha 39 foizlik past darajada qolmoqda.

So‘rov ishtirokchilarining 42 foizi iqtisodni mamlakat uchun eng muhim muammo deb hisoblaydi. Respondentlarning 62 foizi Tramp ma’muriyati tomonidan amalga oshirilayotgan federal hukumat qisqarishidan xavotirda. Trampning umumiy reytinglari 45 foiz bo‘lib, 54 foiz amerikaliklar uning ishini ma’qullamaydi.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegara shartnomasini imzoladi

Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari Sadir Japarov va Emomali Rahmon Dushanbe shahrida ikki davlat o‘rtasida davlat chegarasi bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu hujjat 23 yil davom etgan muzokaralarning yakuniy natijasi bo‘ldi.

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida delimitatsiya jarayoni 2002 yildan beri davom etib, bir necha bor qurolli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan. Hozirda 980 kmlik umumiy chegara to‘liq kelishib olindi. Prezidentlar mazkur kelishuv ikki xalq o‘rtasida tinchlik va barqarorlikni ta’minlashini ta’kidladi.

Shuningdek, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston uch davlatning chegaralari tutashgan nuqta bo‘yicha shartnoma imzolashga kelishib olindi. Bu tarixiy hujjat 31 mart kuni Xo‘jand shahrida uch mamlakat prezidentlari tomonidan rasman tasdiqlanadi.

Armaniston Ozarboyjon takliflarini qabul qildi

Armaniston va Ozarboyjon tashqi ishlar vazirliklari tinchlik shartnomasi matni bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ozarboyjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov ma’lum qilishicha, Yerevan Boku takliflarini to‘liq qabul qilgan.

Tomonlar ilgari kelisha olmagan ikki masala — xalqaro sudlardagi o‘zaro da’volardan voz kechish va chegara bo‘ylab chet el kuchlarini joylashtirmaslik bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bu bilan ikki davlat o‘rtasidagi bir necha yillik muzokaralar yakuniga yetdi.

Armanistonda konstitutsiyaviy islohot o‘tkazish kerak bo‘ladi, chunki armanlarning amaldagi Asosiy qonunida Ozarboyjonga nisbatan hududiy da’volar mavjud. Hozirda ikki mamlakat tinchlik shartnomasini rasmiy imzolash vaqti va joyi bo‘yicha maslahatlashuvlarni boshladi.

2020 yilda Ozarboyjon harbiy amaliyot orqali Qorabog‘ hududini nazoratga olgan va shundan so‘ng muzokaralar davom etgan. Fevral oyida Nikol Pashinyan hujjatning 15 ta moddasi kelishib bo‘linganini, faqat ikki band bahsli ekanini ma’lum qilgan edi.

AQSh 1 sentlik tangalardan voz kechmoqchi

AQShda 1 sentlik tangalarni zarb qilish rasman to‘xtatiladi. Prezident Donald Tramp AQSh Moliya vazirligiga «penni» deb ataluvchi eng kichik qiymatli tangani zarb qilishdan voz kechish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bunga sabab – bir sentlik bir dona tangani ishlab chiqarish tannarxi 3,7 sentga tushmoqda, bu uning nominal qiymatidan ancha yuqori.

O‘tgan 2024 yilda AQSh budjeti 1 sentlik tanga zarb qilinishi ortidan 85,3 mln dollar zarar ko‘rgan. Holbuki, inflatsiya tufayli 1 sentlik tanganing xarid qobiliyati yo‘qolib bo‘lgan.

1990 yildan buyon «penni»larni bekor qilishga bir necha bor harakat qilinganiga qaramasdan, tanga hamon saqlanib kelinayotgandi. Bunga rux va mis ishlab chiqaruvchilarning manfaatlarini himoya qiluvchi lobbistlar sabab bo‘lmoqda. Yana shunday tashkilotlardan biri Americans for common censʼdir. 

Bundan tashqari, 1 sentlikning muomaladan olib tashlanishi chakana narxlarga salbiy ta’sir o‘tkazadi, degan qarashlar ham mavjud. Shuningdek, 1 sentlikdan voz kechish nikeldan yasaladigan 5 sentlikni ko‘proq ishlab chiqarish zaruriyatini tug‘diradi. Ularni ishlab chiqarish esa yanada qimmatroqqa tushadi. 

Mavzuga oid