Jahon | 01:23 / 14.03.2025
11776
3 daqiqa o‘qiladi

«Rossiyaning navbatdagi manipulyatsiyalari». Zelenskiy Putinning o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga bergan javobini izohladi

Ukraina prezidentining fikricha, Putin to‘g‘ridan-to‘g‘ri «yo‘q» demaydi, lekin hammasini cho‘zadi. Shu bois Zelenskiy Rossiya prezidentiga «bosim» o‘tkazish kerakligini aytdi.

Foto: AP

Vladimir Putinning frontda o‘t ochishni 30 kunga to‘xtatish borasidagi taklifga munosabati «kutilgan» va «juda manipulyativ». Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya—Ukraina urushining 1114-kuni yakunlariga bag‘ishlangan murojaatida ma’lum qildi.

«Hozir biz Rossiyadan frontda jangovar harakatlarni to‘xtatish g‘oyasiga Putinning kutilgan va manipulyativ gaplarini tingladik — u haqiqatda rad javobini tayyorlamoqda. Putin, albatta, prezident Trampga urushni davom ettirishni, ukrainaliklarni o‘ldirishni xohlashini to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytishga qo‘rqadi. Shu sababli Moskvadagilar sukunat g‘oyasiga shunday shartlar qo‘ymoqdaki, toki umuman hech narsa amalga oshmasin yoki iloji boricha uzoq cho‘zilsin. Putin ko‘pincha shunday qiladi — to‘g‘ridan-to‘g‘ri «yo‘q» demaydi, lekin hamma narsani cho‘zib, normal yechimlarni deyarli imkonsizga aylantiradi» — deydi Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagilar «bularning barchasini — Rossiyaning navbatdagi manipulyatsiyalari» deb hisoblamoqda.

Zelenskiy AQSh sulh rejimiga rioya etilishini nazorat qilish va tasdiqlashni tashkil etishga tayyor bo‘lganini aytdi. Putin esa bu masalalar sulh kelishuviga erishishdan oldin muhokama qilinishi kerakligini ta’kidladi. Ukraina prezidentining fikricha, bunday nazoratni «Amerika va Yevropa imkoniyatlari» yordamida amalda ta’minlash mumkin.

«Biz biror nimani murakkablashtiradigan shartlar qo‘ymayapmiz. Buni Rossiya qilmoqda. Doim ta’kidlab kelganimizdek, hamma narsani cho‘zadigan va mantiqsiz yondashadigan yagona tomon — bu Rossiya. Ularga urush kerak», — deya qo‘shimcha qiladi Zelenskiy. U Putinga «bosim» o‘tkazishga, jumladan, Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqirdi.

AQSh Saudiya Arabistonida Ukraina delegatsiyasi bilan o‘tkazilgan muzokaralarda 30 kunga o‘t ochishni to‘xtatish taklifini ilgari surgan edi. Ukraina tomoni bunga rozi bo‘ldi.

Vladimir Putin sulh to‘g‘risidagi g‘oyaga izoh berarkan, Rossiya Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga rozi bo‘lgan, biroq u uzoq muddatli tinchlikka olib kelgan taqdirdagina. Sulh haqidagi taklif bir qancha nyuanslarni hisobga olishi kerak, degan prezident. Xususan, uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimidan qurol olish yoki kuch safarbar etish uchun foydalanishi xavfi bor.

G‘arb nashrlarining manbalariga ko‘ra, Putin Moskva uchun maksimal darajada foydali shartlarga erishish uchun sulh tuzilishini cho‘zishni boshlaydi.

Mavzuga oid