O‘zbekiston | 18:29 / 14.03.2025
3138
5 daqiqa o‘qiladi

“Raqobat byurokratiya bilan cheklanmasligi kerak” - tagliklar importiga yangi talablar kiritildi

2024 yilning noyabr oyidan O‘zbekistonga import qilinadigan bolalar tagliklari uchun majburiy sertifikatlash joriy etilgan. Kun.uz suhbatlashgan tadbirkor buni “byurokratiya va sun’iy to‘siqlar bilan raqobatni cheklash” deb atadi. Texnik tartibga solish agentligi tagliklarni tekshirish bilan nechta sertifikatlash markazi shug‘ullanayotganidan bexabarligini bildirdi.

Foto: Shutterstock

O‘zbekistonda bolalar tagliklari muvofiqlik sertifikatini olish talab etiladigan tovarlar qatoriga kiritilishi ortidan, bu mahsulot importi sezilarli qisqardi.

Kun.uz muxbiri Toshkent shahridagi savdo rastalari va do‘konlarda bo‘lib, holatni o‘rgandi. Ayni paytda bolalar tagliklari bilan bog‘liq taqchillik kuzatilmayapti, ammo narxlar qimmatlashgan.

Majburiy sertifikatlash talabi

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 14 avgustdagi qarori bilan, 2024 yil noyabr oyidan boshlab xavf darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi belgilangan.

Qarorga asosan, xavf darajasi yuqori tovarlar ro‘yxatiga quyidagi mahsulotlar kiritilgan:

  • bolalar uchun so‘rg‘ichlar;
  • 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun bosh kiyimlar;
  • 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun kiyim-kechak — pijama, ichki shim, pantalon, issiq ko‘ylak, ichki ko‘ylak, mayka, taglik, qalpoqcha, slayder, kalta ko‘ylak, ichki kiyim, tugmasiz yaktakcha;
  • paypoqli ishtonchalar (kolgotka), paypoqlar, uzun paypoq (chulki) va yarim uzun paypoqlar (yarim chulki) hamda shunga o‘xshash 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar kiyimlari;
  • namlikni yutuvchi materiallar (tagliklar), shuningdek, gigiyenik paxta tayoqchalar (burun va quloqni tozalashga) va bolalar uchun mo‘ljallangan shunga o‘xshash boshqa mahsulotlar;
  • 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni ovqatlantirish uchun idishlar;
  • tish cho‘tkalari.

Bu tartib jismoniy shaxslar tomonidan belgilangan normalar doirasida shaxsiy ehtiyojlar uchun olib kiriladigan mahsulotlarga tatbiq etilmaydi.

Import keskin qisqargan

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-fevral oylarida ayollar va bolalar uchun gigiyenik prokladka va tagliklar importi 2112 tonnani tashkil etgan. Bu – 2024 yilning mos davri (3826 tonna) bilan taqqoslaganda, 1714 tonnaga yoki 1,8 barobarga kam.

Bu toifadagi mahsulotlarni olib kirish qiymat jihatdan 2,7 barobarga kamaygan: ikki oylik import o‘tgan yilgi 15,2 mln dollardan bu yil 5,6 mln dollargacha qisqargan.

Ma’lumot uchun, 2019 yildan boshlab ushbu mahsulotlar importiga 10 foiz yoki 1 kg uchun kamida 0,5 dollar miqdorida boj joriy qilingan.

Sertifikat olish uzoq vaqt talab qilyapti”

Ijtimoiy tarmoqlarda bolalar tagliklarini import qilish qiyinlashgani haqidagi xabarlar tarqalgach, shu sohada ishlaydigan ayrim tadbirkorlar Kun.uz bilan bog‘landi.

Ulardan birining so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilning 13 mart holatiga Texnik jihatdan tartibga solish agentligining talablarini bajarib, sertifikat olgan importchilar haqida ma’lumot yo‘q.

Agentlikda hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayoni uzoq vaqt davom etyapti. Shuningdek, import qilinayotgan mahsulotlar mahalliy laboratoriyalarda tekshirilishi, bu jarayon foto va videotasvirga olinishi shart. Ammo laboratoriyalar bu talabni qanday bajarishni aniq bilmaydi. Natijada importyorlar uchun uzun navbat yuzaga kelgan.

Ushbu tekshiruvlar tadbirkorlarga qo‘shimcha xarajat yuklamoqda. Buning ustiga, har bir yangi partiya uchun alohida laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilishi talab qilinyapti”, – deydi Kun.uz bilan bog‘langan tadbirkor.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hukumat qarori ko‘zlangan xavfsizlik talablariga mos kelmaydi.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tagliklar uchun barcha xomashyoni xorijdan import qiladi. Agar ushbu cheklovlar bolalar salomatligini himoya qilish uchun joriy etilgan bo‘lsa, nima uchun import qilinayotgan xomashyo bu ro‘yxatga kiritilmagan? Chunki mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari ham aynan shu import qilingan xomashyolardan tayyorlanadi. Raqobat mavjud bo‘lishi kerak, u byurokratiya va sun’iy to‘siqlar bilan cheklanmasligi lozim”, – deydi tadbirkor.

Sertifikatlash bilan kim shug‘ullanayotgani – noma’lum

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Kun.uz so‘roviga javoban taqdim etgan izohda aytilishicha, qonunchilikka binoan, davlat ro‘yxatidan o‘tgan, ammo majburiy muvofiqligi tasdiqlanmagan mahsulotlarni realizatsiya qilish taqiqlanadi.

Tadbirkorlar akkreditatsiyadan o‘tgan istalgan sertifikatlashtirish idorasidan muvofiqlik sertifikatini olishi mumkin”, – deya ma’lum qildi texnik regulyatsiya organi.

Kun.uz: “Hozirgi kunda nechta sertifikatlash idorasi bolalar tagliklarini sertifikatlash bilan shug‘ullanyapti?” degan savoliga idoradan: “Bu bo‘yicha agentlikda aniq ma’lumot yo‘q” degan javobni oldi.

Mavzuga oid