Jahon | 18:12
3884
21 daqiqa o‘qiladi

Urushning oxiri yaqinmi? Nega Ukraina va Rossiyaga tinchlikka erishish shunchalik qiyin?

Foto: Getty Images

Ukraina va AQSh o‘rtasidagi muzokaralardagi muvaffaqiyat urush tugashiga umid uyg‘otdi. Rossiya tomoni sukut saqlashiga qaramay, Kiyev rozi bo‘lgan sulh istiqboli hozirda imkonsiz ko‘rinmayapti. Ammo o‘t ochishni to‘xtatishga erishish ham – oson vazifa emas, mustahkamroq tinchlik sulhi yo‘lidagi to‘siqlar esa yanada ko‘proqdir. BBC buning sababini tushuntiradi.

Sulh tuzish Ukraina uchun foydalimi?

Bir tomondan, ha: Volodimir Zelenskiyning Donald Tramp bilan halokatli uchrashuvidan bir yarim hafta o‘tgach, Kiyev Vashington bilan konstruktiv muloqotni tiklashga muvaffaq bo‘ldi deyish mumkin. Ukraina harbiy harakatlarni 30 kun muddatga to‘xtatishga rozilik bergach, AQSh harbiy ta’minot va razvedka ma’lumotlari almashinuvini qayta tikladi.

Kiyevdagilar bu kelishuvlardan mamnun, chunki bu Ukraina urushni to‘xtatishni istamayotgani haqidagi narrativni buzishga imkon berdi – Kremldagilar muntazam ravishda shu haqda gapirib kelayotgan, so‘nggi haftalarda Oq uyda ham gapira boshlashgandi.

Ammo boshqa tomondan, butun front chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatishga rozilik – urushning dastlabki ikki yilida Kiyev amal qilgan, Rossiya Ukrainaning xalqaro miqyosda tan olingan hududlaridan qo‘shinlarini olib chiqmaguncha sulh tuzilmasligi to‘g‘risidagi prinsiplardan keskin ortga qaytishdir.

Bunday pozitsiyani qo‘llab-quvvatlovchi asosiy argument shundan iborat ediki, harbiy harakatlardagi har qanday to‘xtalish Moskvaga yangi hujumlar uchun kuch to‘plash imkonini beradi. Aynan shuning uchun Ukraina delegatsiyasi Jiddaga faqat «havoda va dengizda sulh tuzish» taklifi bilan kelgandi.

Jiddadagi muzokaralarda xavfsizlik kafolatlari masalasi (ya’ni Rossiya pauzadan foydalanmasligi va yangi kuch bilan hujum qilmasligi uchun qandaydir himoya) ochiq qoldi.

Ammo AQSh rahbariyati o‘t ochishni to‘xtatgandan keyingina kafolatlar haqida gapirish mumkinligini ta’kidlagani uchun Kiyev yon berishga majbur bo‘ldi.

Jiddadagi muzokaralar Kiyevga Vashington bilan munosabatlardagi keskinlikni yumshatishga yordam berdi, AQSh bir necha hafta ichida ilk marta Rossiyadan tinchlikka erishish uchun aniq harakatlarni talab qildi. Ammo bu muvaffaqiyat Kiyevni Ukraina hukumati ehtimoliy kelishuv asosi deb hisoblagan xavfsizlik kafolatlarini olishga yaqinlashtirmadi. Foto: Salah Malkawi/Getty Images

Volodimir Zelenskiy ochiqchasiga aytdi: u Vladimir Putinning urushni tugatishni istashiga ishonmaydi.

«Ammo Rossiya urush tugashini biz istamayotganimiz haqidagi butun dunyoga tarqatayotgan narrativlar bilan o‘ynashmaymiz... Men juda jiddiy kayfiyatdaman. Men uchun eng muhimi – urushni yakunlash va AQSh prezidenti buni ko‘rishini istayman», – deya amerikaliklar formulirovkasiga roziligini izohladi Ukraina prezidenti.

Ukrainlar bunday sulhga rozilik bildirganidan so‘ng, amerikalik diplomatlarning vazifasi Rossiyani uni imzolashga ko‘ndirishdir.

Sulh tuzish Rossiya uchun foydalimi?

Kremldagilar bu masalada «shoshilmaslik»ka chaqirdi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Moskva AQSh va Ukraina muzokaralari yakunlari bo‘yicha bayonotlarni «diqqat bilan o‘rganmoqda» va Amerika tomonidan tafsilotlarni kutmoqda.

Vladimir Putin urush davomida o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatishga qarshi bo‘lmagan – ikkala safar ham Rojdestvoda. Kiyev bu takliflarni jiddiy qabul qilmagandi.

Ammo uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatish haqida Putin ham Ukraina rahbariyati kabi shubha bilan gapirgan. «Bir hafta to‘xtash – bu raqibga ushbu pozitsiyalarda mustahkam o‘rnashib olishga imkon berish demakdir. Nafas rostlash va kerakli uskunalar, o‘q-dorilarni olish imkoniyatini berish», – degandi u.

BBC’ning Kremlga yaqin manbasiga ko‘ra, Rossiya rasmiylari hozirgi vaziyatda hech qanday shartlarsiz sulh tuzish birinchi navbatda Kiyev uchun foydali deb hisoblaydi: Rossiya qo‘shinlari katta yo‘qotishlar bilan bo‘lsa-da, Donbassda ham, Kursk oblastida ham oldinga siljimoqda.

Nashr suhbatdoshi Moskvaning mantig‘ini shunday tushuntiradi: agar urush Kiyevning yon berishlarisiz to‘xtasa, unda Putin o‘z maqsadiga erishish uchun harbiy harakatlarni qayta boshlashi kerak bo‘ladi – va bu bilan Ukraina ittifoqchilari Rossiyaga ishonib bo‘lmasligiga yana bir bor amin bo‘ladi.

Ammo taklifni to‘g‘ridan to‘g‘ri rad etishda ham yaqqol risklar bor: bu Donald Tramp kelganidan keyin yo‘lga qo‘yilishi boshlangan Rossiya va AQSh o‘rtasidagi muloqotni murakkablashtiradi.

Mart oyi boshidan beri Rossiya Kursk oblastidagi bir qancha aholi punktlari ustidan nazoratni qaytarib oldi – 12 mart kuni Putin shaxsan o‘zi ushbu hududga keldi. Frontdagi harakatlar Rossiyaning tinchlik takliflariga javobiga ta’sir qiluvchi asosiy omillardan biri bo‘ladi. Foto: KREMLIN/TASS

2024 yil iyun oyida Vladimir Putin sulhning asosiy shartlarini sanab o‘tgandi – ular orasida Ukraina qo‘shinlarini Luhansk, Donetsk, Xerson va Zaporijjya oblastlaridan to‘liq olib chiqish, Ukraina NATOga qo‘shilishdan bosh tortishi, sanksiyalarni bekor qilish bor edi.

Jiddadagi muzokaralar natijalarining ikkinchi qismi – Amerika qurollarini yetkazib berish va razvedka ma’lumotlarini Kiyevga topshirishni qayta tiklash ham Putinning shartlariga zid keladi. Rossiya prezidenti G‘arbni Ukrainaga harbiy yordami uchun ko‘p marta tanqid qilgan va buni harbiy harakatlar davom etishiga sabab deb atagan.

Chorshanba kuni Bloomberg agentligi bir nechta anonim manbalarga tayanib, Putin Kiyev bilan vaqtinchalik sulhga rozi bo‘lishi mumkinligi, biroq kelishuvga o‘z talablarini kiritmoqchi ekanini ma’lum qildi.

Bunday shartlardan biri, agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, AQShdan Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatish bo‘lishi mumkin. Boshqa bir manbaning aytishicha, Kiyev va Vashington o‘rtasida Jiddada erishilgan kelishuv Kreml uchun «ma’qul emas», chunki u Rossiya bilan oldindan muhokama qilinmagan.

Endi nima qilish kerakligi haqida reja bormi?

Rossiya va Ukraina qisqa tanaffusdan ko‘ra, urushni to‘liq hal qilishdan manfaatdor ekanini aytmoqda. Xo‘sh, tomonlarga katta tinchlik kelishuvi ustida ish boshlashga nima to‘sqinlik qilmoqda?

BBC’ning Kremlga yaqin suhbatdoshi ta’kidlashicha, hozirda Moskva va Kiyev o‘rtasida, jumladan, AQSh va Yevropa ishtirokida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot yo‘qligi sababli tomonlarning hech birida urushayotgan tomonlarning pozitsiyalarini hisobga olgan aniq tartibga solish rejasi bo‘yicha takliflar yo‘q.

«Qoralamalarni yozish kerak. Bularning barchasi vaqt talab qiladi. Ukraina xavfsizligi kafolatlari-mi? Ukrainaliklar bilan stolga o‘tirib, buni muhokama qilish, Putinda qanday „qizil chiziqlar“ borligini tushunishga harakat qilish kerak. [Ukrainaning] neytral maqomi? Buni ham o‘tirib, muhokama qilish kerak, – deydi BBC manbasi. – Hozir esa hech qanday reja yo‘q. Hech kimda – amerikaliklarda ham, yevropaliklarda ham, ukrainlarda ham, ruslarda ham».

Nazariy jihatdan, Rossiya tomonidan bunday takliflarni Vladimir Putinning maxsus vakili ishlab chiqishi mumkin edi, deya davom etadi suhbatdosh: «Mana, amerikaliklar [Kit] Kellogni tayinlashdi. Putin ham kimnidir tayinlashi va bu odamlar nimanidir gapira boshlashi mumkin edi».

Ammo, uning so‘zlariga ko‘ra, Kremlda bu mavzuda faol munozara yo‘q. Bunday maxsus vakil Ukrainada ham yo‘q.

Rossiya va AQSh o‘rtasidagi muloqot tiklanishi va oliy darajadagi aloqalar hozircha Ukrainadagi urushni yakunlash masalasida ham, Moskva va Oq uy o‘rtasidagi munosabatlarni qayta tiklashda ham aniq natija bermadi.
Foto: EVELYN HOCKSTEIN/POOL/AFP via Getty Images)

AQSh va Rossiya o‘rtasida Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan dastlabki muzokaralardan so‘ng, RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Rossiya amerikaliklar bilan ishlash uchun alohida delegatsiya tuzishi mumkinligini aytgandi, ammo hozircha bu ro‘y bermadi.

Yevropa davlatlari rahbarlari ham hozircha aniq reja taklif qila olmayapti. O‘tgan oy davomida ular bir nechta favqulodda sammitlar o‘tkazishdi – bunday asosiy uchrashuv Londonda bo‘lib o‘tdi.

Ammo muhokamalar borishi bilan tanish bo‘lgan yevropalik diplomatning so‘zlariga ko‘ra, hozircha Ukrainaning yevropalik ittifoqchilari o‘zaro kelishib olishi ham qiyin bo‘lmoqda – masalan, Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha.

Shu hafta Fransiya prezidenti Emmanuel Makron faqat Ukraina uchun kafolatlar rejasini ishlab chiqishni boshlashga chaqirdi.

Tomonlarning keng ko‘lamli kelishuv loyihasini ishlab chiqish uchun stol atrofiga o‘tirishi, jumladan, urushning tabiati tufayli qiyin, deydi BBC suhbatdoshlari.

«Albatta, asosiy muammo shundaki, bu juda murakkab va siyosiy jihatdan nozik masalalar. Kelishuvga erishish uchun misli ko‘rilmagan zo‘ravonlik bilan shafqatsiz urush olib borgan davlatlar murakkab murosalarga borishi kerak. Bu juda qiyin», – deydi RAND tadqiqot korporatsiyasi katta ilmiy xodimi Samuel Charap BBC bilan suhbatda.

Hozircha, uning ta’kidlashicha, asosiy tomonlar – masalan, AQSh ritorikasidagi aniq o‘zgarishlarga qaramay, urush davom etmoqda, Rossiya va Ukraina esa hech qachon bir-biri bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotga kirishmagan.

«Albatta, so‘nggi haftalarda ko‘p narsa o‘zgardi, ammo qaysidir ma’noda aytish mumkinki, hozircha hech narsa o‘zgarmadi», – deydi Charap.

Bu haqda BBC bilan suhbatda Yangi Yevrosiyo strategiyalari markazi (NEST) katta ilmiy xodimi va NATOning Moskvadagi sobiq vakili Jon Laf ham aytib o‘tdi. U diplomatik aloqalarning hozirgi bosqichini «haqiqiy muzokaralardan oldingi» deb ta’rifladi.

Lafaning so‘zlariga ko‘ra, Oq uyning Kreml bilan muloqoti hozircha urushga chek qo‘yadigan kelishuvning haqiqiy parametrlarini aniqlashdan ko‘ra, muloqot yuzaga kelishi va diplomatik munosabatlarni tiklash uchun «ohang berish»ga urinishdek ko‘rinadi.

«Tramp tinchlik haqida gapirganda, aynan o‘t ochishni to‘xtatish haqida gapirmoqda. [Tinchlik yo‘li bilan hal qilish] muammolari – tezda hal qilish uchun juda murakkab. Buni amalga oshirib bo‘lmaydi», – deya ta’kidlaydi Laf.

O‘t ochishni to‘xtatish doimiy kelishuv rejasi qanday ko‘rinishi bo‘yicha muzokaralarni boshlashga imkon berishi mumkin, deya davom etadi ekspert.

Ammo ular uzoq davom etishi mumkin: «Bu urush va uning kelib chiqish sabablari juda murakkab bo‘lgani va mojaroning o‘zi uch yildan beri davom etayotgani va katta zarar yetkazgani sababli, tovonlar, muzlatilgan aktivlar va bularning barchasi bilan bog‘liq ko‘plab savollar tug‘iladi. Bu masalalarni yechishga yillar bo‘lmasa ham oylar ketishi mumkin».

Ukrainaga kafolatlar va Moskvaning yon berishi qanday bo‘lishi mumkin?

Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni yuborish mumkinligi haqidagi Yevropada bir necha haftadan beri davom etayotgan munozara tomonlarning pozitsiyalari qanchalik farq qilishiga yaxshi misol bo‘la oladi. Bu g‘oyani ko‘proq Fransiya va Britaniya ilgari surmoqda. Nazariy jihatdan boshqa davlatlar ham qo‘shilishga tayyor – masalan, Daniya va Avstraliya rasmiylari bu haqda gapirishdi.

Shu bilan birga, mart oyida Londonda bo‘lib o‘tgan sammitdagi muhokamalardan xabardor bo‘lgan yevropalik diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining ko‘plab davlatlari bu g‘oyaga unchalik ishtiyoq bildirmayapti: «London boshqa davlatlar uning tinchlikparvar kuchlarni yuborish g‘oyasini ilib olishiga va o‘z ishtirokini yoki hatto o‘z qarashlarini taklif qilishiga umid qilgandek taassurot uyg‘ondi. Lekin bunday bo‘lmadi, bo‘lishi ham mumkin emasdi. Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida hozir ichki siyosiy vaziyat murakkab».

BBC suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining ko‘plab davlatlari Ukrainaga harbiylarni yuborish «siyosiy kollaps yoki tartibsizlik»ka aylanishi mumkinligidan xavotirda. «Bunday vaziyatda keskin harakatlarga tayyor bo‘lganlar kam», – deya ta’kidlaydi diplomat.

Donald Tramp Ukrainada Yevropa tinchlikparvar kuchlar bo‘lishiga  e’tiroz bildirmadi. Ammo u AQSh har qanday holatda ham u yerga o‘z harbiylarini yubormasligini ta’kidladi.

Uning bayonotlaridan Amerika rasmiylari Yevropa qit’asiga hech bo‘lmaganda qandaydir yordam yoki kafolat berishga tayyormi yoki yo‘qligi aniqlab bo‘lmaydi – Financial Times Makron Trampdan bunday va’dalarni ololmaganini ta’kidladi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning aytishicha, Amerikaning qo‘llab-quvvatlashisiz tinchlikparvarlik missiyasi amalga oshishi imkonsiz.

Rossiya hukumati tinchlikparvar kuchlar g‘oyasiga keskin qarshi – Moskva NATO davlatlari harbiylarini o‘z chegaralari yaqinida ko‘rishni istamasligini bir necha bor ta’kidlagan. «Biz murosa uchun o‘rin ko‘rmayapmiz. Bu muhokama ochiqdan ochiq dushmanlik maqsadi bilan olib borilmoqda», – dedi kuni kecha Sergey Lavrov.

NATOning Moskvadagi sobiq vakili Jon Lafning fikricha, bu muhokamalar biror natijaga olib kelishi dargumon: «Qaysidir ma’noda bu quruq tahdidlar. Yevropa ham, Kreml ham AQSh bunday missiyaning xavfsizligiga kafolat bermasligini tushunib turibdi».

Lafning fikricha, Kreml uchun yagona maqbul variant 2014–2022 yillarda Donbassda ishlagan YeXHT maxsus monitoring xizmati xodimlarini eslatuvchi kuzatuvchilarni yuborish bo‘lishi mumkin.

RAND eksperti Semuel Charap ham tinchlikparvar kuchlar g‘oyasini unchalik istiqbolli emas deb hisoblaydi – birinchi navbatda, Yevropa kontingentini yuborish maqsadi aniq emas.

«Agar ular Ukrainani himoya qilish uchun u yerda bo‘lsa, unda ular tinchlikparvar kuchlar emas», – deb tushuntiradi u. Agar tinchlikparvar kuchlarda bunday maqsad bo‘lmasa, unda bu Ukraina xavfsizligini qanday kafolatlashi ham tushunarsiz bo‘ladi.

Tutashuv chizig‘ida Xitoy harbiylari paydo bo‘lishi kutilmagan javob bo‘lishi mumkin edi – ehtimol, BMT mandati ostidagi kengroq missiya tarkibida.

Berlindagi Karnegi markazi xitoyshunosi Aleksandr Gabuyev BBC bilan suhbatda bu variant hozircha jiddiy va ochiq muhokama qilinmayotganini, biroq uning bir qator afzalliklari bo‘lishi mumkinligini aytadi.

Shunday qilib, mojaro tomonlarining hech biri Pekin bilan munosabatlarni buzishdan qo‘rqib, bu tinchlikparvarlarga hujum qilishga jur’at eta olmaydi. Bundan tashqari, shaxsan Si Jinpingning obro‘si urush qayta boshlanmasligiga bog‘liq bo‘ladi, uning o‘zi uchun bunday missiya Xitoyning Yevropa bilan munosabatlarini yaxshilash usuli bo‘lib xizmat qilishi ham mumkin.

«Murosa ikkala tomonni ham to‘liq qoniqtirmaydi, lekin ular u bilan yashashi mumkin», – deydi Gabuyev.

Yevropa yetakchilari Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga va’da bermoqda va qit’adagi xavfsizlik bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etish huquqiga ega ekanliklarini isbotlashga harakat qilmoqda. Lekin hozircha o‘zaro ham uzil-kesil kelisha olishmayapti.
Foto: Justin Tallis - WPA Pool/Getty Images

Charapning fikricha, xavfsizlikning haqiqiy kafolati 1975 yilda AQSh va Isroilning Misr bilan tinchlik muzokaralari paytidagi kelishuviga o‘xshash kelishuv bo‘lishi mumkin. O‘shanda Vashington o‘t ochishni to‘xtatishga erishishga yordam bergan va Qohira sulhni buzgudek bo‘lsa, Isroilga «vaziyatni to‘g‘rilash bo‘yicha choralar ko‘rish»ga va’da bergan.

BBC’ning Kremlga yaqin suhbatdoshi ham bu fikrga qo‘shiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday kelishuvlar Vladimir Putinni Yevropa qurolli kontingentining Ukrainada bo‘lishidan ko‘ra ko‘proq qoniqtirgan bo‘lardi. Uning eslatishicha, Kiyevga shunga o‘xshash kafolatlar 2022 yil bahoridagi Rossiya-Ukraina muzokaralarida ham muhokama qilingan (ularning natijasi Istanbul kommyunikesi bo‘lgan).

Ammo o‘shanda Ukraina kafolatchi sifatida ko‘rishni istagan davlatlar Rossiyaga qarshi urushga qo‘shilish uchun imzo qo‘yish istiqboliga ishtiyoq bildirmagan. Katta urushning uch yili davomida ularning pozitsiyasi o‘zgarganmi yoki yo‘qmi, aniq emas.

Volodimir Zelenskiy yaqinda Londonga tashrifi chog‘ida Ukraina xavfsizligining eng yaxshi kafolati «kuchli armiya» bo‘lishini aytdi. NATOning Moskvadagi sobiq vakili Jon Laf bu fikrga qo‘shiladi – uning so‘zlariga ko‘ra, tinchlikni saqlash uchun eng yaxshi tiyib turish vositasi Ukraina qurolli kuchlarini mustahkamlash va mudofaa chiziqlarini yaratish bo‘lib qolmoqda.

Rossiya rasmiylari, BBC manbasining so‘zlariga ko‘ra, hozirgi sharoitda sulh tuzish Ukraina uchun foydaliroq deb hisoblamoqda.
Foto: TETIANA DZHAFAROVA/AFP via Getty Images

Yevropa yetakchilari AQSh pozitsiyasidan qat’i nazar, Kiyevni harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga va’da bermoqda. Ammo bu kamida bosqin boshida Ukraina armiyasi sonini sezilarli darajada qisqartirishni talab qilgan va mamlakatni «demilitarizatsiya» qilishni asosiy maqsadlardan biri deb atagan Kremlni qoniqtiradimi yoki yo‘qmi, noma’lum.

Rossiya qanday murosalarga borishga tayyorligi masalasi ham ochiq qolmoqda. Vladimir Putin yaqinda urush ishtirokchilarining oila a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rossiya Ukrainada «o‘zinikini oldirmasligi»ni va’da qilgandi.

Donald Tramp Moskvaga yon bermasa, sanksiyalarni kuchaytirish bilan tahdid qilmoqda. Ammo Vashington Kremldan o‘t ochishni to‘xtatishdan tashqari qanday yon berishlarni kutayotgani noma’lum. Qisman bu yangi Amerika ma’muriyati Moskva bilan munosabatlardan nimani kutayotgani hozircha noma’lumligi bilan bog‘liq.

«AQShning maqsadi nima – Rossiya bilan munosabatlarni normallashtirish? Va bu holatda o‘t ochishni to‘xtatish ushbu maqsad yo‘lidagi bosqich sifatida qabul qilinishi kerakmi? – deb mulohaza yuritadi Sem Charap. – Yoki maqsad aynan harbiy harakatlarni to‘xtatish, munosabatlarni normallashtirish esa bu to‘xtatishga erishish yo‘limi? Biz bu savolga javobni shunchaki bilmaymiz».

Mavzuga oid