Jahon | 17:10
3679
6 daqiqa o‘qiladi

Shon-sharafning eng yuqori belgisi: Fransiyaning Faxriy Legion ordeni qanday mukofot?

Fransiyaga rasmiy tashrif bilan borgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiyaning oliy mukofoti – Faxriy Legion ordeni bilan taqdirlandi. Ushbu materialda ana shu mukofot haqidagi ma’lumotlarni taqdim etamiz.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan 11-13 mart kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. Oliy darajadagi muzokara va tadbirlar, Fransiyaning rasmiy va ishbilarmon doiralari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi. O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatildi.

Tadbirning yana bir muhim voqeasi O‘zbekiston prezidentining Fransiya oliy mukofoti – Faxriy Legion ordeni bilan taqdirlangani bo‘ldi.

Xo‘sh, bu qanday mukofot? U qachon ta’sis etilgan va kimlarga beriladi? Shu kabi savollarga javob izlab ko‘rdik.

Faxriy Legion ordeni

Faxriy Legion ordeni fransuz imperatori Napoleon Bonapart tomonidan ta’sis etilgan. 1802 yil 19 may kuni Davlat kengashi oliy mukofot haqidagi qonunni qabul qiladi.

Napoleon Bonapart Fransiyada yangi mukofot tizimini joriy qilib, harbiy va fuqarolik xizmatlarini taqdirlash maqsadini ko‘zlagandi.

Keyinchalik, 1815 yilda Napoleon taxtdan ag‘dariladi. Uning o‘rnini egallagan Lyudovik XVIII Faxriy Legion ordenini saqlab qoladi.

Faxriy Legion ordeni Fransiya fuqarolari bilan birgalikda xorijiy davlatlar fuqarolariga ham beriladi va u mamlakatning oliy mukofoti hisoblanadi.

Shuningdek, Fransiyada ushbu ordenning berilishi alohida xizmatlarning davlat darajasida e’tirof etilishi va shon-sharafning eng yuqori belgisi hisoblanadi.

Faxriy Legion ordeni Fransiya va xorijiy davlatlar fuqarolariga quyidagi xizmatlari uchun beriladi:

·       Fransiyaga katta foyda keltirgan shaxslar;

·       Qahramonlik va yuksak harbiy xizmatlari uchun harbiylar;

·       Ilm-fan, san’at, adabiyot va iqtisodiyot sohalarida katta yutuqlarga erishgan shaxslar va boshqalar.

Qoidaga ko‘ra Fransiya fuqarosi uzoq yillar davomida davlat xizmatida benuqson, xatolarga yo‘l qo‘ymay ishlasa va jiddiy muvaffaqiyatlarga erishsa, Faxriy Legion ordenini olishi mumkin. O‘shanda ham unga mukofotni berishni lozim topishsa va bir nechta bosqichlardan o‘tsa, albatta.

Ammo alohida qahramonlik ko‘rsatgan yoki unvoni yuqori bo‘lgan harbiylar, jiddiy muvaffaqiyatga erishgan boshqa shaxslar dastlabki bosqichlardan o‘tishi shart bo‘lmaydi va mamlakat rahbari lozim topsa, orden topshiriladi.

Faqat Fransiya prezidenti qoidadagi talablardan mustasno va davlat rahbari avtomatik tarzda Faxriy Legion ordeni sohibi bo‘ladi.

Faxriy Legion ordeni uch xil darajaga ega: kaveler, zobit, oliy zobit. Xorijliklarga asosan eng yuqori darajasi – oliy zobit oltin nishoni topshiriladi.

Shu paytgacha uni kimlar olgan?

Faxriy Legion ordeni ta’sis etilgandan boshlab shu paytgacha 200 yildan oshiqroq vaqt mobaynida 1 milliondan ortiq shaxsga berilgan.

Ular orasida Fransiya fuqarolari bilan birga juda ko‘plab xorijlik monarxlar, davlat rahbarlari, taniqli siyosatchilar, olimlar va boshqa soha vakillari bor. Shuningdek, bu mukofot ayrim shaharlarga ham berilgan.

Faxriy Legion ordeniga munosib ko‘rilgan taniqli shaxslar:

·       Abdulmajid I (Usmoniylar imperiyasi 31-sultoni)

·       Otto fon Bismark (Germaniyaning birinchi kansleri)

·       Uinston Cherchill (Britaniya bosh vaziri)

·       Charli Chaplin (Gollivud aktyori va rejissyori)

·       Konrad Adenauer (GFRning birinchi kansleri)

·       Ilhom Aliyev (Ozarboyjon prezidenti)

·       Boris Yelsin (Rossiya prezidenti)

·       Husni Muborak (Misr prezidenti)

·       Vladimir Putin (Rossiya prezidenti)

·       Muhammal ibn Zayd al-Nahayon (BAA prezidenti)

·       Nursulton Nazarboyev (Qozog‘iston prezidenti)

·       Jan-Pol Belmondo (Fransuz aktyori)

·       Zinedin Zidan (fransiyalik futbolchi)

·       Tiyeri Anri (fransiyalik futbolchi) va boshqalar.

Britaniya qirolichalari Viktoriya 1843 yilda, Mariya 1927 yilda, Yelizaveta 1938 yilda, Yelizaveta II 1948 yilda, Pokiston bosh vaziri Benazir Bxutto 1990 yilda, Germaniya kansleri Angela Merkel 2021 yilda Faxriy Legion ordenini olgan.

Endi Faxriy Legion ordenini olgan shaxslar ro‘yxatiga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham qo‘shildi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid