O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatildi
Yelisey saroyida Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron muzokara o‘tkazdi. Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida tarixiy qarorga keldi.

Davlat rahbarlari ko‘p qirrali O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalarini yuzma-yuz va delegatsiyalar ishtirokida atroflicha muhokama qildi.
Ikki mamlakat yetakchilarining 2023 yil noyabr oyida Samarqand shahrida o‘tgan uchrashuvi davomida erishilgan kelishuvlar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Turli darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda. O‘tgan yilda tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard yevrodan oshdi, qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paydi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiya-moliyaviy sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, Fransiyaning yetakchi kompaniya va korxonalari bilan kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga ustuvor ahamiyat qaratildi.
«Bu galgi sammitga yangi Innovatsiya va sanoat sherikligi dasturi tayyorlangan. Muhim mineral xomashyo resurslarini qazib olish va qayta ishlash, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 6,5 milliard yevrolik qo‘shma loyihalarni ilgari surish ko‘zda tutilgan. Umuman, qo‘shma loyihalar portfeli 12 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda», — deyiladi xabarda.
Shavkat Mirziyoyev uzoq muddatli kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston-Fransiya investitsiya kengashini ta’sis etish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yil iyun oyida Toshkent investitsiya forumi doirasida o‘tkazishni taklif etdi.
Hududlararo aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida kelgusi yilda Samarqand shahrida ikki mamlakat hududlarining birinchi forumini o‘tkazishga kelishib olindi.
Yetakchilar gumanitar yo‘nalishdagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi. Parij shahrida Savitskiy muzeyi to‘plamidagi avangard asarlar ko‘rgazmasini tashkil etish, madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha hamkorlik uchun O‘zbekistonda Fransiya merosi instituti vakolatxonasini ochish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Joriy yilda Toshkent shahrida Fransiyadan tajribali mutaxassislarni jalb qilgan holda O‘zbekiston-Fransiya universiteti ochilishi ta’lim sohasidagi asosiy kelishuv bo‘lgani ta’kidlandi. Fransuz tili o‘qituvchilarini tayyorlash sohasida ham samarali hamkorlik davom ettiriladi.
Ishbilarmonlik, turizm va madaniy almashinuvlarni faollashtirish maqsadida tomonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish masalasini ko‘rib chiqadilar.
«Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi. Ko‘p tomonlama tashkilotlar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, terrorizm, ekstremizm, radikalizm, kiberjinoyatchilik va xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa zamonaviy xatarlarga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhim ekani ta’kidlandi», — deyiladi xabarda.
Tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirish maqsadida tashqi ishlar vazirliklari boshchiligida iqtisodiy idoralarni jalb qilgan holda Strategik rejalashtirish guruhini tuzishga kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida tarixiy qarorga keldi.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Emmanuel Makronni o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.
Mavzuga oid

00:29
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Fransiya investitsiya kengashini ta’sis etishni taklif qildi

22:40 / 12.03.2025
O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi

20:12 / 12.03.2025
Parijda O‘zbekiston prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi - foto

14:46 / 12.03.2025