Jahon | 17:26 / 11.03.2025
2464
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh ma’muriyati migrantlarni «o‘z-o‘zini deportatsiya qiluvchi» ilovani ishga tushirdi

AQSh bojxona va chegara xizmati (CBP) tomonidan ishlab chiqilgan CBP Home ilovasi migrantlarga mamlakatni tark etish «niyatini» e’lon qilish imkoniyatini beradi.

Foto: Getty images

Tramp ma’muriyati Qo‘shma Shtatlardagi noqonuniy migrantlarga «o‘z-o‘zini deportatsiya qilish» imkonini beruvchi mobil ilovani taqdim etdi. Agar noqonuniy migrant undan foydalansa, hibsga olinmaydi, deb xabar berdi «Voice of America».

AQSh bojxona va chegara xizmati (CBP) tomonidan ishlab chiqilgan CBP Home ilovasi migrantlarga mamlakatni tark etish «niyatini» e’lon qilish imkoniyatini beradi.

«CBP Home ilovasi xorijliklarga o‘zini-o‘zi deportatsiya qilish orqali hoziroq ketish imkoniyatini beradi, shunda ular kelajakda qonuniy yo‘l bilan qaytishi va Amerika orzusiga erishishi mumkin», dedi Milliy xavfsizlik vaziri Kristi Noem. «Agar ular buni qilmasalar, biz ularni topamiz, deportatsiya qilamiz va ular hech qachon qaytib kelmaydi», deb qo‘shimcha qildi u.

CBP Home ilovasi Jo Bayden davrida chiqarilgan CBP One ilovasi o‘rnini egalladi. Eski ilovada Meksika orqali kelayotgan migrantlarga chegara punkti orqali kirish uchun suhbatga yozilish imkonini beruvchi xususiyat mavjud edi.

Tramp lavozimga kirishganidan bir necha soat o‘tib CBP One ilovasini yopdi. Migrantlar uchun rejalashtirilgan barcha suhbatlar bekor qilindi.

Mavzuga oid