O‘zbekiston | 14:29
5261
8 daqiqa o‘qiladi

“Chigit ekish muddatini majburan belgilab berish noto‘g‘ri” - mutaxassislar

Ob-havo va qishloq xo‘jaligi mavzusidagi turkum ko‘rsatuvlarning uchinchisida mutaxassislar meteorologik prognozlarni dehqonlarga yetkazish tizimi hamon mavjud emasligi, agrotadbirlar o‘tkazish kunlari hanuzgacha ma’muriy buyruqbozlik bilan belgilanayotgani, xitoy chigitlarining o‘ziga xosliklari kabi masalalarda so‘z yuritishdi.

Shokir Sharipov, jurnalist: Kamoliddin, oxirgi ko‘rsatuvimizdan keyin nimalar o‘zgardi, dehqonlar nima bilan mashg‘ul, qanday savollar kelib tushdi?

Kamoliddin Ikromov, Agrobiznes assotsiatsiyasi rahbari: Dehqon va fermerlar bir savol oldida turibdi: "shu kunlarda chigitni eksa bo‘ladimi, bo‘lmaydimi?" Hozir ekish usullari ikkiga bo‘lingan – an’anaviy va Xitoy uslubida – plyonka ostida. Ob-havoga moslashish masalasida ko‘proq savollar kelib tushyapti. Birinchi o‘rinda savol: ochiq dalada va plyonka ostida chigit ekishda ob-havo qanaqa bo‘lishi kerak?

Dilshod G‘ofurov, Paxtachilik instituti katta mutaxassisi: Chigitning chiqishi uchun, asosan, tuproqning o‘n-o‘n santimetr chuqurligidagi harorat muhim hisoblanadi. Tuproq harorati 12-14 daraja bo‘lganidan keyin chigit ekilishi tavsiya qilinadi. Qoraqalpog‘iston va Andijon sharoitida tuproq harorati boshqa-boshqa bo‘ladi.

Kamoliddin Ikromov: Bir gektar ekish xarajati gektariga kamida bir yarim million so‘m. Bugungi kunda paxta ekilishi juda erta bo‘lib ketmasmikin? Dehqon xarajatiga kuyib qolmaydimi?

Dilshod G‘ofurov: Paxta ekish muddati masalasi birinchidan, yilning kelishiga, ikkinchidan, hududga, uchinchidan, qanaqa agrotexnologiya asosida ekmoqchiligimizga bog‘liq. Agar odatiy, ya’ni o‘zimizning an’anaviy usulda ekmoqchi bo‘lsak, aprel kelmasdan paxta ekishga qulay bo‘lmaydi, chunki tuproq harorati 14 darajadan yuqori bo‘lishi kerak. Mart oyi odatiy usulda ekish uchun qulay emas.

Xitoy texnologiyasi, ya’ni plyonka ostida ekish bilan bo‘lsa, mart oyida ham ekish mumkin. 10-15 mart kuni bemalol ekish mumkin, lekin bu yilgi holat istisno. Nima uchun? Mart boshida sovuq kunlar bo‘ldi, qorlar tushdi, hali ham ta’siri bor. Shu narsani hisobga olib, biroz kechiktirish maqsadga muvofiq.

Shokir Sharipov: Men hozir sizlarni xavotir bilan eshityapman, hozir nima, fermer majburlanyaptimi ertaroq ekishga?

Kamoliddin Ikromov: Ekish kampaniyasi boshlangandan keyin, bir odam boshlagandan keyin, qolganlar ham shunga qarab intiladi, ya’ni ekishni boshlab yuboradi. Domino o‘yiniga o‘xshab boshlanib ketadi.

Erkin Abdulahatov, iqlimshunos: Janubiy hududlarimizda ekish muddatlari yigirmanchi martdan keyin, o‘rtacha ko‘p yillik me’yor bo‘yicha bo‘ladi va u markazga nisbatan birinchi apreldan keyin, vodiy viloyatlarida yana ham kechroq. Bu o‘rtachalashtirilgan muddat, O‘zgidrometning o‘zi ham mart oyi uchun o‘rtacha me’yoriy qiymatdagi kutilmalarni e’lon qildi. Bu demak, o‘z-o‘zidan mana shu muddatlarda ekilishi kerakligini anglatadi. Ammo chigit ekish uchun harorat kerakli darajada bo‘lishi kerak. O‘rtacha sutkalik harorat, tuproq xarakteristikasi, yuqori namlik...

Shu asoslarda kerakli prognozlar berilmasa, O‘zgidromet agrometeorologik bo‘limining, budjet tashkilotining nima keragi bor?. Kechikmasdan ekish ham bor. Bu yerda urug‘ vaqtida unib chiqishiga e’tibor berilishi kerak. Masalan, harorat yigirma besh darajaga ko‘tarilib, ketma-ket besh kun shunday bo‘lsa, chigit olti-yetti kunda unib chiqadi. Agar yomg‘ir tinimsiz yog‘averadigan bo‘lsa, o‘n kundan o‘n besh kungacha cho‘zilib ketishi mumkin, bu yaxshi emas, chunki chigitning bir qismi yo‘qoladi yoki ziyon ko‘radi. Ba’zi hollarda esa qayta ekishga to‘g‘ri kelib qoladi. Shu sababli ekish muddatini to‘g‘ri belgilash va prognoz qilish juda muhim.

Hozirgi kunda bu muammo emas, chunki bu sohada ilmiy xodimlar bor, ilmiy ishlar qilishmoqda. Bu sohada tizim yaratilgan. Bu butun dunyo uchun yangilik emas. Shuningdek, O‘zbekiston ilmiy sohasi uchun ham yangilik emas. Har bir hududda ekish muddatini belgilash har bir o‘simlik uchun muhim.

Siz to‘g‘ri savol berdingiz "ertaroq ekishga majburlanyaptimi?" deb. Menimcha, shunday bo‘lyapti. Ochiq dalalarda ekish muddatini belgilashdi agar ishlar shu “mexanizm” bo‘yicha bo‘ladigan bo‘lsa,  bu fermerlar ustidan kulish bo‘ladi.

Oddiy bodom gullashiga qarab dehqonlarimiz yerga urug‘ qadab, bahoriy ishlarini boshlashgan. Shoshmashosharlik bilan ish qilish yaramaydi. Men hozir bu yerda O‘zgidromet rolini ko‘rmayapman. Bu juda ham yomon, yana o‘sha qo‘l boshqaruvi bo‘lyaptimi deyman? Yoki avantyur qarashlar.

Kamoliddin Ikromov: Yig‘ilishimizning asosiy muddaosi ham shu – ko‘p hududlarda qayta ekishlariga sabab bo‘lgan bu holat. Kech yoki erta ekish, noto‘g‘ri ekish, “rejalashtirish” asosida ekish sabab juda ham ko‘plab fermerlarimiz qayta ekishga majbur bo‘lgan.

Erkin Abdulahatov: To‘rtta shart bajarilishi kerak ekish uchun:

  • 10 santimetr chuqurlikdagi tuproq harorati 10 darajadan yuqori bo‘lishi kerak. 
  • O‘rtacha sutkalik harorat 3-4 kun isib berishi kerak.
  • Havo harorati 11 darajadan yuqori bo‘lishi kerak va kutilayotgan o‘n kunlikda sovuq kutilmalar bo‘lmasligi kerak.
  • Namlik ham 60-80 foiz bo‘lishi kerak.

Shokir Sharipov: Hozir har kimning qo‘lida smartfon bo‘lsa, dehqon bilan muloqot qilib, to‘g‘ri tavsiyalar taklif qilish mumkin. Sun’iy intellektni ulab qo‘ysa bo‘ladi...  

Erkin Abdulahatov: Oddiy datchiklar ham mavjud. Agar siz stansiyaga ishonmasangiz, o‘zingiz mustaqil qaror chiqarib, zarar ko‘rmasligingiz mumkin. Bu nafaqat chigitda, balki boshqa ekinlar ham optimal ekish shartlari doirasida ekilsa, talafotsiz, muammosiz urug‘ undirish mumkin.

Kamoliddin Ikromov: Umumiy savol: dehqon zarar ko‘rmasligi uchun nimalar qilishi kerak bo‘ladi?

Dilshod G‘ofurov: “Chigitni plyonka ostiga ekish shartmi?” degan savolga vaziyatdan kelib chiqib javob berish kerak.

Kamoliddin Ikromov: Hozir kooperativlar salgina rivojlanib, ba’zi fermerlar tolaning farqiga ahamiyat bera boshladi. “Buxoro” navini eksak qimmatroq sotar ekanmiz” deb masalan. Ammo aksar fermerlarga buning farqi yo‘q: tosh bosishi muhim.

Dilshod G‘ofurov: Shunday. Faoliyat faqat tonnaga yo‘naltirilgan.

Kamoliddin Ikromov: Foydani fermer ko‘rayotgani yo‘q, qayta ishlovchilarimiz, birinchi o‘rinda klasterlarimiz foyda ko‘rmoqda.

Xurshid To‘raqulov, Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti katta ilmiy xodimi: Xitoyda ko‘p o‘rganishlar qildim. Xitoy fermerining eng katta yutug‘i – xarid narxi: bir kilo paxta narxi –  1 dollar. Ikkinchisi – fermer juda erkin, hokimini hatto tanimaydi. Shuning orqasidan Xitoy paxtachiligi rivojlanib ketdi. Paxta rejasini ham fermerning o‘zi belgilaydi.

Shokir Sharipov suhbatlashdi. 

Mavzuga oid